1+1

1+1

Madina Nurmanova

Maktabda aniq fanlardan doim muammolarim bo‘lgan.

Bir gal matematikada navbatdagi "ikkimni" olganimdan so‘ng qo‘shimcha mashg‘ulotlarga qatnashga majbur bo‘ldim. Afsuski, o‘sha vaqtda yoshi katta o‘qituvchimiz xatolarimni hammaning oldida muhokama qilish, urushish, qattiq tanbeh berish, ularning ustidan kulishni negadir yaxshi ko‘rar edi. Unga qo‘shilib butun sinf tushunsa, tushunmasa, mazax qilar edi. Bora-bora u ochiqchasiga har bir qoidani yoddan aytib bermasam, biror joyida adashsam, darhol kechga qolmasdan uydagilarga yetkazadigan odat chiqardi. Xato qilishdan qo‘rqa boshladim, har bir fanda, hatto o‘zim yaxshi ko‘radigan tarix va geografiyada ham faktlarni o‘ylab aytadigan, ikkilansam, faktsiz so‘zlab beradigan bo‘ldim. Baholarim pasaymadi, biroq o‘qishga mehrim butkul so‘ndi. Nima desam ekan, buni nega yozdim? Maktabda bunaqa narsalar har kimda ham bo‘lgan. Gap maktab va ta’lim haqida emas. 

Xato qilish, qaysidir yo‘nalishda noto‘g‘ri harakatlanish insonga xos xususiyat. Bundan hech kim sug‘urtalanmagan. Aynan shunday, har birimizdagi mayda-chuyda xatolar birlashib qandaydir katta umumiy muammoni yuzaga keltirishi ham sir emas. 

Gap endi ijtimoiy tarmoqdan hayotga ko‘chayotgan poda instikti haqida ketadi. Jamiyatdagi birorta og'riqli muammo ko'tarilganida o‘sha o‘qituvchim rolida ko‘plab insonlar bo‘lishi, muayyan g‘oyasi ortidan ko‘plarni ergashtirishi, yo‘naltirishi, o‘zining fahmi yetmagan masalani chalkashtirib yuborishi mumkin. Bu yerda endi maktab o‘quvchisining o‘qishi emas, aniq bir masala atrofida jamiyat vakillarining pozitsiyasi ko‘rilyapti. Mohiyati yetilmagan mavzu doim ehtiros keltirib chiqaradi, tushungan, tushunmagan, anglagan, anglamagan odam xayoliga kelgan narsani yozadi, chizadi, so‘zlaydi. (Aytgancha, bu borada yaqinda bir yaxshi post o'qigandim.)

O‘zbekistonda hali ijtimoiy tarmoq va real hayot bir to‘lqinga kelib ulgurmagan, istaysizmi buni yoki yo‘q, haqiqat shunga yaqinroq. Bugun o‘zini onlayn hayotida mavzu bilag‘oni qilib ko‘rsatgan, ko‘pchilik “jabrdiydalar” nomidan gapiradigan, layk yig‘ib rohatlanadigan inson aslida real hayotda muammodan ancha-muncha uzoq bo‘lib chiqishi, o‘zi "ko‘pirayotgan" masalalarni tubdan anglamasligi ajablanarli emas. Ongi bor odam o‘zi mustaqil idrok eta oladi, tushunadi, hal qilishga tirishadi, ehtirosdan holi bo'ladi. Lekin afsuski, ba’zan intellekt elitasi, deb qaralgan insonlar ham o‘sha poda instiktidan chetda qolmaydi. Omma fikrini shakllantirishi kerak bo‘lgan qatlamning o‘zi hissiyotga beriladi, hayotidagi bor alamini “so‘z oqimi” vositasida konkret vaziyatdagi masalada chiqarib olishga intiladi. 

Butun bir jamiyat birgina odamning ustiga o‘zining bor muammosini ag‘daradi, “hal qil”, deb turib oladi, o‘zidan qandaydir vosita ishlatishga tirishmaydi, qancha ko‘pirsam, shuncha tez hal qilib olaman, fikri bilan yo‘l tutadi, ya’ni individual muammolarning egalari go‘yoki bir butun muammoni ko‘tarib chiqayotgandek tasavvur hosil qiladi. O‘zlari tutayotgan yo‘l tizimli emasligi, bir kun kelib bu instrument ish bermay qo‘yishi mumkinligini vaqtida anglamaydi. “It hurar, karvon o‘tar”, munosabati kerakli joylarda shakllanmasidan avval hissiyotlarni chetda qoldirib, har bir muammoni bitta jamoaga birlashib bosqichma-bosqich hal etib borish zarur. 

Qonuniy asoslar, qarorlar, moddalar bor (Konstitutsiyamiz ham bor, aytgancha). Ulardan kerakli qatorlarni yig'ib, bitta hujjatga birlashtirish, birlashish, qayerda qanday qonunbuzarlik kuzatilayotgan bo'lsa, o'shalarni konkret ko'rsatib, misollarni ilova qilib, kerakli tashkilotga olib borish, stoliga tashlab, haq-huquqni talab qilish mumkin, moddalardan yodlab olib. U tashkilot hal qila olmasa, undan kattasiga chiqish, u ham hal qilmasa, undan ham kattasiga borish mumkin. Demokratik davlat har holda 🌚

Afsuski bizda ko'pincha biror tashkilotga to'dalashib bostirib borish, bir-birini tinglamasdan, gapini og'zidan yulib olib baqir-chaqir qilish, keyin shuni kameraga tushirib, kimgadir nimanidir isbotlashga tirishish osonroqligi uchun shunday yo'lni tutishadi. Lekin bu tizimli chora emas, bunday yig'inlarning keyingi gal tashkil etilmasligi ta'minlansa, dodingizni kimga aytasiz?! Yana ijtimoiy tarmoqqa kirib "dod, uyimni tortib olishdi, adminni opketib qolishdi"dan boshqa yo'lingiz qolmaydi. 

Shundoq ham ko'p narsalar xaos ustida hal qilinadi, spontanno chora ko'riladi tuvakdagi gul, archalar yerga ekib qo'yilgani kabi.😁 Tizimliroq harakatlansa, muammolar ham hal bo'ladi bosqichma-bosqich va bir umrga. 

Report Page