ᅠᅠ

ᅠᅠ

Marhamah Study

Fransiya kolonial imperiyasi (1534-1980) II - Qism
Poytaxti — Parij
Maydoni — 13 000 000 km2
Pul birligi — fransuz franki va boshqa pul birliklari

Fransua Martin de Vitre vataniga qaytib kelganidan keyin 1604 yildan 1609 yilgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida qirol Genrixning Osiyoga sayohat qilishga ishtiyoqi kuchaydi hamda Angliya va Gollandiyaga o‘xshab Fransiya ham o‘zining “Ost - India” kompaniyasini tashkil etishga harakat qildi. 1604 yil 1 iyunda u Dieppe savdogarlariga Dieppe kompaniyasini tuzish uchun maxsus patentlarni berdi va ularga 15 yil davomida Osiyo bilan savdo qilishlari uchun eksklyuziv huquqlarni berdi. Biroq, 1616 yilgacha mazkur kompaniya tomonidan hech qanday kema safarga jo‘natilmagan.
Dieppe shahri 2022 yil
Fransiya tomonidan Hindistonning Chandernagor (1673) va janubi-sharqidagi Pondisher (1674), keyinroq Yanam (1723), Mahe (1725) va Karikal (1739) da mustamlakalar tashkil etilgan.
1664 yilda sharq bilan savdo qilish uchun Fransiyaning “Ost - India” kompaniyasi tashkil etildi.
Fransiyaning “Ost - India” kompaniyasi
Fransiyaning dastlabki mustamlakachilik siyosati asosan Amerika va Osiyoda sodir bo'lgan bo'lsa-da, fransuzlar Afrika qit'asida bir nechta koloniyalar va savdo hududlarini tashkil qilishdi. Afrikadagi dastlabki fransuz mustamlakachiligi hozirgi Senegal, Madagaskar va Maskaren orollari hududlarida boshlangan. Fransiyaning Ost - India kompaniyasi tomonidan qisman boshqariladigan dastlabki fransuz mustamlakachilik hududlarida plantatsiyalarga asoslangan iqtisodiyotga va qul mehnatiga asosiy ahamiyat berildi. Ularda bir xil mahsulot yetishtiruvchi qishloq xo'jaligiga va Afrika aholisining majburiy mehnatiga asoslangan edi. Turmush sharoitining og‘irligi , ocharchilik va kasalliklar fransuz koloniyalarida qul mehnat sharoitlarini ayniqsa halokatli qildi. Fransiyaning Senegaldagi faoliyati 1626-yilda boshlangan, biroq rasmiy koloniyalar va savdo nuqtalari 1659-yilda Sen-Luida, 1677-yilda esa Goreda asos solishi bilan tashkil etilgan. Bundan tashqari, Madagaskardagi birinchi aholi punkti 1642 yilda Fort Dofinning barpo etilishi bilan boshlangan.
Fransiyaning Senegal va Madagaskardagi mustamlakachilik ekspansiyasi birinchi navbatda tabiiy resurslarga, jumladan yeryong'oqlar va boshqa xom ashyolardan foydalanishni ta'minlash istagi bilan bog'liq edi. Bundan tashqari, ular XVII-XIX asrlar davomida qul savdosi bilan shug‘ullanish va uni nazorat qilish istagidan kelib chiqqan. Dengiz portlarini nazorat qilishga urg'u berib, fransuzlar odamlarni qulga aylantirib foyda olish uchun chet elga sotishga harakat qilishdi.
Mustamlakachilikning rivojlanishi eksportga yo'naltirilgan ishlab chiqarishni birinchi o'ringa qo'ygan. Lekin, mahalliy sanoat esa yetarli darajada rivojlanmagan edi. Senegalda yong'oq yetishtirish va uni eksport qilish yuqori darajada rivojlangan. Qirg'oq hududlarida fransuzlar qul plantatsiyalarini tuzishdi. Dastlabki rivojlanish bosqichida Faransiya tabiiy resurslarni portlar bilan bog'lash uchun yo'llar qurishga ustuvor ahamiyat berdi.
Reynion oroli, Mavrikiy va Rodrigesni o'z ichiga olgan Maskaren orollarida qo'shimcha fransuz aholi punktlari tashkil etilgan. Reyunion oroli birinchi marta 1642 yilda oʻzlashtirilgan va 1665 yildan boshlab Fransiyaning Ost-India kompaniyasi tomonidan boshqarilgan.
Niderlandiya tomonidan avval o‘zlashtirilgan Mavrikiyni Fransiya o'z nazoratiga oldi va 1721 yilda uning nomini Fransiya oroli deb o'zgartirdi. Bundan tashqari, Fransiya 1735 yilda Rodriges va 1756 yilda Seyshel orollarini o'z nazoratiga oldi.
Reyunion orolida (Burbon oroli) Fransiyaning Ost-India kompaniyasi 1730-yillarda ilk qul savdosini joriy qilgan. Fransiyaning Ost-India kompaniyasi qo'shimcha ravishda qahva yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi va majburiy mehnatga asoslangan plantatsiya iqtisodiyotini shakllantirishga harakat qildi.
Plantatsiya xo‘jaligiga asoslangan koloniyalar uchun xos bo'lgan an’anaga ko‘ra fransuz mustamlakachilari ham Reyunion orolida ozchilikni tashkil qilishar edi. 1763 yilda atigi 4000 fransuz mustamlakachilari 18 000 dan ortiq afrikalik qullarni mehnatidan foydalanishgan. Reyunion orolida qul sifatida ishlatilgan aholining aksariyatidan qahva plantatsiyalarida foydalanilgan. Ular asosan Madagaskar, Mozambik va Senegaldan keltirilgan.
Mavrikiy (Fransiya oroli) iqtisodiyoti ham xuddi shunday majburiy afrikalik qullar mehnatiga asoslangan plantatsiya tizimiga ega edi. Bunday plantatsiyalarda shakarqamish, paxta, indigo, sholi va bugʻdoy yetishtirilgan. Reyunion orolidan 2000 ga yaqin mustamlakachilar va qullar Mavrikiyga ko'chib ketishgan.
Maskaren oroli plantatsiyalarida qulga aylantirilgan aholi uchun sharoit juda yomon edi. Qulllar uchun yomon turmush sharoiti va ocharchilik juda halokatli edi. 1725 yildan 1737 yilgacha bo'lgan bir qator hosilning kamayib ketishi holatlaridan so'ng, orollarning qulga aylantirilgan aholisining 10% ga yaqini ochlik va kasallik tufayli nobud bo'ldi.
XVIII asrning oʻrtalarida Fransiya va Angliya oʻrtasida bir qator mustamlaka hududlari uchun toʻqnashuvlar boshlandi, natijada birinchi fransuz mustamlaka imperiyasining katta qismi qo‘ldan boy berildi va Fransiya Amerikadan deyarli butunlay haydab chiqarib yuborildi. Bu urushlar Avstriya taxti vorisligi uchun urush (1740-1748), Yetti yillik urush (1756-1763), Amerika inqilobi (1775-1783), Fransiyadagi inqilobiy urushlar (1793-1802) va Napoleon Bonapartning urushlari (1803 -1815) edi. Buni hatto fransuz va hind urushlarining birinchi davrida ham ko'rish mumkin edi. Ushbu davriy to'qnashuvni ba'zan Ikkinchi yuz yillik urush deb ham nomlashadi.
Turli sharoit va hududlarda kechgan urushlarda soni jihatidan ustun bo'lgan inglizlar nafaqat Yangi Fransiyani (kichik Sent-Pyer va Mikelon orollari bundan mustasno), balki Fransiyaning Vest-India (Karib dengizi) koloniyalarining ko'pchiligini va barcha Fransuz savdo nuqtalarini qo‘lga kiritdi.
Tinchlik shartnomasiga ko‘ra Fransiyaning hindular bilan savdo hududlari, Karib dengizidagi Martinika va Gvadelupa orollari Fransiyaga qaytarilgan bo'lsa-da, Hindiston uchun raqobatdagi g‘alaba ushbu hududdagi ingliz ta’sir doirasini kengaytirib yubordi. Shimoliy Amerika butunlay qo'ldan ketdi. Yangi Fransiyaning katta qismi Buyuk Britaniya tomonidan bosib olindi (ushbu hudud Britaniya Shimoliy Amerikasi deb ham ataladi), Luiziana Fransiya tomonidan Ispaniyaga urushga kirishi uchun to'lov sifatida berildi. Vest-Indiadagi Grenada va Santa-Lyuchiya ham inglizlarga berildi. Kanadaning qo‘ldan boy berilishi Fransiya uchun katta yo‘qotish bo‘ldi.
Fransiya mustamlaka imperiyasining biroz qayta tiklanishi Fransiyaning Amerika inqilobiga aralashuvi paytida amalga oshirildi, 1783 yilda Parij shartnomasiga binoan Santa-Lyuchiya Fransiyaga qaytarildi.
1783 yildagi Parij shartnomasi
1791 yilda Fransiyaning eng boy va eng muhim mustamlakasi bo'lgan Santa-Dominga (Karib dengizidagi Hispaniola orolining uchdan bir qismi) orol aholisi o'rtasidagi bo'linish natijasida yuzaga kelgan katta qul qo'zg'oloni oqibatida orol boshqaruvini qo‘ldan chiqardi.
Oxir-oqibat Tussen L'Overtyur boshchiligidagi qullar 1801 yilda Jan-Jak Dessalin tomonidan qo'lga olinganiga qaramay, fransuz va ingliz raqiblariga qarshilik ko‘rsata oldilar. 1802 yilda frasuzlar muvaffaqiyatsiz yakunlangan ekspeditsiyani yuborishdi. Keyingi yili esa butunlay dengiz blokadasiga uchrashdi. Natijada, Gaiti 1804 yilda mustaqillikka erishdi. Orolning qora tanli va mulat aholisi 1789 yildagi 700 000 kishidan 1804 yilda 351 819 kishigacha kamaydi. Faqatgina 1802-1803 yilgi harbiy to‘qnashuvlar vaqtida 80 000 ga yaqin gaitiliklar halok bo'lishdi. 1802-1803 yillarda Gaitiga yuborilgan 55 131 fransuz askaridan 45 000 nafari, shu jumladan 18 general, 10 000 dengizchi bilan birga halok bo‘ldi. Ularning aksariyati kasallikdan vafot etgan edi. Britaniya harbiy-dengiz floti kapitani Sorrell shunday degan edi: "Fransiya u yerda saralangan faxriylar, Italiya urushlaridagi qahramon jangchilari va nemis legionlaridan tashkil topgan o'zi yuborgan eng yaxshi qo‘shinlaridan birini yo'qotdi. Endi u Vest-Indiadagi o‘z ta'sir doirasidan butunlay mahrum bo‘ldi."
Tussen L'Overtyur

Tayyorladi: Imomov Xurshid / Marhamah Study buyurtmasi asosida!

BIZNING SAHIFALARIMIZ:
👉 TELEGRAM KANALGA KIRISH 👈
👉 MARHAMAH STUDY 👈
👉 FANLAR 👈

Report Page