“Buyuklar qalbimizda”

“Buyuklar qalbimizda”

t.me/jizpi_online

Jizzax politexnika institutining A binosidagi madaniyat saroyida 2022-yil 10-fevral kuni “Arxitetura va qurilish” va “Transport” fakultetlari hamkorlikda Alisher Navoiyning 581 yilligiga hamda Zahiriddin Muhammad Boburning 539 yilligiga bag‘ishlangan “Buyuklar qalbimizda” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil qildilar. 

Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini qurishni yanada chuqurlashtirishda, xalqimiz ruhiyati, ma’naviyatini yuksaltirishda Navoiy bobomiz merosining ahamiyati beqiyos, – deydi tadbirda ma’ruza qilgan O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti D. Soatova

 – Alisher Navoiy davlat arbobi, ilm-fan, madaniyat va ma’rifat homiysi sifatida dunyo tarixidan o‘rin olgan ulug‘ siymodir. Navoiyning ma’naviy merosi, davlatchilik, me’morlik, san’at va madaniyat ravnaqi yo‘lidagi ezgu amallarini yurtimiz taraqqiyotida, erishilayotgan har bir sohadagi marralarda ko‘rish mumkin. Alisher Navoiy o‘zining o‘lmas asarlari bilan o‘zbek xalq klassik adabiyotini jahon adabiyoti va umumbashar madaniyati miqyosiga olib chiqqan buyuk shoirdir. Mamlakatimizda ulug‘ allomalarimizning ma’naviy merosini o‘rganish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Navoiyning xalq qalbidagi siymosi, uning obro‘si, unga bo‘lgan hurmat va e’tiqod alloma asarlarining targ‘ibi va tashviqidagi birlamchi qadam, asosiy tamal toshi bo‘lmog‘i kerak. Zotan, buyuk mutafakkirning hayoti va ijodini o‘rganish yuksak ma’naviyatni shakllantirishning munosib omilidir. Alisher Navoiy o‘zining purhikmat asarlari, sermazmun hayot yo‘li, betakror ilmiy va ijodiy merosi bilan jahon adabiyoti, ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shgan. Ushbu ijod namunalari asrlar osha bashariyatga ezgulik va kamolotdan saboq berib kelmoqda. Xususan, kitobxonlikni keng ommalashtirish, odamlar dardu tashvishi bilan yashash, hayotimizni yanada farovon etish borasidagi keng qamrovli islohotlarda buyuk allomalarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish, asarlarining mohiyatini sodda, ravon tarzda yoshlarga yetkazish bo‘yicha amaliy ishlar qilinmoqda. Navoiyshunos olimlarning ta’kidlashicha, Navoiy nafaqat shoir, tarjimon, tilshunos olim, balki davlat arbobi sifatida ham tarixda katta iz qoldirgan.

Ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbir orqali Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zbek adabiyoti xazinasiga o‘zining o‘lmas asarlari bilan hissa qo‘shgani, uning nafaqat iste’dodli ijodkor, balki Hindiston zaminida Boburiylar sulolasiga asos solgan mohir sarkarda va adolatli shoh bo‘lganiga oid ma’lumotlar xotirlandi. O‘z navbatida, Bobur asarlaridagi ezgu g‘oyalar yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular ongida milliy qadriyatlarimizga ehtirom, yurt taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usi va mustahkam fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. 

Tadbir ajoyib mushoira tusini olib, talabalar tomonidan ulug‘ allomalar ijodiy merosidan o‘rin olgan kuy va qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilarida katta taassurot uyg‘otdi. Talabalar ijrosida Buyuk siymolar g‘azallaridan namunalar tinglandi, allomalarning hayot yo‘lini yorituvchi sahna ko‘rinishi ijro etildi. Tadbir talabalar uchun qo‘shimcha dars bo‘ldi. 


Report Page