SamDUning afg‘onistonlik talabalari ilk marotaba magistrlik ishlarini yoqladilar

SamDUning afg‘onistonlik talabalari ilk marotaba magistrlik ishlarini yoqladilar

t.me/Talabalar_kanali

Ilm – insonni ulug‘lovchi, sarhad bilmas nur kabidir. Bu nur ilmga tashna qalblarni tafakkur tomchilari ila charog‘on, bu yo‘lda fidoiy bo‘lganlarni esa shodon etmoqlikdan sira ham tolmaydi. Yurtimizda ta’limga bo‘lgan e’tibor kundan-kunga kuchaymoqda. Buning samarasi o‘laroq, bugun ilm ziyosidan bahramand bo‘lgan ilmi toliblar ichida ko‘plar qatori afg‘on yoshlari ham bor!

Samarqand davlat universiteti Filologiya fakultetida tahsil olgan afg‘onistonlik talabalar ilk marotaba o‘zlarining magistrlik ishlarini himoya qildilar. Quvonarlisi shundaki, magistrantlar mamlakatimizning qardosh xalqlar taqdiriga bo‘lgan e’tibori, ularning yashashlari va ilm olishlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratib berganidan minnatdorlik hissini tuymoqdalar. 

“O‘zbek va afg‘on xalqlari azaldan qardosh xalqlar hisoblanib, birgalikda hayot kechirganlar. Ularning turmush tarzi, tili, madaniyati va qadriyatlarida ham o‘xshashliklar mavjud. Bugungi kunda Afg‘onistonda yuz berayotgan urush va nizolar natijasida ularning xalqi birmuncha qiyinchiliklarga duch keldi. Ta’kidlash joizki, bundayin sinovli kunlarda afg‘on xalqining farovon yashashi uchun zamin yaratishda yurtimiz ham har tomonlama tirgak bo‘lmoqda. 

Bugun ko‘pchilik oldida o‘z ilmiy ishlarini yoqlagan afg‘onistonlik tengdoshlarimizning ko‘zlaridagi quvonchni ko‘rib, shundayin bag‘rikeng yurt farzandi ekanligimdan yana bir bor faxrlandim. Darhaqiqat, ular bugun bir necha yillar yuraklarining tub-tubida asrab qo‘ygan niyatlari ro‘yobiga erishdilar. Xalqimizdan minnatdor ekanliklarini, bu yerda olgan bilimlari bilan Afg‘onistonda istiqomat qilib kelayotgan o‘zbeklarga ta’lim berishlarini, afg‘on tuprog‘ida unib-o‘sayotgan o‘zbek farzandlari o‘z ona tilining boy xazinasidan bahramand bo‘lishlari mumkinligini o‘zbek tilida zavq bilan so‘zlab berdilar. O‘zbekistonda tahsil olib, bu bilimlardan o‘zlari uchun zarur xulosalarni olgan afg‘on yoshlarining bir maqsad tomon, u ham bo‘lsa,ilmning sharafli va mas’uliyatli yo‘llariga bosgan qadamlari hayrli bo‘lishini tilab qolaman. O‘z bilimi va tafakkuri bilan yuksak marralarni ko‘zlayotgan afg‘onistonliklarni yana Samarqand davlat universitetiga chorlab qolamiz!” – deya Samarqand davlat universiteti yoshlar yetakchisi A.Norboyev tadbir taassurotlari haqida so‘zlab berdi.

Ilmiy ish taqdimotini bir chetdan kuzatib turar ekanman, atrofdagi insonlarning quvonchiga sherik bo‘lishlikning o‘zi bir quvonch ekanligini his qildim. Tadbir so‘ngida afg‘onistonlik talabalar ularga ta’lim bergan Samarqand davlat universitetining professor-o‘qituvchilariga minnatdorchilik ramzi sifatida afg‘on milliy liboslarini hadya etdilar. Ushbu ilmiy ish taqdimoti muvaffaqiyatli yoqlanibgina qolmay,ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari mustahkam ekanligining yaqqol namunasi sifatida o‘z yakuniga yetdi. Ishonamizki, ushbu 600 yillik qutlug‘ dargohda bundayin tadbirlar hali ko‘p yillar davom etadi!


Gulnora Tuxtayeva, SamDU 1-kurs talabasi, Yoshlar ittifoqi faoli.



Report Page