2021-YILNING AVGUST-SENTABRIDA O‘ZBEKISTONDA 88 MING GEKTAR QISHLOQ XO‘JALIGI YERLARIDA PIYOZ VA SARIMSOQPIYOZ EKILDI

2021-YILNING AVGUST-SENTABRIDA O‘ZBEKISTONDA 88 MING GEKTAR QISHLOQ XO‘JALIGI YERLARIDA PIYOZ VA SARIMSOQPIYOZ EKILDI


Joriy yil avgust-sentabr oylarida mamlakatimiz bo‘ylab barcha toifadagi xo‘jaliklarning 88,2 ming gektar maydonida piyoz va sarimsoqpiyoz ekish ishlari olib borildi. Respublika bo‘yicha ushbu yildagi ko‘rsatkich o‘tgan yilga qaraganda 5,8 ming gektarga ko‘p yoki mos davrga nisbatan 107 %ni tashkil etadi. Taʼkidlash kerak, joriy yil ushbu maydonlarda piyozning asosan hosildorligi yuqori va eksportbop navlari ekilgan. 

Avgust-sentabr oylarida va to‘qsonbosti usulida yetishtiriladigan piyozdan 2022-yilda kutilayotgan hosil 2 mln tonnani tashkil etishi, sarimsoqpiyoz hosili esa 623 ming tonna bo‘lishi rejalashtirilmoqda.


“Piyoz va sarimsoqpiyozni avgust-sentabr oylarida va to‘qsonbosti usulida ekishning afzaliklaridan biri, ushbu ekinlardan ertaki muddatlarda hosil olishga erishiladi. Natijada 2020-yil bahorda aholimizni yangi mahsulot bilan o‘z vaqtida taʼminlash, shuningdek, piyoz va sarimsoqpiyozni tashqi bozorlarga boshqa mamlakatlarga nisbatan oldinroq, mart va aprel oylarida yetkazib berish orqali eksport afzalligiga erishish imkonini beradi. Piyoz va sarimsoqpiyozning erta hosili mart oyida Surxondaryoda pishib yetiladi”,- deya taʼkidlab o‘tdi Qishloq xo‘jaligi vazirligining Sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik bo‘limi boshlig‘i Bekzod Nuriddinov.

2020-yil yakunlariga ko‘ra, 34,3 mln dollar qiymatidagi 210,2 ming tonna piyoz, shuningdek, 2,6 mln. dollarlik 10,6 ming tonna quritilgan piyoz mahsuloti eksport qilindi. Sarimsoqpiyoz eksporti qiymati 1,8 mln dollarlik 2,1 ming tonna mahsulotni tashkil etdi.

Piyoz ekilayotgan maydonlarda resurslarni tejash maqsadida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etildi. Natijada o‘g‘itdan o‘simlikni oziqlantirishda samarali foydalanish va suvning 40 foizgacha tejalishiga erishish mumkin. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, ushbu chora-tadbirlar hosil oshishiga ijobiy taʼsir ko‘rsatаdi.

Shuningdek, joriy yil hududlarning tuproq-iqlim sharoiti o‘ziga xosligidan kelib chiqib, avgust-sentabrda ekiladigan piyoz va sarimsoqpiyoz navlarini ekishni to‘g‘ri tashkil etish hamda yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni sifatli o‘tkazish bo‘yicha tavsiyaviy qo‘llanmalar ishlab chiqilgan. Ushbu chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 15-oktabrdagi PQ-4863-sonli “Sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilishni ko‘paytirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.


O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi 

Axborot-multimedia markazi 

tomonidan tayyorlandi

Report Page