123

123

Abbos Hoshimov

SIZ BUNI BILASIZMI?!

BO‘SH QOP TIK TURMAYDI!

Bolaligimdan ayam bu maqolni ko‘p takrorlardi.

Kattalar: "Kamroq kiysang ham ko‘proq ye" deb, ertalabki nonushtada baquvvatroq ovqatlanishimizni nazorat qilishardi.

O‘z vaqtida, to‘yib va sifatli ovqatlanmaydigan talaba fanlarni o‘zlashtirishga qanchalik layoqatli?!

Miyaning asosiy funksiyalari tug‘ilishimizdan oldin shakllana boshlaydi va bu jarayon besh yoshgacha davom etadi.

Bu vaqtda miyaning ma’lum ko‘nikmalarni o‘rganish qobiliyati eng yuqori darajada bo‘ladi va bu qobiliyat inson ulg‘aygan sari asta-sekin kamayib boradi.

Agar biz besh yoshgacha davrni boy bersak, bolaning yangi ko‘nikmalarni o‘rganishi va o‘zlashtirishi qiyinroq bo‘ladi.

Sog‘lom ovqatlanmaydigan talaba intellekt jihatidan ham, jismoniy jihatdan ham tengdoshlaridan orqada qoladi. Boz ustiga, immunitet zaifligi tufayli o‘tkir va surunkali kasalliklarga ko‘proq chalinishadi.

Bir savol menga sira tinchlik bermasdi. Nega biz yahudiylarga o‘xshab dunyoga tanilgan Nobel mukofoti sovrindorlarini tarbiyalay olmayapmiz?

Nega Ilon Maskka o‘xshagan vunderkindlarimiz kam?

To‘g‘ri, O‘zbekiston ta’lim tizimida muammolar bor, ammo faqat ta’lim sifati aybdormi?

Nahotki shunga ham ovqatlanishimiz sababchi bo‘lsa dersiz balki?

Biz ikki sabab tufayli miyamizni faol ishlata olmaymiz.

Ko‘proq talaba to‘yib ovqatlanmaydi. Yetarli oziqlana olmayotgan miya ham shunga yarasha ishlaydi.

Kimlardir keragidan ortiq yeydi. Semiradi. Miya ham ortiqcha xiltlarga to‘lib dangasalashadi.

Sog‘ligʼini avaylagan, to‘g‘ri ovqatlanadigan, turli ruhiy zo‘riqishlardan qochadigan insonlarning miyasigina faol ishlaydi.

O‘quv jarayoni talabalardan yuqori aqliy faollikni talab qilishini hisobga olsak, talaba (o‘qituvchini ham) organizmini vitaminlarga boy, sog‘lom muvozanatli ovqatlanish bilan ta’minlash darkor.

Qancha talabalar turar joyda darsga ketishdan avval quruq non -choy bilan qorin aldashadi. Nonushta talabaning energiya sarfini qoplashi uchun yetarli miqdorda ozuqa moddalari va kaloriyalarni o‘z ichiga olishi shart. Chunki aynan kunduzgi 8-12 orasida insonning tanasi energiyani intensiv ravishda iste’mol qiladi, chunki bu vaqtda u eng faol ishlaydi.

Ertalab yeyilgan bir kosa issiq taom (sutli bo‘tqa yoki go‘shtli) tushgacha o‘zlashtiriladigan darslarga yetarli quvvatni beradi. Tvorog, tuxum, saryog‘, qaymoq delikates emas, har kuni dasturxonda bo‘lishi shart mahsulotlardir. Tongda yeyilgan mevalar kun bo‘yi kayfiyat yaxshi bo‘lishiga kafolatdir!

Ammo ular qani? Hozirku pishiqchilik, "to‘yib yevol" deydi kattalar. Biroq qorako‘zlarimiz aqlli, sog‘lom bo‘lishi uchun mevalarni faqat pishiqchilikdagina emas, iloji bo‘lsa yil davomida yedirishimiz shart.

Ana shunda pishiqchilik paytida sotilmay, gektar-gektar bog‘larda yer bilan bitta bo‘lib yotgan, qishga saqlanmagan, qayta ishlanmagan mevalarni o‘ylab ichim to‘kiladi.

Masala misollari kattalarni shoshirib qo‘yadigan matematika, fizika , ximiyani qaysi quvvat hisobiga o‘zlashtiradi?

Tushlikdachi? Talabalar deyarli bir mahalgina qozon osishadi. Ikki mahalga imkoniyat yo‘q.

Peshinga ham xuddi nonushtadagi kabi quruq non -choy....

Talabaning dasturxonidagi go‘shtsiz kechki taomgina talaba ratsioniga to‘g‘ri keladi. Chunki go‘shtni yotishdan avval yeb bo‘lmaydi.

Talaba qanday ovqatlanishi kerak?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa ilmiy jamoalardan sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha asosiy tavsiyalar mavjud.

OUYO MUVOZANATI

Ya’ni oqsillar, yog‘lar va uglevodlarning muvozanati.Ushbu moddalarning yetishmasligi sog‘liq uchun zararlidir. Oqsillar tananing qurilish materiali bo‘lib, to‘qimalar va metabolizm uchun javobgardir. Uning katta qismi dukkakli ekinlarda uchraydi.

To‘yingan yog‘lar organizmdagi ozuqa moddalarini tashish va zarur gormonlar ishlab chiqarishni ta’minlaydi. Ular eng ko‘p baliq va yong‘oqlarda bo‘ladi. Uglevodlar energiya manbaidir. Ular oddiy va murakkab: agar birinchisi ko‘proq pishirilgan mahsulotlar va shirinliklarda bo‘lsa, ikkinchisi butun don, dukkakli va donli ekinlarda ko‘proqdir. Agar bolalar, ayniqsa, o‘smirlarning ratsionida oqsillar, yog‘lar va uglevodlar muvozanati buzilsa, har xil muammolarga olib kelishi mumkin: o‘sishning kechikishi, immunitet tizimining buzilishi, kuch va faollikning pasayishi, soch to‘kilishi, mo‘rt tirnoqlar. Eng muhimi esa miya faoliyati sustlashadi.

Hayvonot mahsulotlarida o‘sayotgan organizm uchun juda zarur bo‘lgan muhim aminokislotalar mavjud. Bundan tashqari bu mahsulotlar tarkibida temir, kalsiy moddalari bor. Sog‘lom organizm uchun muhim vitamin B12 ham ko‘p miqdorda faqat hayvonlardan olingan oziq-ovqatlarda mavjuddir. O‘simlik ovqatlarida esa halokatli darajada kam yoki umuman yo‘q, desa ham bo‘ladi.

Endi do‘ppini bir chetga olib bir o‘ylab ko‘raylik, non va shakar choy bilan qornini aldab kelgan talaba besh, olti soat darsda och-nahor o‘tirib, murakkab mavzularni o‘zlashtira oladimi? Yo‘q! Chunki, mavzuni miyasiga majburan joylagisi kelsa-da, jismonan kuchi yetmaydi.

Bundan tashqari, aksariyat talabalarning asosiy taomi -non ochlikdan qutqarsada, uning foydasidan zarari ko‘proq.

Garchi uning tarkibida uglevod, o‘simlik klechatkalari, V guruhi vitaminlari, magniy, selen, temir kabi mikro va makroelementlar ko‘p bo‘lsada, uning suiiste’mol qilinishi, ortiqcha vazn, semizlik, yuqori xolesterin, diabet va yurak va qon tomirlari kasalliklariga olib keladi.

Bundan tashqari, aksariyat talabalarning asosiy taomi bo‘lmish "bo‘lka" nonda konservantlar, emulsifikatorlar kabi zararli kimyoviy moddalar qo‘shiladi.

Talabalar kalsiy yetishmovchiligidan suyaklari mo‘rt, mushaklari bo‘sh, yemishi faqat nonligidan yurak-qon tomir xastaliklariga erta yoshidanoq mubtalo bo‘lishayapti.

Surunkali kasalliklarga chalingan bolalar soni ortayapti.

Milliondan besh... o‘ntasi chempion bo‘lsa, medal olsa, ko‘kka sakraymiz.

Xalqaro fan olimpiadasi g‘oliblari bo‘lsa, Ibn Sino, Beruniy, Ulug‘beklarning avlodimizda deb ko‘ksimizga mushtlaymiz.

Ammo bu vunderkindlar milliondan necha foizini tashkil qilishini o‘ylab ham ko‘rmaymiz.

Yurtdoshim, hurmatli ota-onalar, tarbiyachilar, ustozlar, yana sanoqli kunlardan so‘ng, ozg‘in, pachoqqina talabalarga ham ko‘zingiz tushadi. Iltimos, befarq bo‘lmaylik! Imkonimiz boricha talabalarni ratsion orqali ovqatlanishiga yordam beraylik, tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib boraylik! Talabalarimizni sog‘lom ovqatlanishga o‘rgataylik!

Hurmatli talabalar, ota-onalar! Talabalar turar joyida bir kunlik uch mahal ovqat 20 ming evaziga dushanba-juma kunlari maxsus ratsion talablari asosida tayyorlanadi. Maqsad kimnidir manfaatdorligi emas, farzandlarimizning sog‘ligi, turar joydagi ozodagarchiligi, ularning yashashi uchun qulayligi nazarda tutilgan.

Report Page