Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Qirg‘izistondagi vaziyat bo‘yicha qo‘shma bayonot berdi

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Qirg‘izistondagi vaziyat bo‘yicha qo‘shma bayonot berdi

>>>

🌐 OLTIARIQ TV

>>>


O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston va Tojikiston respublikalari prezidentlari Qirg‘izistondagi voqealar yuzasidan qo‘shma bayonot bilan chiqdi. Hujjat Qozog‘iston prezidenti saytida e’lon qilindi

“Qardosh Qirg‘izistonda sodir bo‘layotgan voqealar bizni jiddiy tashvishga solmoqda. Biz ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari, yaxshi qo‘shnichilik, umumiy madaniy va ma’naviy qadriyatlar bilan bog‘langan yaqin qo‘shnilar sifatida Qirg‘iziston xalqini ushbu qiyin kunlarda mamlakatda tinchlikni saqlash va barqarorlikni tiklash uchun o‘ziga xos bo‘lgan donolikni namoyon etishga chaqiramiz”, — deyiladi qo‘shma bayonotda.


Markaziy Osiyoning to‘rt davlati rahbarlari Qirg‘izistonning barcha siyosiy partiyalari va jamoatchilik doiralari tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, konstitutsiya va milliy qonunchilikka so‘zsiz rioya qilish bilan yuzaga kelgan muammolarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan sa’y-harakatlarni amalga oshirishiga umid bildirdi.


“Qirg‘izistonning ravnaqi mintaqaviy xavfsizlik va butun Markaziy Osiyo barqaror rivojlanishining muhim omilidir. Mamlakatlarimizning o‘tmishi bir, kelajakni birgalikda barpo etadi”, — deb ta’kidlangan bayonotda.


To‘rt mamlakat yetakchilari davlatlar mushtarak maqsadlarga intilgan holda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar aloqalarni, chegaraoldi va hududlararo sheriklikni kengaytirish uchun mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlayotganligini eslatib o‘tgan.


“Markaziy Osiyo birdamligini yanada mustahkamlash yo‘lidan borar ekanmiz, biz Qirg‘iziston xalqini uning hamjihatlik, tinch, mustaqil taraqqiyot va farovonlik borasidagi intilishida doimo qo‘llab-quvvatlaymiz”, — deb ta’kidlangan bayonotda.


Eslatib o‘tamiz, 5-oktabr kuni Bishkekda hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi ikki partiya g‘olib chiqqach, parlament saylovlari natijalariga qarshi namoyishlar boshlandi. Tinch boshlangan aksiyalar kechga borib, huquq-tartibot organlari bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Bir necha yuz kishi yaralandi, bir kishi vafot etdi.


6-oktabr tongida namoyishchilar Qirg‘iziston parlamenti va prezident ma’muriyati joylashgan binoni egalladi. Shundan so‘ng namoyishchilar Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga qarab yo‘l oldi va maxsus xizmat xodimlari bilan muzokaralardan so‘ng ular sobiq prezident Almazbek Atambayevni o‘tgan yildan buyon hibsda saqlanayotgan MXDQ tergov izolyatoridan ozod qildi. Koloniyadan, shuningdek, Atambayev davrida hukumatni boshqargan sobiq bosh vazir Sapar Isakov ham ozod etildi.


Shu kuni Markaziy saylov komissiyasi parlament saylovlari natijalarini haqiqiy emas deb topdi.


Norozilik namoyishlari fonida Bishkek shahriga namoyishchilar tomonidan yangi mer tayinlandi. Ammo shaharning rasmiy rahbari Aziz Surakmatov iste’fo haqida ariza yozmadi. Prezidenti So‘ronbay Jeenbekov sodir bo‘lgan voqealarni hukumatni noqonuniy egallashga urinish deb atadi. Shuningdek, davlatning yaxlitligi, xalqning birligi va jamiyatning xotirjamligini birlamchi deb atab, muayyan sharoitlarda lavozimdan ketishga tayyorligini bildirdi.


9-oktabr kuni Qirg‘iziston prezidenti hukumat va bosh vazirni iste’foga chiqardi.

✅https://t.me/OLTIARIQ_TV

👉@SOTUVDAGI_UY_JOYLAR

Report Page