12345678

12345678

Uyg'oq



Muvaffaqiyatli kishilar qanday qilib barchasiga ulgurishadi?


Qanday qilib “uch Harvard savoli” yordamida sakkiz soatni tejash va ish kuni tugashi bilan ofisni tark etish mumkin? “Vaqtni boshqarishga oid 15 sir” kitobi muallifi Kevin Kruz milliarderlar, Olimpiya chempionlari va aʼlochi-talabalar orasida soʻrovnoma oʻtkazib, taym-menejment bilan bogʻliq shu va boshqa savollarga javob berdi. HBR nashri Kruzning kitobidan qiziqarli parchalar bilan boʻlishdi.


1440 daqiqa sehri


Biz vaqt - eng qadrli va tiklab boʻlmaydigan resurs ekanini unutib, odamlarga qimmatli vaqtimizni “oʻgʻirlash”ga izn beramiz, yoki oʻzimiz uni shamollarga sovuramiz.


Yuragingizga qoʻlingizni qoʻying va uning urishini his qiling. Nafas olishingizga eʼtibor bering. Siz hech qachon bularni ortga qaytara olmaysiz. Aslini olganda hozirning oʻzidayoq men sizning bir necha yurak zarbingizu nafasingizni “oʻgʻirladim”.


Biroq agar bu sizga vaqt qanday shiddat bilan oʻtayotganini tushunishga yordam bergan boʻlsa, shunga arziydi.


Ehtimol, “Ha, vaqt muhim. Aynan shuning uchun ham men shu kitobni oʻqiyapman. Men buni tushunayapman!”, deb oʻylayotgandirsiz.


Biroq siz shu tushunchalaringizga muvofiq yashayapsizmi?


Endi pulga qancha vaqt ajratishingiz haqida oʻylab koʻring. Imkon qadar koʻproq pul topish maqsadida ertalabdan kechgacha ishlaysiz, topgan pulingizni oqilona sarflashga harakat qilasiz, kimdir ularni oʻgʻirlab qoʻyishidan xavotirda boʻlasiz va nihoyat, “Qanday qilib millioner boʻlish mumkin?” qabilidagi kitoblarni mutolaa qilasiz.


Siz pullarni koʻkka sovurmaysiz, bank hisob raqamingizni diqqat bilan nazorat qilasiz va koʻchadagi notanish kishilarga pul tarqatmaysiz.


Biroq aksariyatimiz oʻz vaqtimizni nimalarga sarflashimizga eʼtibor bermaymiz.



1440 — hayotingizni oʻzgartirishi mumkin boʻlgan sehrli raqam. Men sizlarni bu raqamlar sehrini his qilishga chaqiraman. Shunchaki bir varaq qogʻozga yirik shriftda 1440 raqamini yozing va uni xonangiz eshigiga, televizor tepasiga, kompyuteringiz yoniga, yaʼni doim koʻzingiz tushadigan va vaqtdek qimmatli resursning cheklanganini yodingizga solib turadigan joylarga osib qoʻying. Endi atigi bir daqiqani qanday sarflashingiz mumkinligi haqida oʻylang.


Ishlar roʻyxatini tuzavermay, ularni bajarishga kirishing!


Nimaga intilmang, sogʻlom fikrlash sizning maqsadingiz aniq va oʻlchamli boʻlishi kerakligiga ishora qiladi. “Pullarni tejash” maqsadi oʻrniga, masalan, “yil oxirigacha 5000 dollar tejash”ni maqsad qilish kerak. “Ortiqcha vazndan xalos boʻlish” maqsadi oʻrniga esa “oʻn haftada 10 kg vazn tashlash” kabi aniq maqsad qoʻyish kerak.



Eng muhim vazifani belgilab olganingizdan keyin uni kundalik rejalaringizga kiritishingiz zarur. Oʻz kundaligingizni yoki reja-taqvimingizni oching va bu vazifaga imkon qadar ish kunining ertalabki soatlaridan vaqt ajrating.


Dyuk Universitetining psixologiya va axloqiy iqtisodiyot professori Den Arieli aksariyat odamlarda samaradorlik va kognitiv funksiyalar faoliyati choʻqqisi inson toʻliq uygʻongandan keyingi ilk ikki soatga toʻgʻri kelishini taʼkidlaydi.


Muvaffaqiyatli kishilar roʻyxat tuzishmaydi, ular kundalik bajariladigan ishlar rejasini tuzishadi. Bu kitobni yozish uchun olingan barcha intervyu va soʻrovnomalar davomida men oʻzim uchun asosiy bilimlardan biriga ega boʻldim: nimadir bajarilishini istasangiz, buning uchun muayyan bir vaqtni ajratish kerak.


Ish jadvalingizga toʻgʻri kelmaydigan kutilmagan ishlarga avtomatik ravishda quyidagicha reaksiya qilishga odatlaning: “Afsuski, soat 16:00 dan 17:00 ga qadar muhim ishim bor. 17:00 dan keyin suhbatlashishimiz mumkinmi yoki ertagacha kutamizmi?”


Rejalaringizni buzmaslik uchun muammolarni hal qilishni boʻsh vaqtga qoldirishni oʻrganish — bu sizning samaradorligingizni sezilarli darajada oshirish imkonini beruvchi juda foydali odat.


Rejalashtirishdan vaqtni boshqarishning samarali jihozi sifatida foydalanishning yana bir usuli — mukammal hafta rejasini tuzish.


U qanday boʻlishi kerakligi haqida oʻylab koʻring.


Agar siz frilanser, maslahatchi yoki kouch boʻlib ishlasangiz, sizning mukammal haftangiz loyihalar ustida ishlash, mijozlar bilan uchrashish, yangi koʻnikmalarni oʻzlashtirish va malaka oshirish, shaxsiy marketing tashabbuslaringiz ustida ishlash va gʻoyalar almashish maqsadida hamkasblar bilan uchrashuvlardan iborat boʻlishi mumkin.


Agar siz oʻrta zveno rahbari boʻlsangiz, sizning mukammal haftangiz jamoangiz bilan majlis qilish, murabbiylik, joriy masalalarni hal qilish, shuningdek xotirjam fikrlash va kelajak uchun rejalar tuzish uchun strategik rejalashtirishga vaqt ajratish.


Qaysi kasb egasi boʻlishingizdan qatʼi nazar, sizning mukammal haftangiz — har kuni shaxsiy ishlaringizni (masalan, oilangiz uchun ajratadigan vaqt, sport bilan shugʻullanadigan vaqt, xobbiga ajratiladigan vaqt va dam olish uchun ajratiladigan vaqt) ham oʻz ichiga oladi.


Kundalik ishlar jadvalingizda shu kabi takrorlanuvchi jihatlarga muayyan vaqt bloklarini ajrating. Bu sizga hayotingizni maksimal darajada faoliyat yuritish va maksimal darajada zavq olish asosida qurishga yordam beradi. 


Ishlarni keyinga qoldirishga qarshi kurashamiz


Tasavvur qiling, ishlarni keyinga qoldirish yo kechiktirish odatingizni toʻliq yengdingiz. Hayotingiz qanchalik oʻzgarardi?


Ishlarni kechiktirish odatini yengish uchun uning sabablarini tushunish kerak. Ishlarni keyinga qoldirishingiz va vaʼdaga vafo qilmasligingizga dangasaligingiz sabab emas, bunga sizga motivatsiya yetishmasligi yoki maqsad qoʻyayotganingizda odatlar kuchini (yaʼni “hozirgi oʻzingiz”ga nisbatan “kelgusidagi oʻzingiz”ni) yetarlicha baholay olmasligingiz sababdir.


Bizning kelajak haqidagi tasavvurlarimiz noaniq. psixologiyada bu “ayni damni buzish” deb ataladi. Biz kelajak uchun katta rejalar tuzamiz, hayotimizga keskin oʻzgarishlar kiritishga, boshqacha inson boʻlishga qaror qilamiz, biroq kelajak boshlanib ayni damga aylanganida oʻsha-oʻsha shirinliklar, komediyalarni tanlashda va Facebook'ni koʻzdan kechirishda davom etaveramiz. Bu ancha oson va qiziqarliroq. Hayotni esa tushlikdan keyin yoki dushanbadan boshlab yoxud eng yaxshisi, 1 yanvardan oʻzgartirish mumkin!



Navbatdagi loyihaga kirishish uchun ertalab oʻrnimizdan yaxshi kayfiyatda sakrab turmasligimizga orzularimizning yetarlicha motivatsiyaga ega emasligi sababdir. Ular bizga yetarlicha shijoat bagʻishlay olmayapti. Oldingizda murakkab vazifa turganida uning ortida qanday ogʻriq yoki zavq turgan boʻlishi mumkinligi haqida oʻylang.


Shu ishni bajarsam, qanday zavq olaman? Shunday qilmasam, qanday zarar koʻraman? Mening maqsadlarimdan biri - har kuni jismoniy mashqlarni bajarish. Yoga, kuch-quvvat beruvchi mashqlar va yugurish yoʻlakchasidagi kardiomashgʻulotlar. Sport bilan shugʻullanishni kechiktirmasligim uchun u bilan bogʻliq ogʻriq yoki zavqni yaqqol tasavvur qila bilishim kerak. Men nima uchun mashq qilishim kerak? Chunki chiroyli qomatga ega boʻlishni istayman (kim buni istamaydi?), kuch-quvvatga toʻla boʻlishni, sogʻlom yurak-qon tomir tizimiga ega boʻlishni va bosh miyam yaxshi ishlashini xohlayman.


Agar mashq qilmasam, qanday zarar koʻraman? Qorin osilishi, boʻshashgan mushaklar (yoqimsiz koʻrinish) va h.k. Kamharakat boʻlsam, tizza sohasida paydo boʻlishi mumkin boʻlgan ogʻriqlar haqida oʻylayman. Omadsiz dangasaga aylanishim haqida oʻylayman. Hatto jismoniy mashqlar bilan shugʻullanmaslik - yaqinlarimga nisbatan hurmatsizlik ekani haqida oʻylayman.


Ish joyingizni oʻz vaqtida tark eting


Omadli biznes-yetakchilarning turmush tarziga eʼtibor bering:


Facebook operatsion direktori Sheril Sendberg har kuni oʻz farzandlari bilan birga tushlik qilish uchun ishdan 17:30 da ketadi.


Intel kompaniyasining sobiq prezidenti Endryu Grouv ishga soat 8:00 da kelib, 18:00 da ketgan.


400 dan ortiq kompaniyadan iborat konglomeratni boshqaruvchi Virgin Group asoschisi Richard Brenson oʻzining xususiy orolini tark etmaydi hisob, shunday boʻlsa-da, u tobora koʻproq aql bovar qilmas jahon rekordlarini oʻrnatadi.


Ular hammasiga qachon ulgurishar ekan?


Endryu Grouv oʻzining “Yuqori samarali menejment” kitobida bu sirni ochadi:


"Mening ishchi kunim barcha ishlarim tugaganida emas, oʻzim charchab, uyga ketishga tayyor boʻlganimda tugaydi.


Agar buni oʻz hayotingizga tatbiq qila olsangiz, bu sizning hayotingizni keskin oʻzgartirishi mumkin.


Haftasiga sakkiz soatni tejovchi “uch Harvard savoli”


2013 yilning sentyabrida professor Julian Birkinshou va Jordan Koen Harvard Business Review jurnalida samaradorlikni oshirishga doir tajribalari natijasi bilan boʻlishishdi. Ular aql bilan ishlovchi yuqori malakali xodimlar oʻz vaqtining 41 foizini yo umuman professional qoniqish olib kelmaydigan, yo boshqalar tomonidan bajarilish mumkin boʻlgan turli ikkinchi darajali ishlarga sarflashlarini aniqlashdi.


Nima uchun odamlar bu bilan shugʻullanishda davom etishmoqda?


Tadqiqotchilarning soʻzlariga koʻra, aksariyat oʻzini band his qilishni yaxshi koʻradi, chunki bu ularning qadr-qimmatini oshiradigandek tasavvur uygʻotadi. Ular kichik va ahamiyatsiz ishlarni bajarishdan ham qoniqish hosil qilishadi, hatto zerikarli majlislarni ham ijobiy qabul qilishadi, chunki bu ularga ish joyini tark etib, hamkasblari bilan muloqot qilish imkonini beradi.


Birkinshou va Koen odamlarni oʻz mehnatiga yangicha qarashga oʻrgatishganidan soʻng ular vaqt tomondan ancha yutishdi. Bunday yondashuvga oʻrgatilgan xodimlar stol atrofidagi ishlarni - 6 soatga, majlislarga ketadigan vaqtni 2 soatga qisqartirib, haftasiga oʻrtacha sakkiz soat tejay boshlashdi.


Bunday yondashuvni amalda sinab koʻrish uchun barcha ishlar va yigʻilishlar roʻyxatini tuzing va quyidagi savollarga javob bering:


1. “Aynan shu ish men yoki kompaniyam uchun qanchalik muhim? Uni bajarishdan toʻxtasam, nima boʻladi?”


2. “Bu ishni bajarishi mumkin boʻlgan inson faqat menmanmi? Uni tashkilotdagi boshqa bir xodim bajarishi mumkinmi?”


3. “Qanday qilib xuddi shunday natijaga tezroq erishish mumkin? Vaqtim kam boʻlganida bu ishni qanday bajargan boʻlardim?”


“Uch Harvard savoli” sizga toʻliq rad etish yoki boshqa bir xodimga yuklash mumkin boʻlgan nisbatan qadrsiz vazifalarni aniqlash, shuningdek muhim ishlarni bajarishning eng samarali usullarini topish imkonini beradi.


Progress Psixika

Report Page