🌍🌍🌍

🌍🌍🌍

#tun_hikoyasi


YOʻLOVCHI (hikoya)

Rustam yoʻl boʻylab xushxandon kelardi. Koʻzlari quvonchdan porlagan. Chehrasida mamnun bir ifoda. Mayin esayotgan shabada dimogʻiga keltirgan chechaklar iforidan miriqib, chuqur-chuqur nafas oldi. Bu ifor bahor xushxabariga limmo-lim edi. Bundan Rustamning koʻngli ham chogʻlandi. Uni xush kayfiyat yetaklab ketayotgan edi. Kun ham goʻyo unga hamrohlik qilishga shaylangandek daraxt yaproqlari orasidan moʻralab-moʻralab qoʻyardi. Koʻkning u yer-bu yerida momiqqina bulutlar namlangan paxtaday suzib yuribdi. Qushlarning chugʻurlashi, gala-gala boʻlib, bir-birlarini quvlashib u daraxtdan bu daraxtga pirillab uchib-qoʻnishlari koʻngillarda allanechuk zavq uygʻotadi.

Rustam tuyqus kechagi saboqni esladi. Qandaydir institutdan atay tashrif buyurgan, yuz-koʻzidan, xatti-harakatidan bilimdon, fikrchan ziyoli ekanligi bilinib turgan yosh bir muallim maxsus maʼruza qilib berdi. Maʼruza ham uncha-muncha emas, insoniy komillik mavzusida boʻldi. Domla insoniy mehr-oqibat, sadoqat, imon-eʼtiqod haqida toʻlqinlanib gapirib hammani ogʻziga qaratdi. Hatto ayrimlar andak-andak koʻz yoshi ham qilib olishdi.

Biz munosabatimizni eng avval yaxshi koʻrishdan boshlaymiz. Keyin izzat-hurmat uygʻonadi. Soʻng sevamiz, mehr koʻrsatamiz. Oqibatda, bir-birimizni ardoqlab yashaymiz, dedi u donishmandlarga xos oʻychanlik bilan. Xullas, oʻzi ham komillik taʼmini tatib koʻrganiga hammani osongina ishontirdi. Eng muhimi, Rustam domlaning eʼtiboriga tushdi. U bergan savollar ustozda qiziqish uygʻotdi. 

– Miyang but bolaga oʻxshayapsan, keyinroq menga bir uchrash, – dedi u kishi ketar chogʻi.

Oʻsha eʼtiroflar xayolida jonlanar ekan, Rustamning qalbi battar charogʻon tortardi. Tevaragiga mamnunlik, ochiq koʻngillik bilan koʻz tashlardi. Yoʻlda notanishlarni koʻrganda ham koʻngli yumshab, ularning yaqin kelishini intizor kutardi. Goho qadamlarini jadallashtirib kimlargadir yetib olardi. Tuyqus u bir cholni koʻrib qoldi. Qariya hassasiga tayangan koʻyi arang borar, egilib-bukilib qolganiga qaramay shoshilib qadam tashlardi. U tez yurishga qanchalik urinmasin, qarilik oyogʻiga tushov boʻlgandi.

– Sizga koʻmak kerak emasmi, – deb soʻradi Rustam uning sertomir qoʻlidan tutib.

Chol churq etmadi. Boshini yanada engashtirib oldi. Nigohini yerdan olmadi. Rustam cholning hassa ushlagan qoʻliga qoʻlini qoʻydi. Chol qoʻlini tortib oldi. Endi uning qoʻllari qaltiray boshladi. Rustam oʻzini andak chetga tortdi. Biroq cholni eʼtiborsiz qoldira olmadi. Ortidan unga ergashdi. Chol beparvoday ketardi-yu, ammo xijolat tortganligi sezilib turardi.

Rustam endi nimadir deyishga yuragi dov bermayotgandi. Ikkalasi jimlikni buzmaslik kerakdek yoʻlda davom etib borardi. Birozdan keyin cholning lablari pirpiray boshladi. Gohida oʻzi bilmagan holda ovozi chiqib qolardi. Rustam uni elas-elas eshitardi-yu, tushuna olmasdi. Keyin qariyaning nima deyayotganiga qiziqib izidan boraverdi. Uning nima uchun bu koʻyga tushganini bilishni xohlardi. Chol hamon gapirinib ketishda davom etardi.

– Oʻzim. Nega oʻzim? Xatoga qayerda yoʻl qoʻydim? Axir u… – dedi-yu, yonida hamrohi borligi esiga tushdi.

Chol Rustamga qaradi.

– Sizga nima kerak, oʻgʻlim?

– Kechirasiz. Sizdan… – Rustam xijolat boʻlganidan gapini davom ettira olmadi. Noqulay ahvolda qolganini his qildi.

– Ha. Bilmoqchi edimki…

– Qayoqqa ketayapsiz demoqchimisiz, – dedi qariya choʻrt kesib. – Hozir qayerga ketayotganimni, qayerga borishni oʻzim ham bilmayman.

Rustam bunday gapni kutmagan edi. Shuning uchun u hayratini yashirib oʻtirmadi.

– Axir ulugʻ yoshda boʻlsangiz…

– Alam qiladigani ham shunda-da, – dedi chol.

Rustam endi qariyani yaxshiroq bilishga harakat qila boshladi.

– Farzandlaringiz yoʻqmi?

– Yakkayu yolgʻiz oʻgʻlim bor, – xoʻrsinib javob berdi chol.

– U bilan yaxshi emasmisiz?

– Shunday desam ham boʻlaveradi. Lekin nachora… nabiralarimni yaxshi koʻraman, ularning kulishlari, atak-chechak yurishlari, ayniqsa, «bobo» deganini eshitganimda dilim yayradi. Afsuski, bular men uchun shirin istak…

Qariya koʻzlaridan duvillab kelgan ikki qatra yoshini Rustamdan yashirib oʻtirmasdan artib qoʻydi.

Rustam har savol berganida cholga ozor bergandek boʻlardi. Biroq uni shu holicha tashlab keta olmasdi ham.

Cholning yuragi ezilgan. Rustamga mehr toʻla koʻzlari bilan boqib turardi.

Endi Rustam qariyaga yaqin boʻlib qolgandi. Moʻysafidni suhbatga tortishni xohlardi. Rustam cholni koʻcha chetida joylashgan yogʻoch oʻrindiqqa boshlab bordi. Nima bilandir uning koʻnglini koʻtarishga harakat qilardi. Chol yerga tikilgan, gohida chuqur xoʻrsinib olardi. Gohida achinish va rahmdillik bilan Rustamga qarab qoʻyardi.

Rustam oʻzini qatʼiy tutgan boʻldi. Choldan nima boʻlganini ochiq soʻrashga kirishdi.

– Otaxon, nega boradigan manzilingiz yoʻq? Farzandingiz bor ekan.

– Farzandim bor. Toʻrt qavatli uyim bor. Afsuski, u yerda menga joy yoʻq.

– Nima?! Toʻrt qavat uyda sizga joy yoʻq!

– Siz tushunishingiz uchun boshidan boshlamasam boʻlmaydi, – dedi chol, soʻng ogʻir soʻlish olib, xira bir tovushda hikoyasini boshladi, – yosh edim. Otam vafot etgandi. Oilani boqish onam va akalarimning zimmasida qoldi. Onam kuni bilan koʻchada tamaki sotib oʻtirardi. Ikki akam esa, yoz-kuzda qadoqlanmagan suv sotishardi. Olib yurilgan suv issiqda isib ketar, onda-sonda olmoqchi boʻlgan xaridor ham suvni olmay ketardi. Akalarimning bu ahvoldan hafsalalari pir boʻlar edi. Men kichkina edim. Onamga yo akalarimga ergashib yurardim. Shu zayil kun koʻrardik. Koʻproq pul kelgan kuni sevinib ketardek. Daromad yaxshi boʻlgan kuni orzularimiz uchun pul yigʻardik. Buni qarangki, onam tamaki sotib yurib, badaniga tamakidan allergiya toshadigan boʻlib qoldi. Asta-sekin kasallik tez-tez bezovta qila boshladi. Orzular uchun yigʻilgan pullar alamli koʻz yoshi bilan ketdi. Akalarim onam uchun yugurdi-eldi. Biroq xastalik bizni onasiz qoldirdi. Akalarimning zimmasidagi yumushlar yana ogʻirlashdi. Ikala akam ham tamaki sotishga oʻtdi. Meni birga olib yurishardi-yu, tamaki sottirishmasdi. Onam bizlarni oq yoqali koʻylak kiysa, deb havas qilardi. Doim kiyimlarimdan tamaki hidi anqib turardi. Biz dogʻlari tez bilinmaydigan koʻylak kiyardik. Koʻchada yugurgilab yurganimizdan tez terlab ketardik. Keyin kiyimlar changdan kirlanardi. Onamning orzusini amalga oshirishni istagan akalarim meni oʻqitishdi. Soʻng men ishlay boshladim. Akalarim xursand edi. Biz baxtiyor edik. Bir-birimizdan hech narsani ayab oʻtirmasdik. Ular hayot qiyinchiliklariga erta uchraganligi sabab erta vafot etishdi. Men akalarimsiz yolgʻizlanib qolib bor mehrimni oʻgʻlimga berib, unga suyanib qoldim. Hayotim osuda kechardi. Akalarim menga qilgan mehribonchiliklarini, zorlanib yashamasligim uchun bergan koʻmaklarini men oʻgʻlimga qilgan edim. Hech narsaga zoriqmadi. Qiyinchilik nimaligini bilmadi. Ziyolilar orasida yursin, avlodimiz nochor qolmasin, deb oʻqimishli qildim. Nihoyat, ziyolilar orasida oʻzining fikriga erkin suyanadigan boʻldi. Obroʻ ham orttirdi. Biroq yuksalishlar uni kibrlantirib yubordi. Men ishontirib aytamanki, mening oʻgʻlim ziyolilik muhitini oʻzgartirib yubordi. Mana, bir oydan oshayapti, menga har kuni yangi qurilgan qariyalar uyini maqtaydi. Men shu joyda yashashim kerak ekan. U joyni band qilish uchun tanishlarini ancha ovvora qilib qoʻygan ekan. Men bormasam soʻragan odamlarning oldida yuzi shuvut boʻlar ekan. Hozir meni izlab yurgandir.

Cholning hikoyasi tugar-tugamas oldilariga yap-yangi «Lasetti» kelib toʻxtadi.

– Otaxon, keling, mashinaga chiqing, – dedi haydovchi.

Chol Rustamga soʻlgʻin qaradi-da, soʻng hassasini shunday mahkam ushlab oldiki, goʻyo hayot-mamoti shunga bogʻliq edi. Rustam cholni kuzatib turardi. Chol mashinaga yaqin borganida eshik ochildi. Ichida kimdir bor edi.

«Ovora qilmasdan oʻtirsangiz boʻlmaydimi?», – dedi nomaʼlum yoʻlovchi.

Rustam mashina ichkarisiga sinchiklab qaradi. Qaradi-yu, koʻzlariga ishongisi kelmadi. Oʻzini panaga olib turgan odam, oʻsha – komil inson haqidagi maʼruzasi bilan hammani lol qoldirgan yosh bilimdon ustoz edi.

Rustam xuddi havo yetishmayotgan kabi boʻgʻila boshladi. Negadir chor atrof koʻziga zim-ziyo boʻlib koʻrindi.

Manba: «Yoshlik» jurnali, 2013 yil, 6-son.

Report Page