ᅠᅠ

ᅠᅠ

Marhamah Study

PAMPERS IXTIROCHISI!
Hozirgi vaqtda farzandlik bo‘lgan yosh oilalar bolalarning tagliklarini almashtirish, yuvish va tezroq quritish muammolariga duch kelmaydilar. Buning uchun ular Pampers tagliklarini ixtiro qilgan Amerikalik kimyogar Viktor Milssga rahmat deyishlari kerak.
Viktor Mills 1897 yil 28 mart kuni Amerikaning Nebraska shtatida fermerlari oilasida tug‘ilgan. 1926 yil Vashington Universitetini kimyogar mutaxassisligi bo‘yicha tugatgan. O‘qishni tugatganidan so‘ng Sinsinnatiga kelib Procter & Gamble kompaniyasiga ishga kirdi va kompaniyada sovunning yangi turlarini yaratish bilan shug‘ullandi. 1930 yilda yangi qurilgan uyiga xotini Greys va yolg‘iz qizi Mell bilan ko‘chib o‘tdi. Ikkinchi jahon urushi davrida sintetik kauchuk ishlab chiqarish bilan shug‘ullandi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Viktor Mills Procter & Gamble kompaniyasida tadqiqot bo‘limiga rahbar etib tayinlandi.
Ishdan bo‘sh vaqtlarida Mills nevarasiga qarab turar edi. U nevarasi ho‘l qilib qo‘ygan tagliklarni almashtirishga, yuvishga va quritishga majbur bo‘lgan. Albatta bu ishlar Viktorga malol kelgan. Shunday kunlarning birida unga bir martalik tagliklarni yaratish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Mills hamkasblari bilan yaratgan bir martalik tagliklarning ilk nusxalarini o‘z nevarasida sinab ko‘rdi. Keyingi nusxalari  Dallasda istiqomat qiluvchi bir necha oilalarga sinovdan o‘tkazib o‘z fikrlarini bildirish uchun tarqatildi. Shuni taʼkidlash kerakki Viktor Millsning g‘oyasi juda dolzarb edi, chunki o‘sha davrda AQSHda bir yilda taxminan 3 million bola tug‘ilgan. Ammo, bu g‘oyani hayotda tatbiq etish davrida baʼzi bir to‘siqlar paydo bo‘ldi.   Dallasdagi oilalarga bir martalik tagliklarni sinovdan o‘tkazish uchun yoz faslida havo harorati 30 gradus issiqdan yuqori bo‘lgan vaqtda tarqatilgan edi. Dastlabki sinovdan o‘tkazilgan tagliklarni yaratishda  plastikdan foydalanilgan, shuning uchun ham yosh bolalar bezovta bo‘lgan va tanasida yaralar paydo bo‘lgan. Bu xolat ota-onalarni noroziligiga sabab bo‘lgan. Millsni bir martalik tagliklarni yaratish g‘oyasi «tug‘ilmasdan ko‘milishi» mumkin bo‘lib qoldi. Ammo, faylasuf aytganidek «salbiy natija ham natija». Mills o‘z xato va kamchiligini tezda tushundi va hamkasblari bilan mahsuloti yaratishda plastikdan voz kechib, tagliklarni ko‘proq nam so‘rib oluvchi  yumshoq matodan ishlab chiqarishdi.
1959 yilda yangi yaratilgan bir martalik tagliklarning 37 ming donasi sinovdan o‘tkazish uchun Nyu-Yorkda istiqomat qiluvchi yosh oilalarga tarqatildi. Sinovda ishtirok etgan ota- onalarning uchdan ikki qismi Procter & Gamble kompaniyasi ishlab chiqargan mahsulotiga ijobiy baho berdi. Bu birinchi g‘alaba edi. Bu mahsulotga Pampers nomi berildi.
Nima uchun Pampers?
Tagliklarni Pampers deb nomlash tashabbusi Benton&Boulz agentligining direktori Alfred Goldmanga tegishlik. Goldman Procter va Gamble (kompaniya nomi va taʼsischilarning familiyasi) va Diapers (ingliz tilida “taglik”) so‘zlaridan bir necha harflar olib Pampers nomini keltirib chiqardi. (Inglizcha pamper -erkalash). 1961 yildan boshlab Amerika do‘konlarining peshtaxtasida yangi mahsulot- Pampers paydo bo‘ldi. Procter&Gamble kompaniyasi Pampers ishlab chiqaruvchi korxonalarining quvvatini yildan- yilga oshirib kelmoqda. Kompaniya o‘z mahsulotini foydalanuvchilar uchun qulay bo‘lishi uchun tinmasdan harakat qilmoqda.
Pampers reklamasini har qadamda; televideniyada, gazeta va jurnal sahifalarida, do‘kon va dorixona peshtaxtalarida uchratish mumkin. Pampers reklamaga muhtoj bo‘lmasa ham, bu yo‘nalishga xar yili milliard dollarlar sarf qilinadi. “Pampers” so‘zi “taglik” so‘zini leksikondan chiqarib yubordi. Hozirgi vaqtda raqobat kuchayganiga qaramasdan Pampers peshqadamlikni qo‘ldan chiqarmay millionlab ota-onalarning yordamchisi bo‘lib kelmoqda.
Forbes nashrining maʼlumotiga ko‘ra Procter & Gamble kompaniyasiga tegishli Pampers eng ko‘p foyda olib keluvchi brend hisoblanadi. Uning narxi 1,1 milliard dollardan ko‘p. Yiliga 10 milliard dollarlik mahsulot sotiladi. Pampers yuzdan ortiq davlatlarda sotiladi.
Viktor Millsni xobbisi.
Pampers mahsulotlarining yaratilishi va ishlab chiqarilishiga katta hissa qo‘shgan Viktor Millsning nafaqaga chiqqanidan keyin o‘z hovlisida har xil o‘simliklar ayniqsa kaktuslar yetishtirish bilan shug‘ullandi. Xotini Greys Riggs bilan dunyo bo‘ylab sayohatlar qildi. Viktor Mills 100 yil umr ko‘rib 1997 yili vafot etdi.
60 yillik tarixga ega Pampers mahsulotining muvaffaqiyat tarixi ko‘pgina kompaniyalarga namuna bo‘lib kelmoqda.Hikoyamizdan ko‘rinib turibdiki muvaffaqiyatga erishish uchun zarur g‘oya, aniq yo‘nalish va harakat kerak. 
«Pampers-farzandingiz nimani xohlashini biladi»
Manba: go.mail.ru

Report Page