Murat Kamalov Qoraqalpog‘istonning yangi rahbari etib saylandi

Murat Kamalov Qoraqalpog‘istonning yangi rahbari etib saylandi

>>

🌐 OLTIARIQ TV

Nukusda 2-oktabr kuni Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari 8-sessiyasi ish boshladi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etmoqda.




Murat Kamalov.


Foto: Prezident matbuot xizmati


Xabar berishlaricha, yig‘ilishni Jo‘qorg‘i Kenges raisining o‘rinbosari Atabek Davletov ochgan. Sessiyaning kotibiyati saylanib, kun tartibi tasdiqlangan, Oqsoqollar kengashi va Hisob-sanoq komissiyasi tarkibi tuzilgan.


“Bugun qoraqalpoq elini, tuprog‘ini, imkoniyatlarini yaxshi bilgan, xalq tanigan, turli masalalarni hal qila oladigan yetakchini saylab olishimiz kerak. Berdaq bobomizning dono so‘zlari bilan aytganda: “Xalqning g‘amini o‘ylagan, Yurt g‘amxo‘ri kerak menga’”, — deb ta’kidlagan yig‘ilishda so‘zga chiqqan Shavkat Mirziyoyev.


Oqsoqollar kengashining qaroriga muvofiq, Jo‘qorg‘i Kenges raisi lavozimiga Murat Qallibekovich Kamalov nomzodi tavsiya etilgan. Prezident Mirziyoyev Murat Kamalovning “insoniy fazilatlari, fidoyiligi va rahbarlik qobiliyatini hisobga olib”, uning nomzodiga o‘z roziligini bildirgan.


“Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, jamoatchilik vakillari so‘zga chiqib, nomzodni qo‘llab-quvvatladi. Yashirin ovoz berish yo‘li bilan Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi lavozimiga Murat Kamalov saylandi”, — deyiladi Prezident matbuot xizmati axborotida.


Qoraqalpog‘iston Konstitutsiyasining 80-moddasiga muvofiq, Jo‘qorg‘i Kengesning raisi Qoraqalpog‘iston rahbari va eng yuqori lavozimli shaxsidir. Jo‘qorg‘i Kenges raisi ayni organ tomonidan O‘zbekiston Prezidentining roziligi bilan hamda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining deputatlari orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan Jo‘qorg‘i Kengesning vakolati muddatiga saylanadi.

✅https://t.me/OLTIARIQ_TV

👉@SOTUVDAGI_UY_JOYLAR

Report Page