🥰🥰🥰🥰🥰

🥰🥰🥰🥰🥰

Madina Qurbonova

Abituriyentlik haqida gap ketgan ekan, bugun shu bilan bog‘liq yana bir voqeani aytib bermoqchiman)) 


Univeristetda uchinchi kursda o‘qiydigan vaqtlarim, darsdan keyin biologiyadan repetitorlik qilaman, shu bilan birga o‘zim rus tili o‘rganish uchun kursga ham borardim. May oyining boshlari... Bir kuni darsdan sal vaqtliroq borgan ekanman, men bilan birga kursga boradigan qiz bilan darsimiz boshlanguncha gaplashib qoldik. 

- Singlim o‘tgan yili ADMI (hozirgi Andijon tibbiyot instituti) ga topshirib kira olmadi. 

- Tayyorlanganmidi? 

- Ha, lekin yiqildi. Hozir kimyodan falonchi ustozga boryapti. 

- Biologiyadanchi? 

- Biologiyadan o‘zi tayyorlanyapti. 

- Bo‘lmaydi, biologiyadan repetitorga borishi shart, birinchi blok, ana menga kelsin, yaxshilab tayyorlab beraman. 


Shu bilan singlisini menga yuboradigan bo‘ldi. Ikki kun o‘tib singlisi ikki o‘rtog‘i bilan keldi. Savol-javob qildim, asos bor, vaqt oz qolgan bo‘lsa ham harakat qilsa bo‘ladi. Xullas ularni tayyorlashga kirishdim. Hujjat topshirish vaqtida kursdoshimning singlisi topshirma deganimga qaramay kimyoga topshirdi. Uchchalasidan faqat bittasi aytganimni qilib biologiyaga topshirdi. Natijada o‘sha o‘qishga kirib, narigi ikkalasi yiqildi. 


Mandatdan keyin nima qilasizlar endi desam, uydagilar bo‘ldi shuncha topshirganing (uchinchi yil topshirishlari edi) deyishyapti, agar imkoni bo‘lsa super qilamiz ekan. Men ularga bu yo‘l noto‘g‘riligini, super qilish fikri to‘g‘ri emasligini, yana bir yil yaxshilab tayyorlanishsa o‘qishga kirishlarini tushuntirdim. Xo‘p deb uylariga ketishdi. Keyin uydagilar bo‘ldi o‘qimaysan endi deyishdi deb xabar jo‘natishdi. Jahlim chiqdi. Qanaqa ota-ona bularki, qizlarini o‘qishdan to‘xtatishadi. Ikkalasiga ham uyingdagilarni meni oldimga olib kel, men o‘zim ketmoncha qilib tushuntiraman dedim. Dars o‘tadigan joyimda tursam ikkalasining onasi kirib kelishdi. Qizlar tojik edi. 

- Falonchi, domlang shumi? 

- Ha ana u turgan domlamiz,- dedi bittasi onasiga

- Voooy, shu kichkina bolacha domlami? 

- Jiiim, domlamiz ham tojik, gapizni tushunadi. 😆😂

Ularni gapini eshitib kulaman. Keyin onalarini xonaga olib kirib, qizlarni tashqarida qoldirib gaplashdim. Onalar ko‘z yoshi ham qilib olishdi. Xullas, ikki ayolni boplab tuzladim, qiz bolani o‘qitmaydigan qanaqa onasizlar, o‘qimasdan ertaga piyozga boradigan bo‘lsinmi dedim (qo‘lida hech qanday hunari, kasbi yo‘q ayollar piyoz o‘toq qilgani kunlik mardikorlikka chiqishar edi). Pullaringiz ham kerak emas, shu ikki qiz keladi, biologiyadan ham, kimyodan ham o‘zim tayyorlayman dedim. Dadalarimiz nima derkinlar deyishgan edi, erni yo‘lga sola olmaydigan qanaqa xotinsizlar deb yana gap eshitib olishdi. Xullas, jimitdek bola ikkita xotinni so‘kib-so‘kib qizlarini o‘qitgani ko‘ndirib jo‘natdi. 


Boshlanishiga haligi kursdoshimning singlisi kela boshladi. Har kuni keladi, uch kun biologiya, uch kun kimyodan shug‘ullanamiz. Keyinroq narigi sherigi ham qo‘shildi. Xullas, ikkalasini boshqa abituriyentlarim bilan birga bir yil tayyorladim. O‘ziyam burunlarini yerga ishqalatib o‘qitdim. Hujjat topshirish vaqtida ikkalasi ham biologiya topshirdi. Imtihonga ham rosa qurollantirib kirgizganman. Telefon ham olib kirishgan, birorta bilmaydigan narsang chiqsa oxirida, nazorat yengillashganda telefon qilasan deb. Xullas, yaxshi kayfiyatda kirib chiqishdi. Endi mandatni kutyapmiz. Ey xudo, ishqilib ikkalasini ota-onasini oldida yuzimni yorug‘ qilginda deb so‘rayman har kuni. 


Mandat chiqdi. Uyim univerga yaqin bo‘lgani uchun mandatni ko‘rgani o‘zim bordim. Qarasam ikkala churvaqa ham budjetga kiribdi 😃, o‘zim o‘qishga kirganda ham bunaqa xursand bo‘lmagandim. Otalariga telefon qildim. Endi ular ham xursand, ulardan ham men xursandman, yuzim yorug‘ bo‘ldi. 


Keyin men magistraturaga kirib, o‘sha vaqtdanoq kafedrada 0.25 stavkada laborant bo‘lib ish boshladim. Ko‘pincha o‘qituvchilarning o‘rniga darsga kirardim. Biologiyadagi aksariyati o‘zimni o‘quvchilarim. Xullas, ana u ikkisiga universitetda ham bir necha fandan darsga kirdim. Orada magistraturani bitirib kafedraga ishga kirdim. Kursdoshimning singlisini bira to‘la otalig‘imga olib oxirgi kursida diplom rahbari ham bo‘ldim. To‘g‘rirog‘i diplom ishini yozish ham o‘zimga qoldi 😂. Keyin qarasam bechora qiz o‘qishni bitirganidan keyin ish topa olmaydigan ko‘rinadi. Mayli savob bo‘ladi deb o‘zimga shaxsiy kotiba qilib ishga oldim. Hozir ham menga ishlaydi, shu kunlarda qizimga enagalik qilyapti 😉😁.

(c) Bakhtiyor Sheraliev

Report Page