“IQTIDORINGNI NAMOYON ET” KO‘RIK-TANLOVI O‘TKAZILADI

“IQTIDORINGNI NAMOYON ET” KO‘RIK-TANLOVI O‘TKAZILADI


Bu haqda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘tazilgan onlayn yig‘ilishda ma’lumot berildi

  Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Ozod Jangirov rahbarligida tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarining ma’naviy axloqiy tarbiya shoʻba rahbarlari ishtirokida onlayn yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda umumta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, o‘quvchilarning mustahkam bilim olishi va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish, bu borada kelgusida tashkil qilinadigan uch bosqichli “Iqtidoringni namoyon et” ko‘rik-tanloviga tayyorgarlik ko‘rish masalalari haqida so‘z yuritildi.

 Viloyat prokuraturasi, xalq ta’limi, moliya, yoshlar ishlari agentligi boshqarmalari va Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashining 2021-yil 1-apreldagi qo‘shma qororiga muvofiq, maktab o‘quvchilari o‘rtasida uch bosqichli “Iqtidoringni namoyon et” ko‘rik-tanlovi tashkil etiladi. O‘quvchilarning bilim olishi va iqtidorini rivojlantirish, ajdodlarimiz boy merosini puxta o‘rganishiga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirish, bo‘sh vaqtdan unumli foydalanishini tashkil qilish, qonunlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbuslarini izchil hayotga tatbiq etish maqsadida o‘tkazilayotgan ushbu ko‘rik-tanlov “Eng yaxshi kitobxon”, “Buyuk ajdodlarimizning munosib vorisi” va “Yosh huquqshunos” yo‘nalishlarida bo‘lib o‘tadi. Uning maktab, tuman (shahar) va viloyat bosqichlari o‘tkazilib, ichki ishlar organlarining profilaktik nazoratida bo‘lgan, bilim o‘zlashtirishida kamchiliklar kuzatilgan 7-9-sinf o‘quvchilari o‘z iqtidorlarini belgilangan nizom taablari asosida sinovdan o‘tkazadi.

Ozod Jangirov aprel oyining ilk haftasida tashkil qilinayotgan “Kitobxonlik haftasi”ga ham to‘xtalib o‘tdi. Haftalik davomida “Ijodkor yoshlar” uchrashuvlari, “Mushoira” tadbirlari, “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi” ko‘rik-tanlovlari hamda boshqa ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni mazmunli tashkil qilish masalalari bo‘yicha topshiriqlar berdi.

O‘quvchilar davomadini ta’minlash, ular o‘rtasida turli ko‘ngilsiz holatlar, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.

  Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.

https://t.me/samarqandvxtb


Report Page