publish

publish

https://t.me/publish_or_perish
Ilmiy maqola yozayotgan yoshlarga

Bugun sizlarga xalqaro darajadagi ilmiy jurnallarga chop etish uchun taqdim qilinadigan ilmiy maqolalarning taqriz qilinish jarayoni haqida qisqacha aytib bermoqchiman. Avvalo shuni bilib olish lozimki, jurnalga yuborilayotgan material hech qachon maqola (article or paper) deb aytilmaydi, u faqat chop etilganidan keyingina maqolaga aylanadi, to ungacha ushbu materialni qo'lyozma (manuscript) deb yuritiladi. Shu bois jurnalga material yuborayotganga "maqola yubordim" deb emas, balki "qo'lyozma yubordim" deb aytish kerak bo'ladi. Shunisi ilmiy etika jihatdan to'g'ri bo'ladi.

Siz yuborgan material jurnal muharririga yetib borgach, u maqolangizni ilmiy ekspertiza qilish uchun qo'lyozmada ko'tarilgan mavzu bo'yicha kuchli, taniqli mutaxassislarga taqdim qiladi. Bu jarayon "peer-review" deb ataladi. Buning odatda ikki xili bo'ladi. Birinchisi, "single blind peer-review", ya'ni, siz ishingizni kim taqriz qilganini bilmaysiz, lekin taqriz qilayotgan odam kimning ishini taqriz qilayotganini biladi. Ikkinchisi, "double-blind peer-review" bo'lib, bunda siz ishingizni kim taqriz qilayotganini bilmaganingiz kabi, taqrizchi ham kimning ishini taqriz qilayotganini bilmaydi. 

Agar jurnal sizga ikkisidan birini tanlashni taklif etsa (odatda jurnallar buni so'ramaydi, ko'pchilik jurnallar single blind peer-review usulidan foydalanadi), birinchisini tanlashni tavsiya qilgan bo'lar edim. Sababi, taqrizchi ekspertiza qilayotgan ishingizdagi ayrim jihatlarga tushunmasa, sizning ism-familyangiz orqali internetdan boshqa ishlaringizni izlab, topib o'qib ko'rish imkoni bo'ladi. Har holda men mana shu usulni ma'qul deb o'ylayman. 

Taqrizchi ishni ekspertiza qilar ekan, jurnalga quyidagicha yakuniy xulosa beradi:1) accept - tasdiqlash: bunaqasi juda kamdan-kam hollardagina uchraydi. Ya'ni taqrizchi kamdan-kam hollarda maqolani to'g'ridan-to'gri chop etish uchun tasdiqlaydi.2) minor revision - qisqacha qayta ko'rib chiqish. Bunda taqrizchi maqolani tasdiqlashdan avval uning ichidagi ayrim joylarini qayta ko'rib chiqishni tavsiya qiladi. Odatda jurnallar bu jarayon uchun sizga 10-30 kun vaqt beradi. 3) major revision - chuqur qayta ko'rib chiqish. Bunda maqolani tasdiqlashdan avval maqoladagi ko'plab jihatlarga aniqlik kiritish, kamchilik ko'rsatilgan qismlarni qaytadan yozib chiqish talab etiladi. Bu jarayon uchun odatda bir-uch oy vaqt beriladi. 4) reject - rad etish. Bunda taqrizchi ishni ekspertiza qilar ekan, uni jurnalda chop etishga loyiq deb hisoblamasligini bildiradi. Bu ham ikki xil bo'ladi, birinchisi keyinchalik maqola to'la qayta ishlanib, jurnalga qayta yuborish imkoniyati mavjud bo'lgan holda rad etish, ikkinchisi butunlay rad etish, bunda jurnal bu mavzudagi maqolani qayta qabul qilmaydi.

Maqola mavzusining murakkabligiga qarab jurnal ishni eng kamida bitta, aksariyat holatda esa ikkita, ba'zan esa 3 yoki 5 ta taqrizchiga yuborishi mumkin.

Peer-review qilinmagan maqolalar odatda ilmiy jamoatchilik tomonidan jiddiy qabul qilinmaydi, maqolaning natijalari shubha ostiga olinadi. Shu yerda bir kichik savol tug'iladi: O'zbekistondagi ilmiy jurnallarga yuboriladigan materiallar peer-review qilinadimi? Javob: ham ha, ham yo'q. Men bilgan aksariyat jurnallar odatda hech qanday peer-review siz maqolani chop etishadi, peer-review qiladiganlari ham odatda yuzaki taqriz qilishadi. Bizda asosan qo'lyozma jurnalga taqdim qilinayotganida muallifning o'zi mutaxxassis taqrizi ham taqdim qilishi kerak bo'ladi. Mutaxassis taqrizi qanday tayyorlanishi endi o'zingizga ma'lum. Demoqchi bo'lganim ilmiy tadqiqotchi haqiqiy peer-review jarayonini boshidan o'tkazmaguncha, yozgan maqolasini mutaxassislar g'alvirdan o'tkazib har bir faktini, natijasini tekshirib so'roq-savol qilmagunicha ilmning haqiqiy ta'mini his qila olmaydi deb o'ylayman.

Ilmiy faoliyatim boshida juda ko'plab jurnallardan rad javobi olganman. O'sha vaqtlarda juda xafa bo'lar edim. Chunki qayta-qayta rad etilish odamning ishtiyoqini so'ndirib yuboradi ba'zida, lekin shunday bo'lsa-da harakatdan to'xtamaslik kerak. Chunki baribir qachondir "Maqolangiz jurnalimizda chop etish uchun tasdiqlandi" degan xabarni albatta olasiz va mana shunda chekilgan shuncha mashaqqat bir zumda chiqib ketadi.

@Bakhtiyor Sheraliev

Report Page