34

34

Alisher Davronov

Qaffol ash-Shoshiy (904-976)

Chop etilgan


13.01.2020Muallif


Ziyouz.uz

Toshkent — o‘rta asr arab manbalarida esa Shosh — tarix jarayonida ko‘plab shoir va adiblar, allomalar, riyozat va tabobat ahillarini yetishtirgan. Ana shunday allomalardan biri Qaffol ash-Shoshiydir.

Qaffol ash-Shoshiyning to‘la ismi Abu Bakr ibn Ali Ismoil Qaffol ash-Shoshiy bo‘lib, arab manbalarida uning hurmatini bajo keltirish uchun nomiga katta, ulug‘ yo muhtaram ma’nosini ifodalaydigan «al-Kabir» so‘zini qo‘shib yozadilar. Bu bilan o‘tmishdoshlarimiz Qaffol ash-Shoshiyga nisbatan buyuk ehtiromni ifoda etganlar.

Qaffol ash-Shoshiy hunarmand oilada dunyoga kelgan ko‘rinadi. Shu sababdan «Qaffol» — qulfsoz deb mashhur bo‘lgan.

Qaffol ash-Shoshiy asli qulfsoz usta bo‘lib, kichik va nozik qulflar yasaydigan, qo‘li gul kishi bo‘lgan.

Ash-Shoshiy dastlabki ta’limni o‘z yurtida, keyinchalik Markaziy Osiyoda mavjud ma’rifat o‘choqlaridan oladi. Samarqand, Buxoro, Termiz kabi shaharlarni kezadi. Bu yerlarda undan sal oldinroq o‘tgan va anchagina meros qoldirgan Imom Ismoil al-Buxoriy (810—870), Abu Iso Muhammad at-Termiziy (824—892) kabi yirik mutafakkir olimlar merosi bilan tanishadi, ulardan bahramand bo‘ladi. U birmuncha vaqt Samarqandda yashab, u yerda ta’lim oldi. Qaffol ash-Shoshiy qattiq kirishib fiqhshunoslikni o‘rganadi. Zero bu fan musulmon Sharq o‘lkalarida juda keng tarqalgan va ijtimoiy hayotda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bu fanni egallagan kishilar hamma joyda qadrlanar, ularga zarurat ham katta, chunki ijtimoiy hayotda qonunshunoslikka talab katta bo‘lib turishi tabiiy edi. Qaffol ash-Shoshiy fiqh ilmini egallash bilan birga fikr doirasi o‘ta keng, falsafa, mantiq, adabiyot sohalarini ham puxta egallagan, bu sohalarda eng bilimdonlar bilan munozara qila oladigan qudratga ega bo‘lgan bir zot edi.

Qaffol ash-Shoshiy maqbarasi. Toshkent

Qaffol ash-Shoshiy doimo ilm-ma’rifat istagida qo‘nim topmay, bir o‘lkadan ikkinchisiga — ilm chashmalaridan bahramand bo‘lish niyatida Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarini kezadi, Hijoz, Bag‘dod, Damashq kabi shaharlarga boradi, u yerlarda zamonasining ko‘zga ko‘ringan olimlaridan ilm-ma’rifat o‘rganadi.

Qaffol ash-Shoshiyning ta’lim olgan ustozlariga qarab ham uning bilimi, qanday fanlarni o‘rganganligini bilish mumkin. Manbalarning ko‘rsatishicha, Qaffol ash-Shoshiyning qonunshunoslik va tarix sohasidagi ustozi mashhur olim at-Tabariy (839— 923) edi. Ma’lum bo‘lishicha, Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir at-Tabariy Musulmon Sharq mamlakatlarining eng yirik tarixchisi bo‘lib, ko‘p jildlik asarlar muallifi edi.

Qaffol ash-Shoshiyning ikkinchi yirik ustozi Abul-Hasan Ali ibn Abu Muso al-Ash’ariy (873—941) edi. Bu kishi Sharqda kalomchilar oqimining asoschisi bo‘lib, bu sohada anchagina asarlar yozgan edi. Al-Ash’ariy aslida islom falsafasida mashhur bo‘lgan ash’ariya oqimi asoschisi sanaladi. Tojiddin Abu Nasr Abdulvahhod as-Subkiyning (tug‘ilgan yili 1327) xabar berishicha, «Qaffol ash-Shoshiy olim al-Ash’ariydan kalom ilmini o‘rganar va o‘z navbatida al-Ash’ariy undan qonunshunoslik sohasini o‘rganar ekan».

Arab olimi va bibliografi ibn Xallikon (1211—1282) o‘zining «Vafoyot al-a’yon» («Ulug‘ kishilar vafoti») degan asarida Qaffol ash-Shoshiy haqida to‘xtab shularni yozadi: «Qaffol ash-Shoshiy hadis ilmini bilgan, tilshunos, shoir odam edi. O‘sha vaqtda Movarounnarhrda u kishiga teng keladigan olim yo‘q edi. Bu kishi Xuroson, Iroq, Hijoz, Shom (Suriya) va boshqa o‘lkalarga sayohat qilib, hamma yerda ham nom taratdi… u kishining ko‘p asarlari bo‘lgan».

Qaffol ash-Shoshiy qonunshunoslik, mantiq kabi sohalarga oid asar yozgan. Uning «Odob al-qozi» («Qozining fe’l-atvori»), «Odob al-bahs» («Bahs odobi») degan ta’lifi bo‘lib, arab tilidagi she’rlari ma’lum. Bu xususda yuqorida zikr qilingan arab olimi ibn Xallikon yozadi: «Qonunshunoslardan dastlab otilib chiqib «Husni jadal» («Dialektika go‘zalligi») degan asar yozgan kishi ham shu Qaffol ash-Shoshiy edi».

Qaffol ash-Shoshiy yaxshi shoir ham bo‘lib, o‘z she’rlarini arab tilida yozgan. Ammo uning she’riy ijodi davrimizgacha yetib kelmagan, faqatgina as-Subhiyning «Tabaqat ash-Shofiiyya» («Shofiiyya mazhabi darajalari») degan kitobda uning she’rlaridan parchalar saqlanib qolgan. Uning o‘sha she’rlarida shunday satrlar ham bor:

«Kimki uyimga mehmon bo‘lib keladigan bo‘lsa, dasturxonim doimo uning uchun yozilgan bo‘ladi. Kimki mening dasturxonimdan biror narsa yesa, (bilsinki) undagi barcha noz-ne’mat peshona terim bilan topilgan, (ya’ni) halol bo‘ladi.

Biz bor-budimizni mehmon oldiga qo‘yamiz. Bordiyu (qo‘yishga) narsa topolmasak, u holda sabzavot bilan sirka qo‘yamiz. Shunda beg‘araz, ko‘ngli ochiq odam bo‘lsa, u bunga rozi bo‘lib ko‘nadi; bordiyu baxil bo‘lsa, u holda uni men tuzata olmayman «.

Qaffol ash-Shoshiyning qonunshunoslikka doir asari davr taqozosiga ko‘ra islom tarqalgan mamlakatlarda keng ko‘lamda yoyildi.

Qaffol ash-Shoshiyning qalamiga mansub bo‘lgan she’rlar as-Subkiy asariga kirib qolgan. Bu parchadan ma’lum bo‘lishicha, Vizantiya imperatori bilan arab xalifasi o‘rtasida janjalli yozishmalar bo‘ladi. Bu yozishmalarda Vizantiya imperatori arab xalifaligiga do‘q va po‘pisa bilan murojaat qilib, bir vaqtlar uning yerlari bo‘lgan, hozir esa Bag‘dod xalifasi egallab turgan o‘lkalarni tinchlik bilan, osonlikcha ularga qaytarib berishni talab qiladi. Vizantiya hukmdorlari maktubni balandparvoz chiqishi uchun uni arab tilida she’r bilan bitadilar. She’r hoshimiylar xonadonidan bo‘lmish hukmron xalifaga deb atalgan. Maktubda shunday satrlar ham bor:

«Biz sherdek otilib chiqib, o‘z yerlarimizni egalladik. Damashq o‘lkasi esa ota-bobolarimiz maskani edi, biz bu diyor mol-mulkiga ega bo‘lamiz, Misrni ham qilichimiz tig‘i bilan egallaymiz. Hijoz, Bag‘dod, Sheroz, Ray, Xuroson, Quddus, Sharqu G‘arb hammasini egallaymiz» deb xalifa va uning sarkardalariga dag‘dag‘a soladi, ularni ayyorlik bilan qo‘rqitmoqchi va nihoyat ularni osonlikcha qo‘lga kiritmoqchi bo‘ladi. Xuddi mana shu voqealar bo‘lgan kezda Qaffol ash-Shoshiy Bag‘dod shahrida bo‘ladi. U xalifalikda iqtidori zo‘r olim, saroy a’yonlari o‘rtasida yaxshigina qonunshunos, zabardast shoir sifatida tanilgan edi. Shu sababdan Vizantiya hukmdorining lashkarboshisi Tag‘fur (arab manbalarida Takfur) xatiga javob yozishni xalifalik nomidan Qaffol ash-Shoshiyga topshiriladi. Bu ham alloma ash-Shoshiyga nisbatan katta ehtirom edi.

Qaffol ash-Shoshiy maktubni o‘qib ko‘rib, o‘sha maktub yozilgan she’r vaznida va o‘sha tarzdagi qofiyada Tag‘fur nomiga arab tilida javob she’rini yozadi. Vizantiyaliklarga mana shu ash-Shoshiy yozgan javob xatining yetmish to‘rt bayti (148 yo‘li) yuqorida zikr qilingan Tojiddin as-Subkiyning «Tabaqat ash-Shofiiyya» asari ichida saqlanib qolgan. As-Subkiyning yozishicha, vizantiyaliklar, xususan, uning lashkarboshisi Tag‘fur ash-Shoshiyning bu javob she’rini o‘qib, dahshatga tushadi. So‘ng lashkarboshilar bundan taajjubga tushib, bir-birlaridan so‘rashibdi:

— Bu javobni yozgan kishi kim bo‘ldi ekan, u qaysi yurtdan ekan, xalifalikda biz bunday iste’dodli zot borligini bilmas edik-ku?

Xullas Vizantiya lashkarboshilarini Qaffol ash-Shoshiyning diplomatiya tarzida yozilgan javob maktubi esankiratib qo‘yadi. Voqeaning nima bilan tugashining bugungi kunda ahamiyati yo‘q, lekin bu birgina misol orqali Qaffol ash-Shoshiyning zabardast davlat arbobi, hozirjavob shoir ekanligi ma’lum bo‘ladi.

Qaffol ash-Shoshiy shunday ulug‘vor va dovyurak shoir, ajoyib bir shaxs bo‘lgan. Afsuski, uning adiblik, shoirlik, tilshunoslik, mantiqshunoslik faoliyati bilan deyarli hech kim shug‘ullanmadi, uning jadal dialektikaga oid asari ham o‘rganilgan emas.

Manbalarning ko‘rsatishicha, bag‘dodlik Xo‘ja Muhammad Nomiy degan olim Qaffol ash-Shoshiy qo‘lida o‘qigan, natijada u bilan qalin do‘st bo‘lib qolgan ekan. Shu kishi o‘z oilasi bilan birga ash-Shoshiyga ergashib Toshkentga kelgan, umrining oxirigacha shu yerda qolib ketgan. Qaffol ash-Shoshiy 976 yili Toshkentda vafot etgan va shu yerda dafn etilgan. Hozir Toshkentning xalq orasida «Hastimom» deb ataladigan joy shu mo‘tabar zotga nisbatan aytiladigan nom «Hazrati imom»ning qisqargani bo‘ladi. Aslida bu joyning nomi Hazrati Imom Qaffol ash-Shoshiydir. U kishining qabrlari tegrasida Toshkentda mashhur bo‘lgan mo‘tabar zotlar dafn etilgan.

Qaffol ash-Shoshiy maqbarasi Toshkentning eng eski, ko‘zga ko‘ringan tabarruk bir qadamjosi sanaladi.


Report Page