...

...

🌐 OLTIARIQ TV

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘izistondagi voqealarga munosabat bildirdi

Qirg‘izistonda yuzaga kelgan keskin vaziyat va voqealar rivoji O‘zbekistonda jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qo‘shni mamlakatda yuz berayotgan voqealar bo‘yicha bergan bayonotida ma’lum qildi.Bayonotda aytilishicha, O‘zbekiston yaqin qo‘shni va strategik sherik sifatida qardosh Qirg‘izistondagi vaziyatning mamlakat Konstitutsiyasi va milliy qonunchiligi normalariga muvofiq tez orada barqarorlashuviga umid qiladi.


“O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashga qat’iy sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz”, — deyiladi bayonotda.


O‘zbekiston TIV tomonidan ta’kidlanishicha, Qirg‘izistonning barqarorligi va mustahkam rivojlanishi butun Markaziy Osiyo mintaqasi xavfsizligi va farovonligining muhim omili hisoblanadi.


“Hozirgi murakkab vaziyatda biz O‘zbekistonda ko‘p asrlik tarixiy va qarindoshlik rishtalari, umumiy madaniy hamda ma’naviy qadriyatlar bilan mustahkam bog‘langan birodar Qirg‘iziston xalqiga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyormiz”, — deyiladi bayonotda.


Avvalroq Qirg‘iziston chegara xizmati O‘zbekiston 6-oktabr soat 00:00 dan boshlab Qirg‘iziston va uchinchi davlat fuqarolariga mamlakatga kirish uchun cheklovlarni joriy qilgani haqida xabar bergandi. Davlat bojxona qo‘mitasining bildirishicha, cheklov faqat Qirg‘izistonga kirmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari uchun amal qiladi.


Eslatib o‘tamiz, Bishkekda 5-oktabr kuni mamlakat parlamentiga o‘tkazilgan saylov natijalaridan norozi bo‘lgan minglab kishilar namoyishga chiqdi. Namoyishlar tartibsizlikka aylanib ketdi, tartibsizliklarda bir necha yuz kishi jarohat oldi, bir kishi vafot etdi. Namoyishchilar mamlakat parlamenti va prezident administratsiyasi joylashgan binoni egallab oldi, shuningdek, mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev va sobiq bosh vazir Sapar Isakovni qamoqdan ozod qildi.


Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi 6-oktabr kuni parlament saylovi natijalarini haqiqiy emas deb topdi. Qirg‘iziston bosh vaziri Kubatbek Bo‘ronov namoyishlar va tartibsizliklar ortidan iste’foga chiqdi, mamlakat parlamenti namoyishchilar tomonidan qamoqdan ozod qilingan sobiq deputat Sadir Japarovni mamlakatning yangi bosh vaziri etib tayinlash uchun ovoz berdi.


✅https://t.me/OLTIARIQ_TV

👉@SOTUVDAGI_UY_JOYLAR

Report Page