20/80

20/80

Propiskasizyigit

Italiyalik iqtisodchi Vilfredo Pareto bir kuni uning bog'ida ekilgan 20 foiz no'xat 80 foiz hosil berayotganiga e'tibor qaratdi. Bu unga 80 foizli natija beruvchi 20 foizli urinish haqidagi qoidani shakllantirishga turtki berdi. 20/80 tamoyilini nafaqat ishda, balki hayotning boshqa sohalarida ham qo'llash mumkin. "Layfxaker" shu haqida xabar berdi. 

Bu sanoat va biznesning turli sohalaridagi faoliyatning optimallashuvi va samaradorligini baholashning mashhur usuli.

Kompaniyalar ko'pincha o'z daromadlarining 80 foizi 20 foiz mijozlardan tushishini, 20 foiz savdo vakillari 80 foiz sotuvlarni yopishlarini ta'kidlashadi. Vaqt bilan ham xuddi shunday: 80 foiz unumdorlik 20 foiz vaqtni egallaydi, daromadning 80 foizini 20 foiz xodim keltiradi. Bunga misollar ko'p.

Albatta, raqamlar har doim ham aynan 20/80 bo'lavermaydi. Balki 76/24 yoki 83/17 bo'lar, lekin 1/4 nisbat saqlanib qoladi.  

20/80 tamoyili biznesda keng qo'llaniladi, lekin uni kundalik hayotda ham qo'llash mumkin. Birinchi o'rinda - ishda. 

Siz 80 foiz vaqtingizni qanday vazifalarga sarflaysiz? Elektron pochtagami yoki messenjerlarga? Yodingizda bo'lsin, bular bor-yo'g'i 20 foiz foyda beradi, shu bois haqiqatda muhim ishlarga e'tibor qaratganingiz ma'qul. Mehnat faoliyatingizning qaysi qismi sizga 80 foiz daromad keltiradi, rahbariyat tomondan talabgorlikmi yoki hamkasblar hurmati?

Keyingi savollarga ham javob topishga urinib ko'ring. Ular dastlab murakkabdek tuyuladi, bu avval hech qachon hisoblashga urinib ko'rmaganingiz uchun shunday.

Qaysi 20 foiz narsa siz uchun maksimal qadr-qimmatga ega (80 foiz va yuqori)?

Nimaga 20 foiz vaqt sarflab, 80 foiz zavq olasiz?

Yon-atrofingizdagi odamlardan qaysi biri sizga eng ko'p baxt ulashadi?

Qaysi 20 foiz kiyimlaringizni 80 foiz vaqt davomida kiyib yurasiz?

Ratsioningizning 80 foizini tashkil qiluvchi 20 foiz oziq-ovqat mahsuloti va taomlarga nimalar kiradi?

Javob berdingizmi? Endi esa o'ylab ko'ring, siz hayotning bu jabhalarini qanday yaxshilay olasiz?

Masalan, agar 80 foiz vaqtingizni sizga atigi 20 foiz zavq ulashadigan kishilar bilan o'tkazadigan bo'lib chiqsangiz, demak, muloqot doirangizni o'zgartirish haqida o'ylab ko'rishingiz kerak. 

Agar 80 foiz vaqtingizni internetga sarflab, bor-yo'g'i 20 foiz zavq oladigan bo'lsangiz, tarmoqda nima bilan shug'ullanayotganingiz borasida o'ylab ko'ring. Ehtimol, faoliyat doirangizni o'zgartirarsiz yoki kompyuter qarshisida o'tkazadigan vaqtingizni qisqartirarsiz.

Agar 80 foiz buyumlaringizdan faqat 20 foiz foydalansangiz, ularni kimgadir berib yuboring yoki soting. Kiyimlaringiz bilan ham xuddi shunday. 

O'z ratsioningizni 20/80 tamoyili bo'yicha tahlil qilib, qanchalik sog'lom ovqatlanishingizni bilib olasiz. Agar 80 foiz vaqtda yog'li taom iste'mol qilsangiz, o'ylab ko'ring, parhez qilish vaqti kelmadimikan? Proportsiyalarni qayta ko'rib chiqing, toki foydasiz eguliklar faqat 20 foiz hollardagina dasturxonni band qilsin. 

Paretoning ratsional qonunini hatto sevgiga nisbatan ham qo'llash mumkin. Qaysi 20 foiz xatti-harakatlar sizning munosabatlaringizdagi 80 foiz muammolarni keltirib chiqaradi? Sizni juftingizga 80 foiz yaqinlashtirgan 20 foiz suhbatlar nima haqida edi?

Aksariyatimiz munosabatlarga hech qachon bunday burchak ostidan nazar solmaganmiz, shu bois bu katta foyda berishi mumkin. 

20/80 tamoyili yordamida nafaqat hayot samaradorligini baholash, balki uni nazoratga olish ham mumkin. Masalan, mas'uliyatni zimmangizga olib, muammo mavjud bo'lgan sohalarni yaxshilash. 

Pareto qonuni davolash vositasi emas, albatta. Uni hayotiy ustuvor tamoyil qilib, hamma narsani shu bilan o'lchash shart emas. Biroq 20/80 qoidasi hayotingizga yangi chizgilar kiritishda ajoyib qo'llanma bo'la oladi. 

Bir o'ylab ko'ring, 20/80 tamoyiliga asoslanib, hayotingizda nimani o'zgartira olgan bo'lardingiz?


Manba: Xabardor.uz

Report Page