ᅠᅠ

ᅠᅠ

1 RAQAMLI MEDIA БЕПУЛ ТАЪЛИМ ТАҲРИРИЯТИ

UOLT DISNEY: MUVAFFAQIYAT TARIXI!
  Ertaklar turlicha boshlanishi mumkin, ammo, albatta yaxshilik bilan tugaydi. Ertak yaratish bo‘yicha mashhur bo‘lgan bizning bugungi qahramonimiz Amerikalik multiplikator, kinorejissyor, ssenarist, prodyuser va tadbirkor Uolt Disneyning yoshligi baxtli bo‘lgan deb ayta olmaymiz, ammo, u omadli hayot yo‘lini bosib o‘tdi.
Kinematografiya olamida birinchi bo‘lib musiqiy va to‘liq metrajli multfilmlar ijodkori Uolt Disney o‘z faoliyatida ulkan yutuqlarga erishdi. U umri davomida 111 filmlarga rejissyorlik va 576 kinofilmlarga prodyuserlik qildi. U 29 marotaba “Oskar” va 4 marotaba “Emmi” mukofotlarining, Yels va Garvard universitetlarining faxriy unvonlarining, AQSHning eng oliy mukofoti – Ozodlik medalining sohibidir. Uning nomiga, biri televideniyani rivojlanishiga, ikkinchisi kino sanʼatini rivojlanishiga qo‘shgan hissasi uchun Gollivud Alleyasida ikkita yulduz o‘rnatilgan. Ammo, mukofotlarning eng qadrlisi tomoshabinlarning unga nisbatan hurmatidir. Biz sizga kinematografiya sohasida o‘chmas iz qoldirgan Uolt Disney haqida hikoya qilishga qaror qildik. 
Yoshligi.
Uolt (Uolter) Elayas Disney 1901 yil 5 dekabr kuni Chikagoda kambag‘al oilada tug‘ildi. Uoltning otasi oilani boqish uchun nima ish bilan shug‘ullanmasin hech qachon omadi kelmagan. Balki shuning uchun ham u farzandlariga nisbatan qattiqqo‘l bo‘lgandir. Uolt ham akasi kabi otasidan ko‘p kaltak yegan. Otaning fikri bo‘yicha faqat jismoniy jazo bolani tarbiyasiga ijobiy taʼsir etishi mumkin. Uoltning onasi mehribon edi, u otasidan dakki eshitgan o‘g‘liga ko‘p ertaklar aytib berar, balkim har doim yaxshilik bilan yakunlanuvchi mana shu ertaklar uning kelajagiga ijobiy taʼsir qilgan bo‘lishi mumkin.
Uolt 5 yoshda to‘lganida ularning oilasi Missuri shahriga ko‘chib o‘tishdi. Uolt iqtidorli bola bo‘lib ko‘p narsaga qiziqar, ayniqsa rasm chizish unga juda yoqar edi. Ammo, rasm chizgani uchun ham otasi tomonidan jismonan jazolanar edi. Uolt rasm chizishni davom ettirmasligi ham mumkin edi, lekin baxtli tasodif tufayli u rasm chizishni davom ettirib katta muvaffaqiyatlarga erishdi.
Disneylar oilasining aksariyat qo‘shnilari yoqimtoy Uoltni yaxshi ko‘rishar edi. Shunday qo‘shnilardan biri, doktor Shervud Uoltning rasm chizishga qiziqishi va qobiliyatini ko‘rib, minib yurgan otining rasmini chizib berishi uchun yosh rassomga 25 sent beradi. Bu voqea Uoltni rassom bo‘lishiga turtki bo‘ldi va tez orada u o‘zi chizgan rasmlarini sotib pul ishlay boshladi.
Faoliyatini boshlanishi.
1917 yil Disneylar oilasi yana Chikagoga qaytib kelishdi. Birinchi jahon urushi davrida Uolt harbiy xizmatga chaqirilib Fransiyada Qizil xoch jamiyatida avtomobil haydovchisi bo‘lib xizmat qilgan. Urushdan keyin Uolt Kanzas-Siti shahriga kelib mahalliy gazetada karikaturchi bo‘lib ishga kiradi. Ammo, bir oydan keyin «rasm chizishga qobiliyati yo‘qligi» sababli Uolt ishdan bo‘shatildi. Balki o‘sha davrda gazeta rahbarlari Uolt kelajakda rasm chizib mashhur inson bo‘lishini tasavvur qilganlarida, bunday xatoga yo‘l qo‘ymagan bo‘larmidilar.
1920 yil Uolt kinostudiyaga rassom bo‘lib ishga kirgandan so‘ng o‘z qobiliyatini namoyon etishni boshladi. U animatsiya sohasida tajribalar o‘tkazib, do‘sti bilan hamkorlikda “Laugh-O-Gram” studiyasini tashkil etadi. Ammo, ishlar ijobiy natija bermadi va tez kunda studiya bankrotga uchradi.
Uolt studiya bankrotga uchraganidan tushkunlikka tushmadi. U akasi Roy bilan birgalikda Los-Andjelesga ko‘chib o‘tishdi va «The Walt Disney Company» studiyasini tashkil etishdi. Dastlabki vaqtlari studiyada aka-uka Disneylar va Uoltning do‘sti Ab Ayverks faoliyat olib borishgan. Qizig‘i shundaki studiya garajda joylashgan edi. Ahamiyat berganmisiz, biznes olamida katta muvaffaqiyatga erishgan insonlar dastlabki faoliyatini garajda boshlashgan. Balki Amerikaliklar «biznes garajda boshlanmasa, muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi»,- degan tushunchaga amal qilishar. Nima bo‘lganda ham Uoltning ishlari asta sekin yurisha boshladi.
Uolt Disneyning faoliyati bo‘yicha qisqacha maʼlumot.
1.    1924 yilning mart oyida “Alisa moʻjizalar mamlakatida” nomli birinchi tijorat multfilmi yaratildi.
2.    1927 yil yaratilgan Osvald ismli omadli quyoncha haqidagi multfilm ijodkorlarga mashhurlik olib keldi.
3.    1928 yili butun dunyoga mashhur Mikki Maus obrazi paydo bo‘ldi.
4.    1930 yil “Maxkumlar” filmida mashhur kuchukcha Plutto obrazi tomoshabinlar nigohiga taqdim etildi.
5.    1932 yil Uolt Disneyga «Gullar va daraxtlar» qisqa metrajli filmi uchun “Oskar” va Mikki Maus obrazi uchun kinematografiya akademiyasining maxsus mukofotlari topshirildi. Yana bir klassik qahramon- Gufi yaratildi.
6.    1933 yil ekranga chiqarilgan “Uch cho‘chqacha” filmi Uoltga oltin medal va yana bir “Oskar” mukofotini olib keldi.
7.    1934 yil qisqa metrajli «Aqlli tovuq» filmida tomoshabinga  o‘rdakcha Donald Dak obrazi namoyish qilindi.
8.    1935 yil Millatlar Ligasi Uolt Disney ijodini «yaxshi niyat» timsoli deb topdi va Faxriy medal bilan taqdirladi.
9.    1937 yil aka -uka Grimmlarning «Oppog‘oy va yetti gnom» asari asosida yaratilgan to‘la metrajli multfilm 8 million dollar foyda keltirdi.
10. 1940 yil yozuvchi Karlo Kollodi asari asosida yaratilgan “Pinokkio” filmi katta muvaffaqiyat olib keldi. «Qadimiy qo‘g‘irchoq tarixi» filmiga olingan saundtrek navbatdagi “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘ldi.
11. 1941 yilda yaratilgan to‘la metrajli “Dambo” filmi Uoltning yana bir muvaffaqiyatli loyihasi bo‘ldi.
12. 1948 yil Uolt atrof -muhit asrash haqida bir qancha rangli filmlar yaratdi.
13. 1950 yilda yaratilgan “Zolushka” animatsion filmiga «Oltin ayiq» mukofoti topshirildi.
14. 1955 yil yoshligida bir dona ham o‘yinchog‘i bo‘lmagan Uolt haqiqiy ertaklar olamini yaratdi, Kaliforniya shtatining Anaxayma shahrida «Disneyland Park» ochildi.
15. 1961 yilda Uolt «Ranglarning buyuk dunyosi» - ko‘rsatuvini tayyorlab teledastur sohasida ham  birinchilardan bo‘ldi.
16. 1961 yili Kaliforniya saʼnat institutiga asos solindi.
17. 1964 yil Uolt Disney AQSH prezidentining farmoniga binoan -Ozodlik medali bilan taqdirlandi.
18. 1968 yil Uolt o‘limidan keyin AQSHning oliy mukofoti -Kongress oltin medali bilan taqdirlandi.
Uolt Disneyning rejalari ko‘p edi, ammo, 1966 yil 15 dekabr kuni u vafot etdi. Ko‘pchilikning fikricha uning o‘limiga ko‘p tamaki chekishi sabab bo‘lgan. Shuning uchun ham «The Walt Disney Company» studiyasining xodimlari bir ovozdan o‘z filmlarida tamaki mahsulotini ko‘rsatishgan voz kechishdi.
Uolt Disneyning vafotidan keyin uning akasi Roy ukasining yana bir orzusini ro‘yobga chiqardi. 1971 yil “Uolt Disney dunyosi” parkini qurib bitkazdi.
Shaxsiy hayoti.
Uolt Disney 1925 yil o‘zining studiyasida xizmat qiluvchi Lillian Boundsga (1899-1997) uylandi. 1933 yili ularning oilasida qiz tug‘ildi. Unga Dayana Meri (1933-2013) deb ism qo‘yishdi. 1937 yil Disneylar oilasi qiz asrab olishdi. Unga Sheron Mey (1936-1993) deb ism qo‘yishdi.
«The Walt Disney Company» studiyasining rahbarlaridan biri, San-Fransiskodagi Uolt Disney muzeyini (2009) tashkilotchisi Dayana Merining xotirlashicha uning otasi oilaparvar bo‘lgan. Bo‘sh vaqtlarida oila aʼzolari bilan birga bo‘lishga harakat qilgan.
Xotima.
Tahlilchilarning fikricha Uolt Disneyning muvaffaqiyati kuchli iroda, g‘ayrat va tirishqoqligida. U mag‘lubiyatga uchrashi mumkinligi aniq bo‘lgan taqdirda ham chekinmagan. Uolt o‘z g‘oyasiga juda ishongan va maqsadga erishish uchun tinmasdan harakat qildan. Ekspertlar Uoltga baʼzi, xususan; «Oppog‘oy va yetti gnom», “Pinokkio” va “Fantaziya” filmlarni suratga olmaslikni maslahat berishgan, ammo, Uoltni bukulmas irodasi tufayli filmlar yaratildi va katta muvaffaqiyat olib keldi. Baʼzilar «Disneyland Park» qurishdan voz kechishni maslahat berishgan, ammo, Uolt o‘z g‘oyasidan voz kechmadi va Disney imperiyasini yaratdi.
Uolt Disney XX -asrning afsonaviy xalq qahramonidir.
«Agarda ishonch va kuch bo‘lsa, har qanday orzuni ro‘yobga chiqarish mumkin» Uolt Disney
Manba: myrouble.ru

Report Page