096

096

Firdavsiylar

ALAQ SURASI


Makkada nozil bo‘lgan bu sura o‘n to‘qqiz oyatdan iboratdir.


Suraning o‘qib-o‘rganishga va Yaratganning qanday zot ekanini, insonning nimadan yaratilganini anglashga da’vat etuvchi avvalgi besh oyati zaminni osmon bilan bog‘lab turguvchi Kalomullohning, barcha insonlar uchun ilohiy dasturul-amal bo‘lmish Qur’oni Karimning ilk oyatlaridir, Alloh taoloning so‘nggi payg‘ambari Muhammad alayhis-salomga qilgan ilk ilohiy xitobidir.


Suraning keyin nozil bo‘lgan oyatlarida inson tabiatidagi bir qusur — o‘zini boy-behojat ko‘rishi bilan tug‘yonga tushishi to‘g‘risida so‘z yuritilib, ana shunday hadlaridan oshgan kimsalar hali Parvardigor dargohiga qaytib, hisob-kitob berishi borligi haqida ogohlantiriladilar.


So‘ngra o‘shalardan biri, o‘zining mol-dunyosi va hamtovoqlarining ko‘pligiga ishonib haddidan oshgan va Payg‘ambarimizga tinimsiz ozor-aziyatlar yetkazgan Abu Jahl (Jaholat otasi) laqabli bir mal’un kofirning kirdikorlari keltirilib, agar u o‘zining kufru tug‘yonidan qaytmasa, oxir-oqibat duchor bo‘ladigan halokati haqida xabar beriladi.


Bu surada inson quyuq — laxta qondan yaratilgani to‘g‘risida ilk bora aytilgani sababli, uni «Alaq — Laxta qon» deb nomlangandir.


Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).


1. (Ey Muhammad, barcha mavjudotni) yaratgan zot bo‘lmish Parpardigoringiz nomi bilan (boshlab) o‘qing!


2. U insonni laxta qondan yaratgan (zotdir).


3-4. O’qing! Sizning Parvardigoringiz (insoniyatga) qalamni (ya’ni yozishni — xatni) o‘rgatgan o‘ta karamli zotdir.


5. U zot insonga uning bilmagan narsalarini o‘rgatdi.


I z o h . Ushbu oyatlar insoniyat hayotiga yangi ilohiy ta’limot va to qiyomat buzilmay saqlanib qoladigan, Alloh taolo yuborgan dinlarning eng so‘nggisi bo‘lgan mukammal bir din — Islom kirib kelgani haqidagi ilk xabarlar edi. Ushbu ilk oyatlardanoq Islom dini insonlarni jaholat-xurofotga emas, balki ilm-ma’rifatga chorlashi va faqat o‘qish-o‘rganish bilan Yaratgan rozi bo‘ladigan Hidoyat yo‘lini topishga da’vat etishi ma’lum bo‘ldi. Shuning uchun ham Payg‘ambar alayhis-salom «Ilm istash har bir muslim va muslima uchun farzdir», deb marhamat qilganlar.


Endi quyidagi oyatlarda dinsiz kimsalarni mol-dunyo va mansab-martabalar qanday ko‘ylarga solishi haqida xabarlar beriladi.


6-7. Darhaqiqat (kofir) inson o‘zini boy-behojat ko‘rgach, albatta tug‘yonga tushar - haddidan oshar.


8. (Ey inson), albatta yolg‘iz Parvardigoringga qaytishing bordir! (O’shanda bu tug‘yonlaring uchun hisob-kitob qilinib, jazolanishing aniqdir)!


9-10. (Ey inson), bir bandani (ya’ni Muhammad alayhis-salomni) namoz o‘qigan vaqtida (namozidan) to‘sadigan kimsani ko‘rdingmi?!


11-12. Xabar bergin-chi, agar u (namoz o‘qiguvchi) o‘zi To‘g‘ri yo‘lda bo‘lsa, yoki (o‘zgalarni) taqvoga (Allohdan qo‘rqishga) buyursa (uni namozdan va taqvodan to‘sgan kimsa halok bo‘lmasmi)?


13-14. Xabar bergin-chi, agar u (namozdan to‘sguvchi kimsa Allohning kitobini) yolg‘on, desa va (u Kitobga iymon keltirishdan) yuz o‘girsa, albatta Alloh (uning barcha qilmishlarini) ko‘rib turishini bilmasmi?!


I z o h . Bu oyatlar Quraysh zodagonlaridan bo‘lgan Abu Jahl laqabli ashaddiy kofir bir kimsa haqida nozil bo‘lgandir. U Payg‘ambarimizni Masjid-al-Xaromda namoz o‘qishlaridan to‘sib: «Agar Muhammad yana shu yerga kelib namoz o‘qiydigan bo‘lsa, uning bo‘ynini ezib, yuzini tuproqqa belayman», deb o‘zining butlari nomiga qasam ichadi. Yuqoridagi oyatlarda bu kofirning barcha qilmishlarini Alloh taolo ko‘rib turgani aytilgach, endi quyida agar u bunday bema’niliklarini to‘xtatmasa, qanday azobga giriftor bo‘lishi haqida xabar beriladi:


15-16. Yo‘q! Qasamki, agar u (bunday gumrohlikdan) to‘xtamasa, albatta Biz uning peshona sochidan — o‘sha yolg‘onchi, adashgan peshona sochidan tutarmiz-da, (jahannamga oturmiz)!


17. Bas, u o‘zining jamoasini (yordamga) chaqiraversin!


18. Biz esa azob farishtalarini chaqirajakmiz!


19. Yo‘q! (Ey Muhammad), siz unga itoat etmang va (yolg‘iz) Allohga sajda-ibodat qilib, (U zotga) yaqin bo‘ling!


I z o h . Ushbu oyati karima Qur’ondagi so‘nggi sajda oyati bo‘lib, bu oyatni o‘qigan yoki eshitgan kishi bir marta Alloh taologa sajda qilishi vojib bo‘ladi. Bu oyatdagi xitob garchi payg‘ambarimiz Muhammad alayhis-salomga qaratilgan bo‘lsa-da, uning hukmi barcha musulmonlar uchun umumiy bo‘lgan hukmdir. Binobarin, Yaratganga ibodat qilishdan to‘sadigan biron kimsaga itoat etmasdan, yolg‘iz Alloh taologagina sajda qilish har bir musulmon uchun farzdir.


Firdavsiylar sahifasi!

Report Page