Jizzax politexnika instituti rektorining o‘qituvchi va murabbiylarga bayram tabrigi

Jizzax politexnika instituti rektorining o‘qituvchi va murabbiylarga bayram tabrigi


Muhtaram ustozlar va murabbiylar!

Siz, azizlarni, ta’lim-tarbiya sohasining barcha jonkuyar xodimlarini umumxalq bayrami — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu qutlug‘ ayyomda siz, zahmatkash ustozlarga ko‘nglimizda, yuragimizda bo‘lgan yuksak hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarni so‘z bilan to‘liq ifoda etish qiyin, albatta. Chunki sizlar dunyodagi eng bebaho boylik va boqiy merosni yaratish, uni xalqimizga, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga bezavol yetkazish yo‘lida chinakam fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilayotgan ulug‘ insonlarsiz. Bu ulkan boylik — aql-zakovat va ilm, bu o‘lmas meros — yaxshi tarbiyadir.

Shu bois ushbu ayyomda sizlarning sha’ningizga bildirayotgan olijanob istaklarimiz, ta’zim va tashakkurlarimizni butun institutimizning cheksiz hurmat va ehtiromi ramzi sifatida qabul etgaysiz.

Jamiyatimizda bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, oliygohlarning professor-o‘qituvchilari va ilmiy-ijodiy ziyolilarni bugun biz intilayotgan Uchinchi Renessansning to‘rt tayanch ustuni deb e’tirof etmoqdamiz. Siz, azizlarni qutlug‘ bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, ezgu faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga fayz-u baraka tilayman.


Jizzax politexnika instituti rektori

t.f.d., prof. A.Usmankulov.

Report Page