01

01

@Yoshlar_ittifoqi, O‘lmas Barotov

Inson manfaatlarini ta’minlash, aholiga har tomonlama qulay turmush sharoiti yaratishga Prezidentimiz rahnamoligida alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda transport xizmati mutasaddilari ham xalq tomonida turishi, odamlarning talab va istaklarini inobatga olishi kerak aslida. Ammo Qarshi shahri va shahar atrofida qatnayotgan “marshrutka”lar faoliyati haqida bunday deb bo‘lmaydi. 


Gap shundaki, yangi yil arafasida arzimagan qor yoqqani, keyingi gal yonilg‘i narxi biroz ko‘tarilganini “favqulodda jiddiy sabab” qilib, so‘ng esa “zapchast”lar qimmatlashdi, kunlik to‘lov oshdi, degan bahonada "marshrutka" haydovchilari yo‘lkira haqini 1 ming 500 so‘m etib belgilashdi. 


Aslida bu milliardlab so‘m pulning bankka kirim qilinmasligi, boz ustiga litsenziyasiz, noqonuniy yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi haydovchilar "kuni tug‘ishi"ga sabab bo‘layotganini, eng yomoni, aholi noroziligini keltirib chiqarishi mumkinligini mutasaddilar nahotki o‘ylab ko‘rmasa? 


Qarshi – Beshkent yo‘nalishida qatnaydigan “Damas”larning old va orqa oynalariga “Yo‘lkira 1 ming 500 so‘m” degan yozuv qistirib olingan. “Qovun qovundan rang oladi”, deganlaridek, ularning bu “tashabbus”i boshqalarga ham “yuqib”, 3, 12, 13, 21, 17, 30, 35, 44-yo‘nalishlar haydovchilari ham hech bir sabab va asossiz yo‘lovchilardan qo‘shimcha 500 so‘mdan talab qila boshlashdi. Sababini so‘rasangiz, “yoqmasa tushib keting”, degan “xushmuomalalik”ni eshitasiz. 


Haydovchilarning hammasi bir narsani dastak qilib olishgan. Nima emish, yo‘lkirani 10 yil deganda bir marta oshirishganmish. Vaholanki, bu muddatda narx bir emas, ikki emas, 5 marta oshgan. Avval 200, keyin esa 500, 600, 800 va 1000 so‘mga. Eng qizig‘i, narx 600 va 800 so‘m bo‘lganida ham Qarshi – Beshkent “Damas”chilari yo‘lovchilardan 1000 so‘mdan olaverishdi. Keyin esa avval soat 20:00 dan, so‘ng 19:00 dan va 18:00 dan keyin 1500 so‘mdan qatnab, odamlarni shu narxga “o‘rgatib borishdi”. 


Vaholanki, viloyat hokimining 2016 yil 4 iyuldagi X-404/07-sonli qarori bilan belgilangan qat’iy narx hali ham 1000 so‘m. Albatta, bu o‘z-o‘zidan belgilangani yo‘q. Tender tanlovlarida qaysidir uyushma bekordan-bekorga tashuvchi etib tanlanmaydi. U bir necha shartlarga javob berishi kerak. Ular orasida yo‘lkira narxi qancha etib belgilagani ham bor. 


Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan asl maqsad nima? Albatta, inson manfaatlarini ta’minlash, aholiga zamonaviy qulayliklar yaratish, arzon va sifatli xizmat ko‘rsatish. Deylik, tender tanlovlarida qatnashayotgan transport uyushmasi qor yog‘sa, qorong‘i tushsa yo gaz narxi ko‘tarilsa, yo‘lkira haqini ham oshiraman, deganida zinhor unga qatnov huquqi berilmasdi. Demak, bugun turli bahona-yu vajlar qilayotgan uyushma ham bir vaqtlar katta va’dalar bergan, nisbatan arzon xizmat taklif etgan. Biroq... 


Qiyos uchun misol. Surxondaryo viloyati markazi Termiz shahrida yo‘nalishli taksilar shahar ichi va shahar atrofida 1000 so‘mdan qatnaydi. U yerda qatnov uzunligi hatto 20 kilometrdan ziyod yo‘nalishlar ham bo‘lsa-da, hammasida narx bir xil – 1000 so‘m. Holbuki, ular ham yoqilg‘i, ehtiyot qism va boshqalarni Qarshidagilardan arzon olmaydi. 


Yoki Qarshidagi 28-yo‘nalishni olaylik. Kilometriga 80 so‘mdan hisoblaganda boshidan oxirigacha 22 kilometr yo‘l uchun ularning 1500 so‘m olishida sal insof borday. Biroq nari borsa 14-15 kilometrlik yo‘l bo‘lgan Qarshi – Beshkent yo‘nalishida yo‘lovchi tashuvchilar aholiga 1,5 barobar qimmat narx taklif qilishayotgani g‘alati. 


Qarshi – Beshkent yo‘nalishida qatnaydigan birorta “Damas”ning harakati trafaretda ko‘rsatilgan joydan boshlanmaydi va tugamaydi. Hammasining (hatto litsenziyasiz, noqonuniylari ham) boshlanish joyi – tuman tibbiyot birlashmasi yoni. Hujjatda Quyi Beshkent, Qamashi yoki Denov qishloqlari ko‘rsatilgani bilan birorta “Damas” u yerga bormaydi, mabodo borsa ham ikki hissa pul talab qiladi. 


Xo‘sh, haydovchilar keltirgan vajlar haqiqatan ham yo‘lkira narxi oshishiga asos bo‘la oladimi? 


Bir misol. Avvallari fuqarolik pasporti olish muddati kechiksa, fuqaro eng kam ish haqining 3 barobari miqdorida jarimaga tortilardi. Bu o‘sha vaqtdagi hisobda 450 ming so‘m degani. Biroq, davlatimiz tomonidan aholi manfaatlari hisobga olingan holda, jarima miqdori eng kam oylik ish haqining yarim barobari – shu kecha-kunduzda 86 ming so‘mga tushirildi. Ko‘rinayaptiki, hamma gap aholining to‘lov qobiliyatida. Qashqadaryodek hududi katta viloyatda tuman yoki viloyat markaziga qatnab o‘qiydigan yo ishlaydiganlar uchun haydovchilar tomonidan o‘zboshimchalik bilan belgilab olingan 1 ming 500 so‘m nechog‘li qonuniy? 


– Har kuni o‘zim ishga, o‘g‘lim o‘qishga Qarshi shahriga qatnaymiz, – deydi Qarshi tumanidan Zafar Ahmedov. – “Marshrutka”lar bugun 1500 so‘mdan qatnashayapti, bordiyu 2 ming so‘m bo‘lsa ham boshqa ilojimiz yo‘q, to‘lashga majburmiz. Faqat yo‘l uchun kuniga 12 ming so‘m sarflaymiz. 


Bu yerda gap yonilg‘i narxining oshganida emas. Chunki u arzon bo‘lgan paytlarda ham “marshrutka”chilar yo‘lkira narxini pasaytirishgani yo‘q. Qolaversa, yonilg‘i narxi oshgani aslida unchalik to‘g‘ri emas. Bugun yonilg‘i quyish shoxobchalarida gaz 1 ming 800 so‘m atrofida sotilayapti va 4-5 oy oldingiga nisbatan 200 so‘mga oshgan, xolos. Agar benzin qimmatlashdi, deyilsa, birorta “Damas” benzinda yurmaydi. Shunday ekan, haydovchilarning gaz qimmatlashdi, degan gapi bahonadan boshqa narsa emas. 


Yaqinda ishdan qaytayotib, shu yo‘nalishda qatnaydigan bir taksi haydovchisi bilan gaplashib ketdim. 


– Har kuni uyga 100 ming so‘m olib kiraman, – deydi u. – Kuniga 18 kub gaz solaman, bu 30 ming atrofida bo‘ladi. 10 ming so‘mni uyushmaga to‘layman. 40 ming ketdimi? Ertalab soat yettilar atrofida uydan chiqsam, tushdan keyin soat to‘rtlarda qaytaman. 100 ming qolayapti – yetadi shu. 


Keyin texnik xarajatlar haqida gapirdi: 


– 250 ming so‘mdan to‘rtta shina qo‘ysam, bir yozu bir qishni o‘tkazadi. 1 million so‘m bo‘layaptimi? Keyin 500 mingga “motor” qildiraman. 150 ming “korzinka”ga ketadi. Shu. “Moshin”ni qancha avaylab yursangiz, xarajat ham shuncha kam bo‘ladi-da, do‘stim. 


Endi hisobini o‘zingiz chiqaravering. 1 million so‘m – shinaga, 500 ming “motor”ga, 150 ming “korzinka”ga, jami 1 million 650 ming so‘m bo‘layapti. Boshqa mayda-chuydalarni ham qo‘shganda haydovchi mashina uchun yiliga 2 million 500 ming so‘m xarajat qiladi, deylik. Bu oyiga o‘rtacha 200 ming so‘mdan sal ko‘proqqa tushadi. Holbuki, 1000 so‘mdan qatnagan haydovchi bir yillik texnik xarajatni bir necha kunda topayapti. Litsenziya puli ham shu. Agar “Damas”ga kuniga o‘rtacha 100 yo‘lovchi chiqadigan bo‘lsa va ulardan qo‘shimcha 500 so‘mdan olinsa, shuning o‘zi 50 ming so‘m degani. 


Ayrim haydovchilar yo‘lkira oshishiga kunlik to‘lov miqdori ko‘tarilganini sabab qilib ko‘rsatishadi. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 17 avgustdagi “Shahar yo‘lovchilar transportida ochiq tenderlar tashkil etish va ularni o‘tkazish masalalari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan barcha yo‘lkira tushumlari to‘liq tashuvchi (uyushma)da qolishi va inkassatsiya qilinishi ko‘zda tutilgan. Ya’ni haydovchi kunlik topgan pulining hammasini uyushmaga topshirishi shart. 


Agar shunday bo‘lsa, “marshrutkachi”lar bugungidek 40, 50, nari borsa, 60 ming so‘m emas, balki 150-160 ming so‘m kunlik to‘lov to‘lagan bo‘lishardi. Qonuniy tartib shunday – haydovchi kun davomida topgan pulini uyushmaga keltirib topshiradi. Uyushma pulni bankka kirim qilib (chunki hamma “Damas” faqat naqd pulda yuradi), shundan oylik maosh chiqarib beradi. Agar mashina haydovchining o‘ziniki bo‘lsa, unda ijara haqini ham qo‘shib to‘laydi. To‘lashi kerak. Biroq... 


Ana shu “biroq”ning tagida ko‘p gap bor. Ya’ni birorta “marshrutkachi” bir kunda topgan pulining hammasini uyushmaga keltirib bermaydi. Balki ozgina miqdordagi kunlik to‘lovni to‘laydi, xolos. Uyushma esa shu pulni yoki uning bir qismini bankka kirim qiladi. Ha, faqat shuni. 


Deylik, haydovchi bir kunda 150 ming so‘m topdi va kunlik to‘lovga 30 ming so‘m ajratdi. Qolgan 120 ming so‘m yoniga qolayapti. Uni qanday sarflash esa har kimning o‘z ishi. Harholda, shuncha pul bank orqali aylanmaydi. O‘z-o‘zidan ayon bo‘layaptiki, bir haydovchi orqali bir kunda 100 ming, har oyda 3 million so‘m bankka kirim bo‘lmay, noqonuniy aylanayapti. Shuncha puldan daromad solig‘i, boshqa majburiy to‘lovlar to‘lanmayapti, qonun tili bilan aytganda, soliqlar yashirilayapti. 


Endi shu tarzda noqonuniy aylanayotgan bunday summani 100 nafar haydovchi misolida olsak, u holda bu ko‘rsatkich oyiga 300 million, yiliga qariyb 4,5 milliard so‘mni tashkil qiladi. Demak, har yili davlat g‘aznasiga shuncha pulning solig‘i va boshqa majburiy to‘lovlar yetib bormayapti... 


Yo‘lkiraning amaldagi qiymatidan, xarajatlar ko‘pligidan noliyotgan, odamlardan plastik kartochka olib, foizga “obnalichka” qiladigan ham shular. Birovning cho‘ntagini sanamoqchi emasmizu, pul bordirki, bir haydovchining yonida besh-o‘ntalab plastik kartochka yuradi. 


Ko‘rayapsizmi, aslida hamma gap insofga borib taqalayapti. Qarshi – Beshkent yo‘nalishida bugun kuniga o‘rtacha 20 mingdan ortiq kishi qatnaydi. Bu yo‘nalishli taksichilar yo‘lovchilardan har kuni 20 million so‘mdan ortiq asossiz pul undirishayapti, degani. Ana shu 20 ming kishining har biri bir oyda yo‘lkira uchun kamida 25-30 ming so‘m ortiqcha pul sarflaydi va buyog‘ini o‘zingiz hisoblab ko‘ravering. 


Uyushmadagilar ham, haydovchilar ham yo‘lini topishgan. Masalan, “Shuhratbek omad trans” MChJ mas’ullari haydovchilardan “1000 so‘mdan qatnayman”, degan tilxat yozdirib olib, o‘zlarini “straxovka” qilishgan go‘yo. Biroq haydovchilarning 1 ming 500 so‘mdan qatnashiga jimgina tomoshabin bo‘lib turishibdi. 


“Shuhratbek omad trans” MChJ rahbari Shuhrat Primov harchand "men xalq tarafidaman, narx qimmatlashishiga yo‘l qo‘ymayman" demasin, yo‘lkira o‘sha ko‘tarilganicha qaytib tushmadi. Haydovchilar yozgan o‘sha tilxatlarda “Agar yo‘lkirani ko‘tarsam, istagan chorangizni ko‘rishingiz mumkin”, deb yozilgani holda uyushma rahbariyati 800 so‘mlik yo‘lga 1 ming 500 so‘m olayotgan haydovchilarga chora qo‘llamaslik bilan "chora ko‘rayapti". 


– Korxonamiz “Damas”lari “Orzu” bozorigacha qatnaydi, – deydi “Umarov Ilhom Ixtiyorovich” MChJ rahbari Ilhom Umarov. – Hamma haydovchilarga 1000 so‘mdan qatnash bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Lekin noqonuniy haydovchilar ham shu bozor yonidan odam olib, bir yarim mingdan yuryapti. Ularni tartibga solib bo‘lmayapti. 


Viloyat hokimining 2015 yil 15 martdagi X-88/03-sonli qarori bilan viloyat hududidagi shahar atrofi va shaharlararo viloyat ichki yo‘nalishlarida bir kilometr uchun avtobus yo‘nalishlarida 70 so‘m, yo‘nalishli taksi yo‘nalishlarida 80 so‘m, 2016 yil 4 iyuldagi X-404/07-sonli qarori bilan esa shahar yo‘lovchilar transportida yo‘lovchilar tashish xizmatlarining cheklangan tarifi bir yo‘lovchi uchun “Damas” rusumli avtotransport vositasida 1000 so‘m, “Gazel”, “Ford” mikroavtobuslarida 700 so‘m hamda “Isuzu” rusumidagi avtobuslarda 600 so‘m etib belgilangan. 


Bu borada asosiy mas’ul bo‘lgan O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Uzoq Xudoyqulov bunday deydi: 


"Mazkur masala boshqarma mas’ul xodimlari hamda "Qarshi – Beshkent" yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan "Beshkent yo‘lovchi trans", "Shuhratbek omad trans", "Umarov Ilhom Ixtiyorovich", "Usmonov Bekzod Choriyevich" mas’uliyati cheklangan jamiyatlari rahbarlari ishtirokida o‘rganib chiqilgan. Yig‘ilishda korxona rahbarlari yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarida yo‘lkira haqini asossiz ravishda oshirishga yo‘l qo‘ymaslik, haydovchilarni tilxat orqali ogohlantirish, yo‘lkira haqidagi ma’lumotlarni transport vositalari salonida ko‘rinarli joylarga osib qo‘yish va nazoratga olinishini ta’minlash, aks holda tender kontraktlari bekor qilinishi yuzasidan ogohlantirilgan. 


Shuningdek, O‘zbekiston Avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘ining topshirig‘iga asosan 2017 yil 26 dekabr kuni agentlik boshqarma boshlig‘i X.Ikromov viloyat boshqarmasida bo‘lib, boshqarma mas’ul xodimlari ishtirokida Qarshi – Beshkent yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan yo‘lovchi tashish korxonalari rahbarlari bilan uchrashib, tegishli ko‘rsatmalar bergan. 


Berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, 2017 yil 26-30 dekabr kunlari boshqarma inspektorlari tomonidan Qarshi shahri va Qarshi tumanida o‘rganishlar o‘tkazildi. O‘tkazilgan tadbirlar jarayonida Qarshi – Beshkent yo‘nalishida “Erkinov Muxammad Amin trans”, “Matritsa super”, 12-yo‘nalishda “Sanoat-Servis”, 20-yo‘nalishda “Mohi nur avto”, 6-yo‘nalishda “Dilnoza”, 28-yo‘nalishda “Az faxru trans” MChJlariga qarashli transport vositalari haydovchilari tomonidan yo‘lkira haqini asossiz ravishda oshirish holatlari aniqlangan. Qarshi – Beshkent yo‘nalishida yo‘lovchi tashish faoliyatini amalga oshirib kelayotgan 160 dan ortiq “Damas” rusumli avtotransport vositalari ichki va tashqi tomondan to‘liq jihozlanib, haydovchilardan yo‘lkira narxini belgilangan tarifdan oshirmaslik bo‘yicha tilxatlar olindi. 


2018 yil 4 yanvar kuni Qarshi shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi shahar ichi va shahar atrofi yo‘nalishlarida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanib kelayotgan 26 ta tashuvchi korxona rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, tegishli tavsiyalar berildi, yo‘lkira narxlarini belgilangan tarifdan oshirmaslikni ta’minlash vazifasi topshirildi. 


Bu boradagi amaliy ishlar davom ettirilmoqda”. 


Aslida ayni holatda shahar atrofi va shaharlararo-viloyat ichki yo‘nalishlarida yo‘lovchi tashishni tashkil etish komissiyasi yig‘ilishini o‘tkazib, unda yo‘lkira nega asossiz ko‘tarilgani muhokama qilinishi kerak edi. Biroq bunday yig‘ilish bo‘lmadi. Shahar atrofi va shaharlararo-viloyat ichki yo‘nalishlarida yo‘lovchi tashishni tashkil etish komissiyasi to‘g‘risidagi namunaviy nizomda komissiyaning asosiy vazifalari qatorida yo‘lovchilar huquqiga rioya qilinishini ta’minlash ham ko‘rsatilgan. O‘z navbatida, tenderda yutib chiqilgan yo‘nalishlarda konunga zid ravishda ishlovchi tashuvchilar aniqlanganda, tegishli choralar ko‘rish to‘g‘risida takliflar kiritish huquqiga egaligi belgilanan. 


Yana komissiya yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishning sifati va madaniyatining u yoki bu masalalari, jadvallar va yo‘nalishlar bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganishni tashkil etishga, yo‘lovchi tashish transporti ishi yuzasidan tushgan shikoyatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ta’sirchan chora-tadbirlar ko‘rishga majburligi aytib o‘tilgan. 


Xo‘sh, komissiya bu boradagi qaysi talabni bajardi o‘zi? Hech qaysisini. Agar nimadir qilinganida, Qarshi – Beshkent “Damas”chilari boshlab bergan o‘zboshimchalik boshqa yo‘nalishlarga ham salbiy ta’sir etmas, Qarshi shahri ichida yo‘lkira 800 so‘m bo‘lgani holda, yo‘lovchidan 1 ming 500 so‘mdan olinmas edi. Shunda aholi e’tirozlari ham kamroq bo‘lardi. 


Yuqorida aytilganidek, bugun yo‘lkira haqini oshirishga hech qanday ehtiyoj yo‘q. Aksincha, avvalo, “marshrutkachi”lar topgan pulini uyushmaga topshiradigan va qolgan barcha xarajatlarni uyushma o‘z zimmasiga oladigan tizimni yo‘lga qo‘yish kerak. Shunda transport uyushmalaridan davlatga tushadigan naqd pul tushumi kamida 4-5 barobar ko‘payadi. 


Bundan tashqari, Qarshi – Beshkent yo‘nalishida avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish vaqti ham keldi. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 yanvardagi “Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Qarshi shahridagi 1-yo‘nalishda “Damas”lar qatnovi cheklanib, to‘liq avtobusga o‘tilgan. Endi navbat – 2-yo‘nalishga, ya’ni Qarshi – Beshkent yo‘nalishiga bo‘lishi kerak emasmi? Mazkur hujjat ijrosini ta’minlash yuzasidan viloyat hokimi qaror qabul qilgan, unga muvofiq, viloyatda 2017-2021 yillarda shaharlar va qishloqlarda avtotransport xizmatini yanada rivojlantirish dasturi, avtobus yo‘nalishlarini tashkil etish, yangi avtobus va mikroavtobuslar sotib olish parametrlari tasdiqlanishi belgilangandi. 


Yana bir mulohaza. Beshkent shahridan “Yangi bozor”gacha qatnaydigan “Usmonov Bekzod Choriyevich” MChJ “marshrutka”lari naq 17 yildan buyon bitta yo‘nalishda qatnar ekan. Bu – mazkur yo‘lda raqobat yo‘qligi, monopoliya o‘rnatib olinganini ko‘rsatmaydimi? Raqobat yo‘qligi sabab ham haydovchilar o‘zlari xohlagan narxni qo‘yib olishmoqda. Shuning uchun ham ayni shu yo‘nalishda bugun yo‘lkira qosh qoraygach, hatto 2 ming so‘mga chiqib ketmoqda. Deylik, Qarshi shahridagi 6-yo‘nalish “Damas”lari nega yo‘lkirani 1 ming 500 so‘mga ko‘tarib olmaydi? Chunki bu yo‘nalishda avtobus ham qatnaydi-da. Ya’ni, oz bo‘lsa-da, raqobat bor, yo‘lovchida tanlash imkoniyati mavjud. 


Report Page