21

21

Alisher Davronov

Mesaru Emoto. Suv quvvati

http://n.ziyouz.com/images/water.jpg


O‘Z-O‘ZINI BILISh VA ShIFO TOPISh UChUN

Mazkur asar – xalqaro bestseller «Suvnoma» kitobining davomidir. Doktor Emotoning yangi tadqiqotlari Suv qudratli shifobaxsh xususiyatlarga ega ekanligini inkor etib bo‘lmas dalillar bilan isbotlaydi. Yer sayyorasida eng ko‘p tarqalgan bu unsurda insonning sog‘lom yashash sirlari mujassamlashgan. Suv – insonning jismoniy tanasi bilan uning fikrlari, niyatlari, his-tuyg‘ulari, ruhiyatini bog‘lovchi ko‘prik sanaladi. Suv insonlarning ruhiy quvvatini yig‘ib oladi; xotirasida saqlab, boshqa odamlarga uzatadi. Suvda yig‘ilgan sog‘lom, toza quvvat ham jismoniy, ham ruhiy xastaliklarni davolash kuchiga ega. Kitobda g‘aroyib rasmlar bor. Bu rasmlarda insoniy yaxshi va yomon fikrlarning suvga ta’siri natijasida hosil bo‘lgan kristallar aks etgan. Suvga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishning sog‘lig‘imizga, dunyoqarashimizga ijobiy ta’siri haqida amaliy ko‘rsatmalar berilgan.

MUQADDIMA

Garchand ma’lumotim dastlab ilmiy faoliyatga yo‘nalmagan bo‘lsa-da, anchadan buyon Suvni tadqiq etaman. Iokogama universiteti ijtimoiy fakultetida o‘qib, Amerika-Xitoy munosabatlari bo‘yicha ixtisoslashganman. 1987 yilda, 43 yoshimda ilk bora Suvning g‘aroyib xususiyatlariga duch keldim. O‘shanda men savdo sohasida ishlardim. Hamkorlarimdan biri oyog‘imdagi og‘riqni maxsus tayyorlangan Suv yordamida davolashni maslahat berdi. Hayratlanarlisi shundaki, men olgan dori-darmonlarning barchasidan ko‘ra, shu suv dardimni arishiga ko‘proq yordam berdi.

Bu voqea Suvni tadqiq qilishga kirishishim uchun turtki bo‘ldi. Vaqt o‘tgan sayin bu unsur o‘zida axborot yig‘ish xususiyatiga ega, degan qat’iy qarorga keldim. Ammo bu ma’lumotlar biz teledasturlar, radio eshittirishlar, gazeta, jurnallardan oladigan axborotlardan farq qiladi. Bu o‘rinda vujud – tana va aqlga ta’sir etuvchi tashqi omillar nazarda tutilmoqda. Aytaylik, chiroyli manzaraga boqarkansiz, ajib sokinlik ko‘ngilga inadi; yoqimli musiqa tinglaganingizda esa qalb poklanadi. Axborot deganda so‘z zamirida vujudimiz hamda ongimizga ta’sir ko‘rsatuvchi jamiki omillarni nazarda tutyapman.

O‘zida mujassam etgan axborotga muvofiq Suv o‘z xususiyatlarini o‘zgartiradi, bu – uzoq yillik tadqiqotlar natijasida chiqargan xulosam. Afsuski, an’anaviy fan qonuniyatlariga mos kelmaydigan bu radikal g‘oya qo‘llab-quvvatlanmadi, chunki aniq isbot-dalillar talab etilardi.

Bir kuni Devid Savoldning «Uy bekasini ta’qib etuvchi chaqmoq hamda fanning boshqa g‘aroyib tilsimlari to‘g‘risida» nomli kitobini o‘qirkanman, «Bir xil qor zarralari bo‘ladimi?», degan sarlavhaga mixlandim. Maqolada yozilishicha, millionlab yillardan buyon yerga yoqqan qor zarralarining birortasi boshqasiga o‘xshamas ekan. Bu haqiqat menga o‘quvchiligimdan ayon esa-da, sog‘lom mantiq mazkur faktga o‘z tadqiqotlarim nuqtai nazaridan qarashga undadi. Suvni muzlatib, muz kristallarini ko‘zdan kechirsam-chi, degan yangi fikr paydo bo‘ldi. Hamkasbim bo‘lmish yosh mutaxassis bilan birga tadqiqot o‘tkazishga kirishdik. Bu to‘g‘rida keyinroq batafsil to‘xtalamiz. 1994 yilda qat’iyat bilan o‘tkazilgan ikki oylik tadqiqot samarasini berdi, hamkasbim chiroyli olti burchakli muz kristalli fotosuratini olishga muvaffaq bo‘ldi.

Suv bilan bog‘liq tadqiqotlarim natijalari jamuljam bo‘lgan «To‘lqin tebranishlari haqiqati» deb nomlangan kitobim 1994 yilda bosilib chiqdi. Bu yo‘nalishdagi ishlarim g‘oyat kuchli aks-sado beradi, deb o‘ylamagan ham edim. O‘shandan keyin Suv fikru yodimni band etdi. 1994 yildagi muvaffaqiyatdan ruhlanib, kelgusi besh yil mobaynida muz zarralari – kristallarini rasmga tushirishda davom etdik. Shu fursat ichida xado (barcha narsaga xos energiya yoki tebranishlar) hamda Suvga oid tajribalar to‘g‘risida bir nechta kitob chiqardim. O‘z tajribalarim to‘g‘risida ilmiy konferentsiyalarda ma’ruzalar bilan ishtirok etdim. Taassufki, aynan shu yo‘nalishda tadqiqot olib borayotgan biror kishini uchratmadim.

1998 yil oxirlari edi. Tenri (Yaponiya) universitetining Inson tanasini o‘rganish Jamiyati majlisida so‘zga chiqdim. Mashhur genetik olim, Hukubi universiteti professori doktor Kadzuo Murakami ham majlisda ishtirok etardi. Doktor K.Murakami tadqiqotlarimni qo‘llab-quvvatlagan dastlabki nufuzli olimlardan biri bo‘ldi.

1999 yilda esa «Suvnoma» kitobimni rafiqam Kadzuko nashrdan chiqardi. Kitob yapon tilida edi. Men «har ehtimolga qarshi» kristallar rasmlariga ingliz tilida izoh berishga qaror qildim. Va mazkur qaror alal-oqibat butun hayotimni o‘zgartirib yubordi! Kitob xorijiy o‘quvchilarni ham o‘ziga tortdi, ayni paytda jahondagi 20 dan ziyod tillarga tarjima qilindi. Vaqt shitob bilan o‘tyapti. Hozirda dunyoning barcha burchaklaridan Suv va xado to‘g‘risida ma’ruzalar o‘qishimni so‘rab, takliflar tushmoqda. Suv haqidagi maqolalarimni o‘qiganlar, eshitganlar hayratdan dong qotishyapti. Uch yil avval «Simens» kompaniyasining piar-menejeri bilan suhbatlashdim. Ana shundan so‘ng «Simens» ofisining kafeteriysida «Xado-Suv» (ijobiy quvvat bilan zaryadlangan Suv) ishlata boshlashdi. Har yili men Augsburgda minglab tinglovchilar huzurida xado to‘g‘risida so‘zlab beraman. 2002 yildan buyon bu tadbirni Xado-simpozium deb ataydilar. Germaniyada XADO so‘zi hayotdan mustahkam o‘rin oldi degan ma’noni anglatadi.

Niderlandiyada qirolicha Beatriksning singlisi malika Iren bilan uchrashish sharafiga muyassar bo‘ldim. Tabiiy fanlar bilan qiziquvchi malika bir necha mavzularga oid bahs-munozara o‘tkazish uchun qator olimlarni, jumladan, mashhur ingliz biologi Rupert Sheldreykni huzuriga chorlagan edi. Men Suv tadqiqotchisi sifatida ishtirok etdim. AQShda ko‘p marta, ikki bora esa Garvard universitetida ma’ruzalar o‘qidim. Tabiatga, atrof-muhitga e’tibor g‘oyat kuchli bo‘lgan Kanadadan ko‘plab takliflar tushdi. 2003 yilning may oyida Kanadaning Viktoriya, Vankuver, Kalgari, Edmonton, Monreal, Toronto shaharlarida Suv va g‘ayrioddiy pnevmoniyaga oid ma’ruzalarim tinglovchilarni hayajonga soldi.

Xorijiy davlatlarga qanchalar ko‘p borsam, shunchalar ko‘p odam Suvning g‘aroyib xususiyatlaridan boxabar bo‘lardi. Ammo ming-ming tinglovchidan birortasi ham Suvga oid tajriba o‘tkazishni xayoliga keltirmas, Suv xususiyatlari haqida hech narsa bilmasdi! Tabiiy fanlarni ham, diniy ilmni ham yuzaki bilgan oddiy bir kishi – men Suv tadqiqotchisiga aylanib, dunyoga Suv xususiyatlarini ovoza qilar, birin-ketin qo‘lma-qo‘l o‘qiluvchi bestseller-kitoblarimni chop ettirardim. Suvga men singari qiziquvchi insonning o‘zi yo‘q edi! Ha, biz hozirga qadar bu ajoyib unsur to‘g‘risida g‘oyat oz bilamiz.

Ulg‘aygan kishi tanasining yetmish sakkiz foizi suvdan iborat bo‘lsa-da, suvning ko‘plab xususiyatlari tadqiq etilmagan. Ehtimol, shuning uchun ham na o‘zgalarni, na o‘z «Men»ligimizni tushunmasmiz…

Odatda Suvni e’tibor bermasdan ichamiz. Uning hayotdagi ahamiyati, zaruriyati barchaga ma’lum. Suvga shunchalar o‘rganib qolganmizki, kamdan-kam hollarda, ongli tarzda obihayotning izzatini joyiga qo‘yamiz.

Quyida mazkur kitobda muhokama etilajak masalalar, holatlar e’tiboringizga havola qilinmoqda.

Suvning o‘ziga xos tabiatiga jiddiy qaraysizmi?

Ichayotgan Suvingiz sog‘lig‘ingizni, hayotingizni yaxshilay olishga qodirligini bilasizmi?

Suv xossalarini ongli ravishda o‘zgartira olishingiz mumkinligini bilasizmi?

Suvga tashakkur aytsangiz, uning sifati yaxshilanadi. Suvni haqorat qilsangiz yoki e’tiborsiz bo‘lsangiz, sifati yomonlashadi.

XXI asr Qovg‘a erasiga kiradi. Katta ko‘zada Suv ko‘targan odam – Qovg‘aning astrologik belgisi timsoli hisoblanadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2005 yilni Suv O‘n yilligi (2005-2014) davrining boshlanishi deb e’lon qildi, bu quruq gapvozlik emas.

Keling, Suv haqida yanada ko‘proq bilaylik, Unga astoydil e’tibor beraylik.

Suvni qanchalar ko‘p bilsangiz, o‘z-o‘zingizni yanada ravshanroq anglay boshlaysiz. Alaloqibat insoniyat jamiyatini, mamlakatlarni, dunyoni, Borliq olamni va nihoyat, Ilohiyotni idrok etib bilib borasiz. Grek faylasufi Fales «Suv – tiriklik olamining ibtidosidir» deganda naqadar haq edi!

Kitobimni o‘qigach, Suvni seva boshlasangiz, sog‘-omon, baxtli hayot kechirish mohiyati haqida o‘ylab qolsangiz, muallif sifatida boshim osmonga yetardi. Mazkur asarni tayyorlashga, nashr etishga yordamlashgan birodarlarimga Suv nomidan chuqur minnatdorchilik izhor etaman, barcha o‘quvchilarimga mehr, ehtirom yo‘llayman. Azizim Suv hazratlari guvohligida, albatta.

KAShFIYoT JARAYoNI

Tadqiqotlar qanday boshlandi?

Yuqorida ta’kidlaganimdek, «Bir xil qor zarralari bormi?» sarlavhali maqolani tasodifan o‘qigach, muz kristallarini rasmga olish g‘oyasi menga tinchlik bermay qo‘ydi.

Baxtimga savdo kompaniyamizning yosh tadqiqotchi-olimi Kadzuya Isibasi mikroskopni ishlata olardi. Katta mikroskopni ijaraga olib, janob Isibasiga muz kristallarini rasmga tushirish vazifasini topshirganimda, u g‘oyat ajablandi.

– Muz kristallarini albatta, rasmga tushiramiz, bunga mening ishonchim komil, –dedim yosh olimning shubhalarini quvib. Ammo janob Isibasini yuragimni yondirayotgan, jismi-jonimni egallab olgan g‘oyamga ishontirishim uchun naq ikki oy zarur bo‘ldi. U mening ko‘nglim uchun ikki oy suvni muzlatib, muz kristallarini mikroskopda tekshirib o‘tirdi. Harakatlari zoye ketib, kristall hosil bo‘lmayotganidan umidsizlangancha kunni kech qilganda, uni birga ovqatlanishga taklif etardim. Yosh do‘stim o‘zi xush ko‘rgan sakeni maydalab icharkan, men uning qalbida umid uchqunlarini yoqardim:

– Mana, ko‘rasiz, urinishlarimiz behuda ketmaydi, muz kristallarini, albatta, rasmga tushiramiz. Tushkunlikka tushmasangiz, bas. Agar mikroskopni ishlata olganimda, ertayu kech shug‘ullangan bo‘lardim. Sizdan iltimos, menga madadkor bo‘ling….

Va nihoyat, tinimsiz harakatlarimiz o‘z samarasini berdi.

…O‘sha kuni qo‘lida rasmlarni ko‘targancha laboratoriyadan yugurib chiqqan Isibasi chehrasidagi hayrat, hayajonni aslo unutmayman. Hozir o‘shandagi hol-ahvolimizni, zimmamizga nechog‘li katta vazifa olganimizni tahlil qilarkanman, insondagi ishonch qudratiga bosh egmay iloj yo‘q. Mendagi, suvni muzlatib, kristallarini albatta rasmga olamiz, degan qat’iy ishonch janob Isibasi shubhalarini aritdi. Eng muhimi esa bizning niyatimiz pok, xolis edi, pul ishlab qolish, boyish degan vasvasalar ko‘nglimizning ko‘chasiga kelmagan. Balki xuddi shuning uchun ham urinishlarimiz o‘z mevasini berdi; Suv pok, go‘zal chehrasini bizga namoyon etdi.

Kristallar qanday rasmga olinardi? Ayni paytdagi ish usulimizni tasvirlab berayin. Shisha idishdagi Suvga –axborot tashuvchi (yozma so‘z, surat, musiqa)lardan biri ta’sir ko‘rsatadi. So‘ngra ta’sirlangan bu Suv diametri 5 sm bo‘lgan ellikta dastali piyolaga taqsimlanib, –25 darajadan ham pastroq haroratli muzlatkichga qo‘yiladi. Uch soatdan so‘ng piyolalar olinganda, shar shaklidagi muz bo‘laklari hosil bo‘lganini ko‘rish mumkin. Muz bo‘laklarining har biri mikroskopda yoritilib tekshiriladi. Ish jarayoni risoladagiday ketayotgan bo‘lsa, harorat ko‘tarilishi asnosida muz erib, kristallar vujudga kela boshlaydi. Ikki-uch daqiqadan so‘ng sharsimon muz g‘unchasi yaproq yozayotgan gul yanglig‘ ochiladi. 50 dona bir xil sig‘imli piyolada, bir xil sovuq haroratda muzlatilgan Suv, qarangki, har xil kristallar hosil qiladi. Biz kristallarni guruhlarga ajratamiz – g‘oyat chiroyli qirrali kristallar, shakli notugal kristallar, kristall hosil qilmagan muz bo‘laklari. Statistik tahlildan ayon bo‘lmoqdaki, muz kristallari o‘rganilayotgan Suv sifati qandayligini ko‘rsatmoqda.

TABIIY, QUVUR VA MINERAL SUVIMIZ AHVOLI QANDAY?

Tadqiqotlarni davom ettirarkanman, isbot talab qilinmas haqiqatga duch keldim. Vodoprovod Suvi muzlatilganda kristallar hosil qilmadi. Lekin tabiiy Suv muzidan shakllangan oltiburchakli kristallar chiroyiga maftun bo‘lasiz-qolasiz. Zero, tabiiy Suvga kimyoviy ishlov berilmagan, tozalanmagan edi-da! Vodoprovod Suvi muzlatilganda kristallar o‘rniga paydo bo‘lgan egri-bugri noxush shakllarga qaytib qaramasdingiz. Men, beixtiyor, rivojlangan mamlakatlar aholisi xlor bilan dezinfektsiyalangan vodoprovod Suvlari sifatidan nolishlarini esladim. Ishlov berilgan Suv ta’msiz, sog‘liqqa foydasi yo‘q, hisobi. Shu bois ushbu mamlakatlarda, garchi qimmat esa-da,mineral Suv ichishni afzal ko‘radilar.Tabiiy, vodoprovod, mineral suvlar sifatini tadqiq etishga kirishdim.

«Tabiiy Suv» deganda qanday Suvni nazarda tutishimni so‘rashadi. Buni, inson ta’sir ko‘rsatmagan Suv desak, Yer yuzida bunday Suvning o‘zi yo‘q. Zero, insoniyat havoni ifloslantirib bo‘ldi. Yerning yuza qismidagi namlik bug‘lanib, atmosferada bulutga aylangach, yomg‘ir bo‘lib yana zaminga yog‘adi. Yomg‘ir Suvi ham biz ifloslantirib ulgurgan tuproqqa singiydi.Xuddi shu bois ham inson ta’sir ko‘rsatmagan Suvning o‘zi yo‘q, deb hisoblayman. Demak, tabiiy Suv tushunchasi ham shartli qo‘llanilmoqda. Bug‘lanib, bulutga aylanib, yog‘in (yomg‘ir,qor) shaklida tuproqqa singib, yana yuzaga oqib chiquvchi obihayotni, menimcha, tabiiy suv deyish mumkin.

Tabiiy va vodoprovod suvi tadqiqotlari qiziqarli natijalar berdi. Tokiodagi ishxonamning vodoprovod suvi muzlatilganda kristall hosil qilmadi. Tokioning boshqa tumanlaridan olingan vodoprovod suvlarida ham kristallar kuzatilmadi. Tokiodagi mavjud vodoprovod suvlari ichishga sifatsiz bo‘lib chiqdi.

Xokaydo, Kyusyu, Okinava orollari Suvlarini tadqiq etdik. Sapporo, Senday, Nagoya, Kanandzava, Osaka, Xirosima, Fukuoka, Naxa shaxarlaridagi vodoprovod Suvlari ham kristall hosil qilmadi. Katano shahridagi vodoprovod Suvi tarkibining 60 foizini sizot suvlari tashkil qilganligi bois chiroyli kristallar vujudga keldi.

Osiyoda toza Suv topsam kerak, deb o‘ylagandim, ammo Gonkong, Makao va Bangkokdagi tadqiqotlarim ham besamar ketdi.

Evropaning Suvi qay ahvolda? Har safar London, Parij, Rim singari yirik shaharlarga borganimda, vodoprovod Suvidan olib kelardim, ammo Yevropa Suvi muz kristallari paydo qilmadi. Suv ustidagi Venetsiya shahri bundan mustasno, bu shaharning Suvi nisbatan sifatli bo‘lsa-da, kristallga aylanmadi. Buenos-Ayres (Argentina), Manaus (Braziliya), Kanadaning Vankuver shaharlaridagi vodoprovod Suvining tozaligiga tan berdik. Zero, bu shaharlar tabiiy Suv manbalari yaqinida joylashgan bo‘lib, tadqiq etilgan Suv muzlatilganda chiroyli kristallar hosil qildi. Oradan ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, mazkur shaharlar ahli hamon sifatli Suv ichishmoqda, deya umid qilgim keladi.

Hududining 80 foizi tog‘li joylardan iborat Yaponiyaning barcha buloq suvlari namunalari yuzasidan o‘tkazgan tadqiqotlar natijasi quvontirarli bo‘ldi. Yaponiya–Osiyoning musson iqlimli (yozda dengizdan quruqlik tomon, qishda dengiz tomon esuvchi shamol) mintaqasida joylashganligi sabab, bizda yog‘ingarchilik serob. Yog‘inlar tog‘larga, o‘rmonlarga yog‘ib, yerga singiydi va yana yuzaga chiqadi. Tabiiy Suv manbalari ko‘pligi jihatidan rivojlangan mamlakatlar ichida oldingi o‘rinda turishi boisi ana shundan.

Tabiiy filtrlanish-tozalanish tizimidan o‘tgan Suv g‘oyat xush ta’mli bo‘lib, sog‘liq uchun foydasi ko‘p. Ayni paytda yaponiyaliklar o‘rtasida tabiiy suvga nisbatan ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tashnalik, obihayotga intilish g‘oyat kuchaygan. Tabiiy suv qiymati jihatdan neftga yaqinlashib boryapti. Garchi neftni qazib olish, tashish, tozalash katta sarf-xarajatlarni talab etsa-da, bu bor haqiqatdir. Ayrim mineral suvlar hatto neftdan ham qimmatroq turadi. Zero, toza, shirin tabiiy suvni ichishni istovchi inson narx qimmatligiga qaramaydi. Ammo, taassufki, ayni paytda qimmatbaho tabiiy Suv tarkibi ham ifloslanib qolyapti. Iokogama Gigiyena instituti ma’lumotlariga qaraganda, bir necha mineral Suv markalari tarkibidan kimyoviy elementlar topilgan. «Mayniti» gazetasining 2003 yil, 20 aprel sonida tahlil natijalari bosib chiqarilgan maqolada shunday deyiladi:

«Yaponiyaning bir qator savdo markalari bilan sotilayotgan mineral suvlar tarkibi Iokogama Gigiyena instituti tomonidan tekshirilganda, ularda formaldegid va atsetaldegid moddalari topilgan. Ayrim hollarda mazkur moddalar vodoprovod suvi bilan taqqoslaganda mineral suvlar tarkibida 80 baravar ko‘p bo‘lib chiqsa-da, buning inson sog‘ligiga zarari yo‘q. Ovqatlanish gigiyenasi Akti normativlariga binoan mineral suvning sifati vodoprovod suvi bilan qiyosan nazorat qilib turiladi.

O‘tgan yil bahorida Sog‘liq, mehnat va ijtimoiy himoya vazirligimiz mineral suvlar uchun yangi standartlar ishlab chiqishni ta’minlashga kirishdi. Biroq alodegidlar bilan bog‘liq muammo hal etilgani yo‘q.

Iokogamada sotuvdagi shishali mineral suvlar tekshiruvdan o‘tkazildi. Tekshirishga olingan 30 shisha mineral suvning 14 donasi Amerika, Frantsiya, Angliyadan importga keltirilgan. O‘n olti donasi esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsuloti bo‘lib, institutda ishlab chiqilgan uslub yordamida bu suvlarda formaldegidid va atsetaldegid bor-yo‘qligi tekshirildi. Natijada 19 ta shishadagi Suvda ( 5 ta import, 14 ta mahalliy) alodegid borligi aniqlandi. Ulardan o‘n yettitasida esa formaldegid ham, atsetaldegid ham borligi ma’lum bo‘ldi.

Yaponiyada mineral Suv alkogolsiz ichimlik hisoblanadi va u aldegid borligi istisno qilingan holda ovqatlanish gigiyenasi Akti normalariga javob berishi zarur. Boshqa tomondan olganda esa, vodoporvod Suvi sifati standartlariga muvofiq formaldegid kontsentratsiyasi nazoratchi, indikator belgi hisoblanadi. Uning mavjud miqdoriga ko‘ra, vodoprovod Suvi monitoringi olib boriladi va bir litrda 80 milligrammdan ortiq bo‘lmasligi zarur. Yuqorida aniqlangan ifloslanish o‘chog‘i qayerda ekan? Suv olingan manbalardami? Ishlab chiqarish jarayonidami? Suv qadoqlangan idishlar tozaligi kafolatlangan. Nima bo‘lganda ham institut xulosasi shunday: «Bu Suvni toza deb bo‘lmaydi».

Tibbiyotda formaldegidid va atsetaldegid kontserogen saraton kasalligini keltirib chiqaruvchi moddalar hisoblanadi. Bundan tashqari, formaldegid «kasal uy sindromi»ni chaqiradi, kimyoviy moddalarga nisbatan allergiya hosil qiladi.

Nimadan qo‘rqqan bo‘lsam, shu ro‘y berdi: mineral Suv inson tomonidan zararlangan. Balki buni Yaponiyada kam odam bilar, biroq G‘arbda bu vaziyat allaqachon muhokamaga qo‘yilgan.

Biz endi muzlatilgan mineral Suv kristallarini suratga ola boshladik. Tanlaganimiz Yaponiyada ishlab chiqarilgan Suvdan ikkitasi chiroyli kristallar hosil qildi. Bu tasodif emas, Suv darhaqiqat shirin taomli edi.

Mineral Suv savdosi bilan shug‘ullanuvchi ko‘plab kompaniyalar kelajakda og‘ir ahvolda qoladilar, chunki G‘arb aholisi hozirdanoq ularning mahsulotlarini olishdan cho‘chishyapti.

Kanadaga ma’ruzalar o‘qish uchun safar qilganimda antiqa Suv sotib oldim. Bu juda mashhur firma tomonidan sotuvga qo‘yilgan reminerallashtirilgan Suv edi. «Reminerallashtirilgan» iborasi Suvni inson uchun zarur moddalar bilan to‘yintirishni anglatadi.

Suv tuproqda filtrlanar ekan, unga ko‘plab minerallar aralashadi. Shu vaqtga qadar biz bunday Suvni foydali deb ichardik. Endi buni qarangki, tarkibidan minerallar olib tashlanganligi reklama qilinayotgan Suv bozorda paydo bo‘ldi. Bu Suvni «tabiiy» emas, «distillangan» deyish to‘g‘riroq bo‘lur edi. Yil avval bunday Suv Kanadada yo‘q edi, endi esa chor tomonda shu Suv, hatto «Air Canada» kompaniyasi samolyotlari yo‘lovchilarga ham shunday Suv taklif qilmoqdalar.

«Tabiiy Suv» atalmishning hozirgi ahvoli ana shunday bo‘lgach, xlorlanayotgan, turli kimyoviy vositalar bilan ishlov berilayotgan quvur Suvining «qiyofasi»ni tasavvur etavering.

INSON ONGI SUVNI O‘ZGARTIRADI

Suvni tadqiq etish jarayonida kristallar vujudga kelishi obi-hayotning tabiiy yoki quvurdan ekanligigagina bog‘liq emas, degan qat’iy xulosaga keldim. Suv muzlatilganda hosil bo‘luvchi kristallar Suvga singgan axborotga ham bog‘liq.

G‘oyalarim haqligini aniqlash uchun ikkita shisha idishga Suv quydim. Shishalardan biriga «Rahmat», ikkinchisiga «Sen ahmoqsan» yozuvli qog‘ozlarni yopishtirdim. Suv yozuvlarni «o‘qiydi», degan umidda shishalarni muzlatkichga qo‘ydim.

Natija gipoteza to‘g‘riligini isbotladi. «Rahmat» yozuvli Suvni chiroyli kristallar hosil qilgani holda, «Sen ahmoqsan» yozuvini «uqqan» Suv ahmoqona basharani aks ettirgan edi.

Suv o‘ziga axborotni qabul qilsa, u muzlaganda hosil bo‘luvchi kristallar axborot mohiyatiga ko‘ra shakllanar ekan. Demak, kristall axborot mazmuniga ko‘ra chiroyli yo xunuk ko‘rinishga keladi. Boshqacha aytganda, inson ongli ravishda Suv sifatiga ta’sir ko‘rsata oladi. Endi men sifati yaxshi Suv yordamida odamlarni qay yo‘sin baxtli qilish mumkinligi haqida o‘ylab qoldim.

SUV SO‘ZNI TUShUNADI

Gipotezamiz haqligiga ishonch bizni dadil qadamlar qo‘yishga undadi. Suvga turli axborotlar bilan ta’sir ko‘rsatib, muzlatar, kristallarni suratga tushirardik. Ijobiy mazmundagi so‘zlarga Suv hamisha chiroyli kristallar hosil qilish bilan javob qaytarar, go‘yo o‘z shodon tuyg‘ularini yaproqlarini ochayotgan gulg‘uncha shaklli chiroyli kristallarda namoyon etardi. Aksincha, salbiy mazmunli so‘zlarni tinglaganda Suv umuman kristall hosil qilolmasdi.

Suvga «baxt» so‘zini aytganimizda, qirralari tekis chiroyli brilliantga o‘xshash kristall paydo bo‘ldi. «Baxtsizlik» so‘zi esa, qancha «urinmasin» shakllana olmadi, so‘zning mudhish mazmuni Suv quvvatini so‘rib qo‘ydi. Shu tariqa bir chashmadan olingan Suvga qarama-qarshi mazmunli «yaxshi-yomon», «yoqadi-yoqmaydi», «kuch-zaiflik», «farishta-shayton», «tinchlik-urush» singari so‘zlar bilan ta’sir ko‘rsatildi.

Muzlagan Suv ezgu so‘zlargagina kristallga aylanib, javob qaytardi.

Qizig‘i shundaki, Suv ijobiy so‘zlar ingliz, xitoy, frantsuz, nemis, italyan, koreys tillarida aytilganda shaklan bir xil bo‘lmasa-da, chiroyli kristallar hosil qildi. Ha, Suv, qaysi tilda aytilishidan qat’i nazar, so‘z mazmunini anglardi. Suv so‘z tuzilishiga emas, uning mohiyatiga ko‘ra ijobiy-salbiy ahamiyatini «tushunib» kristallar hosil qilardi. Ajab emas, Suv so‘z yozayotgan inson qalbini ham ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lsa!

Tadqiqotlarimiz jarayonida bitta surat meni g‘oyatda hayajonga soldi. Kristall go‘zalligidan tilim lol edi. Kristall barq urib ochilgan gulga o‘xshardi. Suv o‘z shodligini anglatish uchun qulochini keng yozgan, uni «muhabbat» va «ehtirom» so‘zi quvontirgan edi.

Shuncha yillar mobaynida Suvga ezgu so‘zlar aytib, chiroyli rasmlar ko‘rsatib, davolovchi musiqalar eshittirib, hosil qilgan kristallaridan zavqlanganmiz. Ammo obihayot «muhabbat» va «ehtirom» so‘zlaridan ta’sirlanib hosil qilgani yanglig‘ go‘zal kristallarga hech biri teng kelolmasdi. Suv mazkur so‘zlar axborotini eng ezgu mohiyatga ega, deb qabul qilgan ko‘rinadi.

O‘ZIMIZ – SUVMIZ

Tadqiqotlardan ayon bo‘ldiki, Suv o‘zi qabul qilayotgan axborot tabiatiga ko‘ra, yaxshilanadi yoki yomonlashadi. Modomiki, ulg‘aygan inson vujudining 70 foizini Suv tashkil etarkan, unga ham o‘zi qabul qilayotgan axborot yaxshi yoki yomon ta’sir ko‘rsatmasmikin? Ayol tuxum hujayralari urug‘langandan so‘ng 96 foizi Suvdan iborat bo‘ladi.

Endi tug‘ilgan chaqaloqning esa 80 foizi Suv. Shaxs ulg‘aygan sayin vujudidagi Suv miqdori kamayib, keksaygach, 70 foiz qoladi. Qisqasi, biz – insonlar, Suv sifatida yashaymiz, jismimizni tashkil etuvchi moddalarning eng ko‘pi Suvdan iborat. Hayotimiz ham Suvdan boshlanib, Suv bilan xotima topadi. Ona rahmida rivojlanayotgan homila, ibtidosi Dunyo ummonida boshlanib, hozirgi ko‘rinishga kelgan inson hayotining evolyutsiya yo‘lini bosib o‘tadi. Rahmdagi amniotik suyuqlik hamda ummon suvi tarkiban bir-biriga muvofiq tushadi. Onaning rahmi ummonida tug‘ilishni kutayotgan homila o‘zi uchun zaruriy ozuqani kindik va platsent orqali oladi. Jon berarimizda ham Suv bizga madadga keladi. Yaponiyada o‘lim to‘shagida yotgan inson labi Suv shimgan paxta yoki sikumi daraxtining bargi bilan namlanadi, quvvat qaytishini tilab xos duolar o‘qiladi. Muzlatilgan Suvning kristallanish jarayonini kuzatish asnosi shunday xulosaga keldim: vujudi asosan Suvdan iborat insonga risoladagiday yaxshi hayot kechirishi uchun ezgu axborot zarur ekan. Bu ezgu axborot tanani bardam, aqlni o‘tkir qiladi. Aksincha, yomon axborot insonni kasallantiradi. Mohiyatan, inson Suvdir. Xushtam Suv ichganimizda, vujudimiz tetiklashadi. Lekin ayni vaqtda toza Suv ichish ham cho‘ntakka bog‘liq bo‘lib qoldi.

O‘tgan yuz yillikda insoniyat olov – neft uchun urushlar girdobiga tushgan edi. Olimlarning bashorati esa XXI asr Suv uchun kurash yuz yilligi bo‘lishidan darak bermoqda. XX asr mobaynida g‘oyat katta miqdorda energiya ishlab chiqarish uchun olovdan foydalanildi. Zero, 1900 yilda sayyoramiz aholisi bir yarim milliard nafar bo‘lsa, 2000 yilga kelib bu raqam olti milliardga o‘sdi.

Tabiiyki, ko‘payib borayotgan aholi ehtiyojlarini qondirish uchun ulkan miqdorda energiya talab etilardi. Xuddi shuning uchun ham doimiy ravishda ko‘mir va neft yoqilmoqda. Buning oqibatida, ya’ni yonishdan hosil bo‘lgan zaharli moddalar atmosferani bulg‘amoqda. Ifloslangan yog‘inlar esa o‘z navbatida yer tubiga singyapti. Suv sayyora bo‘ylab to‘liq aylanib chiqishi uchun 30-50 yil muddat zarur. Demak, bundan 30-50 yil muqaddam yer yuzasidan bug‘langan namlik – bulut hozirda ichayotganimiz zamin Suviga aylangan. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng sanoat misli ko‘rilmagan darajada rivojlanib, havo sifatiga jiddiy zarar yetdi. Oradan 60 yil o‘tdi, endilikda asosan ifloslangan Suv iste’mol qilishdan o‘zga ilojimiz yo‘q. Tez orada toza Suv tanqis bo‘lib qolishi va toza Suv manbalari uchun ixtiloflar kelib chiqishi ehtimoldan holi emas. Suvga ehtiyoj jahon miqyosidagi urush olovini yoqmaydi, deya umid qilamiz. Toza Suv uchun urush bo‘ldi ham deylik. Bu Suv o‘zi uchun bo‘lgan urush axborotini xotirasiga singdirib olar ekan, endi uning tozaligi qoladimi? Tadqiqotlarimizda toza Suvga «urush» so‘zini o‘qitganimizda, muzlatilgandan so‘ng kristallar hosil qilmagan. Xayolan chizganim kelajak manzaralari qo‘rqinchli, ammo inson hamisha yaxshilikni niyat qilishi, ezgu umidlar bilan yashashi kerak. Kelajak esa ezgu fikr, yaxshi niyat, ezgu a’mollardan boshlanadi. Yaponiyada atmosfera yog‘inlari tarkibi tadqiqotidan ma’lum bo‘ldiki, atrof-muhit o‘z-o‘zini tozalash xususiyatiga ega ekan. Bundan atrof-muhitni istagancha bulg‘ash mumkin, degan xulosaga bormaslik kerak. Tabiatda shundayin qudratli qonunlar hukm suradiki, inson ham tiriklik olamining bir xalqasi sifatida shu qonunlarga bo‘ysunishga mahkum. Qonunni buzdingmi, bundan eng avvalo o‘zing zarar ko‘rasan. Insoniyat boshiga yog‘ilgan noaniq kasalliklar, turli xil ofatlar zamirida uning Dono Tabiat qonunlariga o‘zboshimchalik bilan aralashuvi, o‘zini yer hukmdori deb bilib, olishning berishi borligini unutgani… singari xatolarini ko‘rish mumkin. Bani-bashar, shukrki, kech bo‘lsa-da, xatolarini tuzatishga kirishdi. Tadqiqotlarim shunday xulosa chiqarish uchun asos beryapti.

Yaqin o‘tmishga qiyosan hozir yomg‘ir suvi sifati shak-shubhasiz yaxshilandi. Lekin bu yaxshilanish yer osti suvlari sifatining yomonlashuvi evaziga bo‘lmoqda.

Bir necha yil muqaddam Yaponiyaning turli shaharlarida (Xokkaydo orolining sokin hududida joylashgan Buey shahri, Saytama prefekturasining Senday, Tokorodzava, Tokioning Asakusa tumanida, Osaka, Fukuoka shaharlarida)gi yomg‘ir suvlaridan namuna olib, muzlatgach, kristallarini suratga tushirdik. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, ayni shu hududdan yana yomg‘ir suvi namunalarini olib, tadqiqot o‘tkazdik. Osakadan olingan namuna arang kristalsifat shaklga kirganini demasa, birinchi tajribamizda birorta ham kristall hosil bo‘lmadi. Buey shahri maftunkor qishloq hududida joylashgan esa-da, hatto shu sokin makonning yomg‘ir suvi sifati ham yaxshi emas. Buni tushunish mumkin. Hudud ko‘rkamligiga qaramay, Xokkaydo oroli ustidagi atmosferaning ozon qatlami yupqalashgan, bu hudud kislotali yomg‘irlardan kuchli aziyat chekadi.

Qarangki, bu ikkinchi tadqiqotimizda, (Tokiodagi Asakusa tumanini istisno etganda) muzlatilgan yomg‘ir suvlaridan kristallar vujudga keldi. Meni ayniqsa, Tokorodzavaning muzlatilgan yomg‘ir suvi hayratga soldi. Birinchi tajribada olingan suvda kristall (bosma harfga o‘xshash bo‘rtiq) shakllanmagandi, ikkinchisida esa olti qirrali kristallar hosil qildi. Tokioning yomg‘ir suvi esa kristall yaratishga intildi. Suvdagi charchoqlik holati (menga shunday tuyuldi) kristallanish jarayoni tugallanishiga imkon bermasa-da, suv qattiq tirishdi.

Boshqacha ifodalasam, keyingi yillarda Yaponiyaning barcha hududidagi yomg‘ir suvlari sifati ancha yaxshilandi. Bunga ajablanmasa ham bo‘ladi, chunki, odamlar atrof-muhit muammolari keskinlashganini e’tirof etib, uni yaxshilash uchun misli ko‘rilmagan dasturlarni ro‘yob toptirishga kirishdilar. Natijada qisqa fursat ichida havo ancha tozalandi. Ilgari atmosferadagi chiqindilar yomg‘ir tomchilari shaklida yerga tushgan bo‘lsa, endi havo tozalanib, bu muammo barham topdi.

Suv tabiatda 30-50 yilda bir marta aylanib chiqishni inobatga olsak, bu toza yomg‘ir suvidan chuchuk suv o‘rnida foydalanishimiz uchun yana ancha vaqt zarur. Yana bir necha o‘n yillar zamindagi suv sifati yomonligiga chidab, vaziyat yaxshilanishini kutishimiz kerak bo‘ladi. O‘zimiz ekkan «urug‘» mevasi qanchalar achchiq bo‘lmasin, «eyishimiz», jillaqursa, avlodlarimizni o‘ylab, atrof-muhit muammolari yechimi yo‘lida hozirgidan ham faolroq harakat qilishimiz zarur. «Muhabbat» va «Ehtirom» so‘zlarini tinglagan suv naqadar go‘zal kristallar hosil qilganini yana bir bor eslaylik. Bu esa Suv hazratlarining inson aqliga ishoratidir. Borliq olamga, tiriklik muhitiga, tabiatga muhabbat bering. Bu esa sog‘lom vujud, sog‘lom ruhiyat va baxtli hayot kechirish, demakdir. Biz ana shu go‘zal Muhabbat va Ehtirom so‘zlari kristallari madadiga tayanib, suvning haqiqiy qudratini kashf etish yo‘lidagi izlanishlarimizda bardavom bo‘lamiz.

SUV VA XADO

Suv Xado deb atalmish latif energiyaga nisbatan o‘ta sezgir, ta’sirchan. Aynan shu latif energiya suv sifatiga hamda hosil bo‘layotgan kristallarning shakliga ta’sir ko‘rsatadi. «Suv nomalari» kitobimning inglizcha nashrida Xado so‘zi «to‘lqinli tebranishlar» deb to‘g‘ri tarjima qilingan. Ammo mazkur kitobimda Xado zamirida borliq koinotdagi jamiki mavjud latif energiyalar nazarda tutilgan.

Har bir mavjudot o‘ziga xos tebranish – xadoga ega. Latif energiya musbat-ijobiy yoki manfiy-salbiy bo‘lib, bir ob’ektdan ikkinchisiga osongina o‘tadi. O‘z xadosiga ega bo‘lgan «sen – axmoqsan» fikri suvga uzatilarkan, suv muzlatilganda shakllangan kristallarning qing‘ir-qiyshiqligida bu xado aks etadi. Suvga ijobiy fikr bilan ta’sir ko‘rsatilganda, shakllangan chiroyli kristallar esa fikrdagi musbat xadoning in’ikosidir. Suvning u yoki bu axborotga qanday ta’sir ko‘rsatishi aynan xadoga bog‘liq bo‘ladi.

Xadoni ko‘z o‘ngimizga keltirish uchun kamertonni misol qilib olish mumkin. Aytaylik, uchta kamertonimiz bor. Birinchi va ikkinchi kamertonlar 440 Gts chastotali, uchinchisi esa 442 Gts. Boshqacha qilib aytganda, dastlabki ikki kamerton sekundiga 440 ta chastota bilan, uchinchisi esa sekundiga 442 ta chastota bilan tovush chiqaradi (ya’ni tebranadi). Birinchi kamertonga bolg‘acha bilan ursangiz, bir xil chastotali ikkinchi kamerton ham ovoz chiqaradi, uchinchisi esa «miq» etmaydi. Ikkinchi kamerton birinchisining tebranishlariga aks-sado beradi, uchinchisi esa aksincha. Bundan shunday xulosa chiqarish mumkin. Xado energiya demakdir. Tebranish chastotasi bir xil bo‘lgan ikki modda bir-biri bilan yaxlit tovush tebranishlariga ega bo‘ladi. Ishxonada goho shunday vaziyat bilan to‘qnashishga to‘g‘ri keladi. Xodim:

– Boshlig‘im yaxshi odam bo‘lsa-da, dunyoqarashimiz har xil. U bilan murosa qilishim shuning uchun qiyin kechyapti,– deydi afsuslanib.

Boshliq bu xodimi unga manzur bo‘ladigan ish qilishga intilsa ham baribir yoqtirmaydi, ishidan kamchilik topaveradi.

Bu o‘rinda boshliq va xodim bir-biri bilan turli munosabatda bo‘lishmoqda, ya’ni ko‘ngil ko‘ngildan suv ichmayapti. Ular hamkorlik, til topishish uchun qanchalar harakat qilishmasin, bari behuda. Buning yagona chorasi bor. Ular vaqtincha bo‘lsa ham bir-birlarining dunyoqarashlarini qabul qilib, xadolarini muvofiqlashtirib olsalargina, murosada ishlashlari mumkin. Xadoning o‘ziga xosligi insoniy munosabatlardagi bir ko‘rishda sevgi holatida ham namoyon bo‘ladi. Qalb holati – xadosi uyg‘un yigit-qiz uchrashganda, o‘zlari anglamagan holda bir-birini sevib qolishadi. Xadolar uyg‘unligi tashqi salbiy ta’sirlarga duch kelmasa, muhabbat uzoq saqlanadi. Yigitningmi, qizningmi xadosida o‘zgarishlar ro‘y bersa (xulq-atvorida, dunyoqarashida), munosabat darz ketishi ham mumkin.

Xado – hujayra to‘qimalari atomlaridan boshlab, barcha daraja-largacha ta’sir ko‘rsatadi.

XADO – TIBBIYoT

Yaqinda inson tanasining hujayralari tebranishlarigacha o‘lchovchi radio-elektron asbob bilan tanishib qoldim. (Bu asbob AQShda yaratilgan bo‘lib, uni ishlatish maxsus tayyorgarlik talab etadi). Asbob menga ma’qul tushib, undan xado o‘lchashda foydalana boshladim va natijada xado – tibbiyotga yo‘l ochildi. Xado – tibbiyot davolash amaliyotining muqobili hisoblanib, G‘arb an’anaviy tibbiyoti cheklanishlariga duch kelgan tadqiqotchilarni g‘oyat qiziqtirib qo‘ydi. Radio-elektron asbob xado – tibbiyotni o‘rganishimda juda qo‘l keldi. Asbob xadoni qoyilmaqom o‘lchagani singari, odamlar ham xadoni qoyilmaqom uzatish va qabul qilish xususiyatiga ega, degan xulosaga keldim. Azayimxon-duoxon tabiblar ham bemordagi tebranishlar anomaliyasidan ijobiy tebranishlarni yig‘ib, kasallikni davolaydilar.

Xado – tibbiyot – tebranish hamda rezonansga asoslanadi. Qandaydir sabablarga ko‘ra, tanamizning turli joylaridagi hujayra tebranishlariga putur yetdi, deylik. Bunday holatda hujayra bilan rezonans bo‘lgan tashqi tebranishlar vositasida ta’sir ko‘rsatiladi. Xado-tibbiyot mohiyati ana shundan iborat. Tebranishlar qanday to‘g‘rilanadi?

Xado-to‘lqinli tebranish yohud, soddaroq aytganda, to‘lqin bo‘lib, uning eng yuqori ko‘tarilish va pastlashish nuqtasi bor.To‘lqin qarama-qarshi to‘lqin yordamida neytrallashtiriladi, bu holatda ikkinchi to‘lqinning pastlashuvi bilan birinchisining ko‘tarilish nuqtalari muvofiq kelishi shart.

Buni tushunish uchun o‘z ko‘tarilish va pastlashish nuqtalariga ega bo‘lgan tovush to‘lqinlarini misol keltirish o‘rinlidir. Bir vaqtning o‘zida qarama-qarshi to‘lqinli tovushlar taralsa, hech sas chiqmaydi, eshitilmaydi. «Bunday bo‘lishi mumkin emas», deysizmi, lekin olimlar bu g‘oyani ro‘yobga chiqarish ustida ish olib borishmoqda. Ular shovqin-suronli joylarda tovushlar yordamida sokinlik o‘rnatishmoqda!

Oqshomgi «Yomiuri» gazetasining 1991 yil, 10 aprel sonida g‘oyat qiziqarli sarlavha ostida maqola bosilgan. «Shovqinga qarshi tovush yordamida kurashish: qarama-qarshi shaklli to‘lqinlar sokinlikni ta’minlaydi» maqolasida xado tamoyillarining amaliyotda qo‘llanilishiga oid tadqiqotlar xususida so‘z yuritiladi. Mana, maqolaning mazmuni:

«Vokeda shahri universiteti olimi doktor Yosio Yamasaki ilmiy-texnik laboratoriyasida musiqa shovqini ostida sokinlik paydo qilishga muvaffaq bo‘ldi. Sokinlik yaratishning bu turi tovush shovqinini o‘chirishning yangi usuliga asoslangan. Shovqin-suronli idoralarda, xizmat joylarida bu uslub qo‘l keladi, degan ishonch bor.

Musiqa ham, inson ovozi ham tabiatan to‘lqinli hisoblanadi. Yangi usul esa shovqin to‘lqinlarining balandlash hamda pastlash tamoyiliga asoslanadi, shovqinga qarama-qarshi shaklli to‘lqinli tovush taralsa, shovqin eshitilmay qoladi va sokinlik inadi.

O‘n ikki metr maydonli xonada tajriba o‘tkazildi. Birinchi dinamikdan taralayotgan musiqa to‘lqinlariga ikkinchi va uchinchi dinamiklarning birinchiga qarama-qarshi to‘lqinli tovushi bilan ta’sir ko‘rsatildi va alaloqibat shovqinni so‘ndirish samarasi – sokinlikka erishildi. Belgilangan joyda sokinlik va undan bir necha millimetr narida past tovushda musiqaning asosiy ohanglari hamda inson ovozi eshitilardi va ularning chastotasi bir necha yuz baravar past edi. Neytrallashtiruvchi dinamiklarni ko‘paytirish natijasida tovushsiz kenglik chegaralarini kengaytirish mumkin.

1991 yil, 9 aprelda Tokioda bo‘lib o‘tgan shovqin va tebranishlarni faol nazorat qilish bo‘yicha Xalqaro simpoziumda tajriba namuna-lari to‘g‘risida ma’ruza qilindi. Doktor Yamasaki o‘z ma’ruzasida, jumladan shunday dedi: «Bu tovushni tovush bilan o‘chirish usuli deyiladi. Bu usul ma’lum bir chegaralangan joyda shovqindan xalos bo‘lishga yordam beradi. Menimcha, bu usulni har xil vaziyatlarda qo‘llab ko‘rish kerak». Ko‘rinib turibdiki, ishlayotgan avtomobil dvigatellari ovozi, oshiqayotgan poyezd vagonlari taqa-tuqi, fabrika va zavodlardagi dastgohlar shovqin-suronini shu usul bilan bartaraf etish mumkin.

Ta’kidlash joizki, to‘lqinni to‘lqin bilan o‘chirish usuli faqat tovushgagina taalluqli emas. Bu usulni barcha xadolar latif energiyalarga nisbatan ham qo‘llash mumkin. Xado-tibbiyotda mazkur usul yordamida bemorni unga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan xadoni to‘g‘rilovchi xado yuborish yo‘li bilan davolash mumkin. Ko‘rib turganingizday, bu o‘rinda yana suv yordamiga suyaniladi.

Ma’ruzalarim, maqolalarim va kitoblarimda xado kontseptsiyasini faol targ‘ib qilaman. Targ‘ibot ish faoliyatimning asosini tashkil etgani bois, boshqa odamlar xadosini o‘rganish va sog‘liqlarini tiklashga yordamlashish uchun vaqtim yetmaydi. (Yaponiyada 20 nafar shogirdim odamlarga ana shunday xizmat ko‘rsatishyapti).

Davolash jarayonida maxsus asbob yordamida bemorning xadosi o‘lchanadi. Minglab kishilar xadosini o‘lchashda ana shu asbobdan foydalanganman. Kuzatilayotgan tebranishlar maromidan chiqqani aniqlangach, buni tuzatuvchi axborot yuborilgan suv tayyorlanadi. Maxsus suvda tayyorlangan xado inson tanasini tashkil etuvchi eng kichik zarralar, atomlar, malekulalargacha ta’sir etib, maromi buzilgan tebranishlarni tuzatadi. Bunday suvni ichgan inson asta-sekin tuzaladi.

NOTINChLIK KO‘PINChA KASALLIKKA SABAB BO‘LADI

Tadqiqot jarayonida aksariyat bemorlarga xos umumiy belgilar borligini, his-tuyg‘ular bilan jismning kasal aozolari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni aniqladim. 1995 yilda 100 nafar inson xadosini o‘rganish yuzasidan tajriba o‘tkazdim. Ulardagi eng ko‘p tarqalgan his-hayajon holatlari (zo‘riqish, notinchlik, bosimni sezish, jizzakilik, qo‘rquv, tavakkalni bilmaslik… singari 38 ta hissiy ta’siri tadqiq etildi) xadosini o‘lchab chiqdim. Hissiyotlarning qay biriga jismning qaysi a’zosi ko‘proq rezonans berishi aniqlandi. Olingan natijalar jadvalga solindi. Aytaylik, qattiq stress-zo‘riqish ichaklar faoliyatini izdan chiqargan. Notinchlik bo‘yin nervlarini qaqshatsa, jizzakilik vegetativ nerv tizimining parasimpatik bo‘limini, qo‘rquv-buyrakni, xavotir esa, oshqozonni kasallantiradi.

O‘z hissiy va jismoniy holatingizga diqqat qiling. Yuqoridagi xulosalar to‘g‘ri chiqyaptimi? Notinchlik ko‘pincha xastalikka sabab bo‘ladi. Qalban sokinlik esa sog‘liqni tiklaydi. Tibbiyotda «platsebo effekt» to‘g‘risida tez-tez gapirishadi. Farmatsevtika kompaniyalari yangi dori samarasini sinab ko‘rish maqsadida shifokorlar bilan hamkorlikda klinik tadqiqotlar o‘tkazishadi. Birinchi guruh bemorlarga yangi dori, ikkinchi guruhga esa platsebo (oddiy vitamin yoki dori bo‘lmagan nimadir) berib, bu yangi dori, deyishadi. Tabiiyki, chinakam yangi dori ichgan bemorlar dori ta’sirida tuzala boshlaydi. Qizig‘i shundaki, ikkinchi guruhdagi aksariyat bemorlar ham garchi yangi dori qabul qilmagan bo‘lsalar-da, sog‘ayishadi. To‘g‘ri, platsebo-soxta dori ichgan bemorlarning tuzalish darajasi past, lekin shunday bo‘lsa ham ular sog‘ayishyapti. Nima uchun, degan savolga zamonaviy tibbiyot jo‘yali javob berolmaydi. Bu o‘rinda ijobiy fikrlash tarzi salomatlikni tiklagan, deyishga asos bor. O‘z salbiy holatingiz-kayfiyatingiz antonimi (qarama-qarshisi)ni fikran yo xayolan chorlang. Zo‘riqqanda bo‘sh qo‘yishni, jizzakilikda xotirjamlikni o‘ylang. Ha, xadoni tuzatishning eng oson yo‘li so‘zning qarama-qarshisi ma’nosidan foydalanishdan iborat. Bu o‘rinda ham suv madadga keladi. Suv unga taklif etilgan axborotni o‘zida saqlaydi. Boshqacha aytganda, ijobiy holat xadosi suvga inadi. Bunday suvni ichayotgan inson xado-tibbiyot amaliyotini o‘taydi.

Mazkur kitobni yozishga tayyorlanayotganimda tajriba o‘tkazdim. Yuqorida sanalgan qarama-qarshi hissiyotlar yozilgan qog‘ozlarni suvli shishalarga yopishtirib, muzlatdim. Avval, salbiy hissiyotlardan suv qanday ta’sirlanganligini suratga tushirdim. Keyin esa, ijobiy hissiyotlarni suv nechog‘li yaxshi ko‘rishini chiroyli kristallarda, namoyon ayladi.

JISM JAROHATLARI HAMDA XADO VAZIFALARI

Ichki kasalliklar bilan birga tashqi jismning lat yeyishi, yaralanishi, sinishi singari kasalliklar ham bor. Xado nuqtai nazaridan ichki, tashqi xastaliklar o‘rtasida katta farq yo‘q. Unisida ham, bunisida ham tebranishlar maromiga putur yetadi. Nazarimda, isitma tebranishlar chastotasining ko‘rsatkichi hisoblanadi. Ma’lumki, bir me’yorda ishlayotgan jism harorati 36,5 darajani tashkil etadi. Tashqi ta’sir tufayli jismning zararlangan a’zosi tebranishlariga putur yetadi va isitma ko‘tariladi. Aynan shuning uchun ham jism lat yeganda ko‘pincha isitma baland bo‘ladi.

Tebranish va hayot bir-biri bilan g‘oyat bog‘liq. Yuragi urishdan to‘xtagan inson o‘lgan sanaladi. Boshqacha ifodalaganda, tebranish hayotning o‘zidir. «Hayot» ma’nosini anglatuvchi yapon iyeroglifi «urib turmoq» degan ikkinchi mazmunga ham egaligi tasodif emas.

O‘Z-O‘ZINI BILISh VA ShIFO TOPISh UChUN

Maxsus o‘lchovchi asbob yordamida o‘zini yomon sezayotgan odam xadosini o‘lchab, tebranishlardagi marom buzilishiga uni bartaraf etuvchi xado orqali ta’sir ko‘rsatish kerak. Tebranishlar maromiga tushganda, sog‘liq tiklanadi. Mazkur tamoyilni amaliyotda qo‘llash maqsadida o‘lchovchi asbob vositasida odamlarning xadosi haqida axborot yig‘a boshladim. Tanishlarimdan biri meni sinab ko‘rgisi keldi shekilli, bir siqim sochni qo‘limga tutqazib, dedi:

– Do‘stim iltimos qildi, qizining sochi, shuni tekshirib, tashxis qo‘yolasizmi?

Tanishim bu qizning sog‘ligi to‘g‘irisida churq etmadi. Bir soat ichida sochni asbobim yordamida tekshirgach, unga quyidagi ma’lumotlarni aytdim:

1. Bosh miya uchun g‘oyat past rezonans.

2. Butun jism uchun rezonans pastlashuvi.

3. Qo‘rg‘oshin bilan zaharlanish bunga sabab bo‘lishi mumkin.

Tanishim bu ma’lumotlarni do‘stiga yetkazibdi. Qiz o‘n yildirki, universitet klinikasining psixiatrik bo‘limi hisobida turarkan. Uni ko‘p marta kasalxonaga yotqizib, tekshirib ko‘rishgan, ammo kasallik sababini topisholmagan. Sababini aniqlamay turib, sog‘liqni tiklash mumkin emas. G‘amzada ota noan’anaviy tibbiyotdan umidvor bo‘lib, do‘sti orqali (o‘zi u qadar ishonmabdi) menga murojaat qilgan. Keyingi kun tanishim qo‘ng‘iroq qilib, do‘sti tashxisimdan karaxt bo‘lib qolganini, uylaridagi vodoprovod quvurlari darhaqiqat qo‘rg‘oshindan ekanligini aytdi. Ko‘p o‘tmay, ota-ona ishxonamga kirib kelishdi. Ota har ehtimolga qarshi uylaridagi vodoprovod suvidan ham keltiribdi. Pokiza, kelishgan qiz ruhiy kasalga o‘xshamasdi. O‘zini yaxshi his etar, faqat vaqti-vaqti bilan ko‘ziga sharpalar, ro‘yolar ko‘rinib turarkan.

Xado o‘lchovchi asbobim bilan qizni, ota-onasini ko‘rikdan o‘tkazdim. Darhaqiqat, qiz qo‘rg‘oshin bilan kuchli zaharlangan edi. Ota-onada ham zaharlanish bor, ammo u qadar kuchli emas. Tahlil vodoprovod suvining qo‘rg‘oshin bilan juda kuchli zararlanganligini isbotladi. Qizlari aslo ruhiy kasal emasligi, barchasiga sabab qo‘rg‘oshinning bosh miyada to‘planib qolganligida ekanini aytganimda, ota-ona sevinchdan yig‘lashdi, men ular siymosini hech qachon unutmayman.

Eng avvalo qo‘rg‘oshin quvurlarni almashtirishga qaror qilishdi. Jismdagi qo‘rg‘oshinni chiqarishga yordamlashishni iltimos qilishganda, amaliy tibbiyot bilan shug‘ullanishga haqqim yo‘qligini, qo‘rg‘oshindan zaharlanish xadosini neytrallashtirishgagina yordamlashishimni aytdim. Xado gallyutsinatsiyalar paydo bo‘lishi oldini oladi. Muolaja uchun zaruriy chastota bilan tebranuvchi suv kerak edi, xolos.

Ular taklifimni qabul qilgach, zaharlanish oqibatlarini neytrallovchi xado-suv tayyorladim. Bemor qiz xado-suvni ikki oy mobaynida bajonidil ichib yurdi, natijada qo‘rg‘oshin bilan zaharlanish ko‘rsatkichi avvalgisidan keskin pasaydi. Qizgina uch-to‘rt kun tunlari uxlolmadi, bu – zaharlanishning keskin yo‘qolishi tufayli bo‘lsa, ajabmas. Sog‘ligi esa ancha yaxshilanganligini universitet klinikasidagi davolovchi shifokori ham tasdiqladi. Madad berolganimdan xursand edim, ammo bu voqea suvning mehri ham, qahri ham borligini isbotlab meni hushyor torttirdi.

Oila boshlig‘i bilan bamaslahat, ularning uyidagi qo‘rg‘oshin quvurli vodoprovod suvini analiz qilib berilishini so‘rab, jamoat tashkilotlaridan biriga murojaat etdik. O‘n kundan so‘ng men avvaldan taxmin qilganim natijalarni oldik. Tarkibida qo‘rg‘oshin borligiga qaramay suv ichishga yaroqli, sifatli, deya natija berilgan. Molekulyar darajada suvda qo‘rg‘oshin qo‘rinmagan, lekin atom zarralari tarzida borligiga ishonchim komil edi. Bu hodisa suvni analiz qilishning hozirgi usuli eskirganligini yaqqol ko‘rsatib turardi.

Tadqiq etilgan suvda qo‘rg‘oshin bo‘lmasa-da, suv uning uchun zaharli ekanligi to‘g‘risidagi axborotni saqlab qolgan. Qiz bunday suvni ichgach, tana tebranishlarida buzilishlar sodir bo‘lib, ruhiy xastaliklarni keltirib chiqargan. Yuqorida ko‘p bora ta’kidlaganimday, suv ijobiy yoki salbiy bo‘lgan axborotni o‘zida saqlaydi. Modomiki, inson asosan suv ekan, u o‘zi ichayotgan suvdagi axborotlardan ta’sirlanadi. Ijobiy axborot sog‘liqni mustahkamlaydi, salbiysi esa kasallikka chalintiradi.

ODAMZODNING ISMI, SURATIDA UNING KASALLIKLARI TO‘G‘RISIDAGI AXBOROT MAVJUD

Biz suvga ma’lum bir ma’noli so‘z bilan ta’sir ko‘rsatib, suv muzlatilgach, so‘z mohiyatiga ko‘ra kristallar yo hosil qiladi yoki qilmaydi. Buni fotosuratlar ham isbotlaydi. Gipotezamning tasdig‘i sifatida muz kristallarini suratga tushirishda davom etdim.

Aql-idrok bu hodisaga ishonishni istamaydi, suv o‘ziga taqdim etilayotgan axborotni qabul qilib, nahot shunga muvofiq o‘zgarsa?! Xado o‘lchagich asbobim vositasida o‘tkazilgan tadqiqotlar buning haqiqatligini isbotlasa, ne tong! Misol keltiraman.

Xado-tibbiyot yordamida bemorlar sog‘ligini tiklashga ko‘maklasha boshladim. Huzurimga notanish kishi kelib, do‘stining 22 yoshli qizi saratonga chalinganligini aytdi. Limfa tugunlari o‘smasi. Ikki yil muqaddam otasi, bobosi ham shu xastalikdan vafot etishgan, ikkisi ham shifokor ekan.

– Bechora qizga yordam bering, doktor,– yalindi tanishim.

Qiz universitetning tibbiyot fakultetida o‘qiydi. Uni shu ilm dargohidagi klinikada operatsiya qilishgan, ayni paytda kimyoviy terapiya olyapti. Bu esa vaziyatni mushkullashtirardi. Insondagi buzilgan tebranishlar xadosini o‘lchab, muvofiqlashtiruvchi xado-suv tayyorlamog‘im uchun shaxsan ko‘rishish zarur. Bemor qiz yotgan klinikaga o‘lchagich asboblarimni ko‘tarib borolmayman. Zamonaviy universitet klinikasi shifokorlari muqobil tibbiyotni tan olisharmidi? Meni haydab chiqarishadi, tamom-vassalom! Buni tanishimga aytdim. Keyingi safar u qizning onasi bilan ishxonamga kirib kelishdi. Ona sho‘rlik shunchalar yig‘lab, tavallo qildiki, yo‘q, demak, mumkin emasdi. Kutilmaganda xayolimga bir g‘oya keldi. Qizning suratidan xadosini o‘lchasam-chi?

Ha, suratdan xadoni o‘lchashga muvaffaq bo‘lganim ondagi hayratim ta’rifga sig‘maydi. Qizni kuchli xavotir qurshaganini o‘lchov natijalari ko‘rsatib turardi. Yuqorida, xavotir holati ko‘pincha oshqozon kasalliklarini keltirib chiqarishini ta’kidlaganman. Ayol, keyingi paytda qizining ko‘ngli aynib, ovqat yeyolmay qolganligini aytgach, mendagi ishonch kuchaydi: qiz huzurimga kelmasa ham uning kasalligi to‘g‘risida axborot to‘play olaman!

Uning xadosini maromiga soluvchi suv tayyorlay boshladim. Ona har safar qizining yangi-yangi suratlarini keltirar, men esa bemor uchun xado-suv tayyorlash bilan band edim.

Kimyoviy terapiya qizda o‘z zararli oqibatlarini qoldirgan bo‘lib, tana tebranishlarida ko‘plab, turli xil nomuvofiqliklar ko‘zga tashlanardi. U xado-suv iste’mol qila boshlagach, zararli oqibat neytrallashdi. Davo kursi muvaffaqiyatli tugab, bemorimga klinikadan uyga javob berishdi. Qiz o‘qishga qaytdi, ma’lum bo‘lishicha, hozir o‘zi bemorlarni davolayapti. Bunday hodisalar suvning suratlardagi axborotni o‘qib, shunga muvofiq o‘z xususiyatlarini o‘zgartira olishiga ishonchimni komil qildi. Xayolimga, balki suv ismlarga xos axborotni ham o‘zida in’ikos etsa, ajab emas, degan fikr urildi. Bu gipotezani sinash uchun tajriba o‘tkazdim. Biri ezguligi va biri yovuzligi bilan mashhur insonlar – Momo Tereza va Adolf Gitler nomlari yozilgan qog‘ozchalarni suv quyilgan shisha idishlarga yopishtirib, ularni muzlatdim. Suvlar muzlagach, hosil bo‘lgan kristallarni suratga oldim. Natija kutganimday edi. Suratlarda shu insonlar bilan bog‘liq tuyg‘ular in’ikos etgandi. So‘z bilan ifodalasak, ism-familiyalarning ham o‘z xadosi bor. Ana shunday suratlar ilgari bosilib chiqqan kitoblarimga kiritilgan. Ammo jinoyatchilar bilan adash ism-nasabli insonlar noto‘g‘ri xulosa chiqarmasliklari uchun tarixiy shaxslar suratlari xadosini chop etmaslikka qaror qildim.



Report Page