...

...

@UzShok

Tokio—2020 Olimpiadasining 25-iyul kungi bahslari davom etmoqda.

Akademik eshkak eshish bo‘yicha Shahboz Xolmirzayev va Sobir Safaraliyev juftligi o‘tish bosqichida ham to‘rtinchi natijani qayd etdi. Endilikda ular 13—18 o‘rinlar uchun kurash olib boradi.


Taekvondo bo‘yicha -68 kg vazn toifasi vakili Ulug‘bek Rashidov dastlabki bosqichda malilik Seydu Mofanani 38:17 hisobida mag‘lub etib, 1/8 finalga yo‘l oldi. O‘zbekiston sportchi chorak final yo‘llanmasi uchun 3 karra jahon chempioni, Olimpiya o‘yinlarining 2 karra sovrindori janubiy koreyalik Li De Hunga qarshi dayanga chiqdi. Dastlabki raundda imkoniyatni boy bergan Rashidov 2 va 3-raundlarda ustunlik qildi. Asosiy vaqt 19:19 hisobida yakunlandi. Bahs taqdirini hal qilgan “Oltin zarba”da Rashidov 2 ochko qo‘lga kiritib, chorak finalga yo‘l oldi.

Rashidov 1/4 finalda eronlik Mirhoshim Hussainiga qarshi jang qiladi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 15:00 atrofida boshlanadi.


Bokschi Tursunoy Rahimova (-51 kg) 1/16 finalda polshalik Sandra Drabikka qarshi jang qildi va g‘alabaga erishdi. Shu tariqa Rahimova Olimpiya o‘yinlarida g‘alabaga erishgan o‘zbekistonlik ilk ayol bokschiga aylandi. Uning keyingi bosqichdagi raqibi turkiyalik Buse Naz Chakiroo‘g‘lu bo‘ladi.


Dzyudo bo‘yicha -52 kg vazn toifasida harakat qilgan Diyora Keldiyorova mo‘g‘ulistonlik Soserbaram Lxagvasurenga qarshi to‘qnash keldi va mag‘lubiyatga uchradi. Sardor Nurillayev (-66 kg) 1/16 finalda Moldova vakili Denis Viyeruga qarshi kurash olib bordi. Unda o‘zbekistonlik sportchi jarohat sabab jangni davom ettira olmadi va Olimpiadadagi yurishini to‘xtatdi.

Report Page