...

...

@UzShok // M.Muhammad

O‘zbekistonda telekanallar faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi


O‘zbekistonda 6–30 iyul kunlari teledasturlarni efirga uzatish qurilmalarida yarim yillik profilaktika ishlari olib boriladi. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati xabar berdi.


Ma’lum qilinishicha, aholiga televideniye dasturlarining uzluksiz va sifatli tarqatilishini ta’minlash maqsadida Radioaloqa, radioeshittirishlar va televideniye markazining texnik vositalarini yillik rejalarda belgilangan muddatlarda o‘chirib, profilaktika ishlari muntazam ravishda amalga oshiriladi.


Markazning raqamli teledasturlarni shakllantirish qurilmalarida, teleradio uzatkichlarida, antenna-fider tizimlarida va sun’iy yo‘ldosh qabul qilish-uzatish qurilmalarida yarim yillik profilaktika ishlari 6–30 iyul kunlari o‘tkaziladi.


14 iyul kuni soat 01:00 dan 06:00 gacha (13 iyuldan 14 iyulga o‘tar kechasi) raqamli teledasturlarni shakllantirish qurilmalarida va soat 01:00 dan 10:00 gacha teleradio uzatkichlarda yarim yillik profilaktika o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu vaqtda Toshkent shahrida va respublika bo‘yicha raqamli teledasturlarni (MTRK teledasturlaridan tashqari) tarqatish vaqtincha to‘xtatiladi. Bunda Toshkent shahrida va bir qator viloyatlarda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining teledasturlarini tarqatish to‘xtatilmaydi, lekin ayrim sifat pasayishi holatlari kuzatilishi mumkin.


Shuningdek, Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda ham 6–28 iyul kunlari soat 01:00 dan 10:00 gacha davlat, nodavlat, mahalliy va «UzDigital TV»ning tijorat telekanallarini uzatadigan raqamli teleuzatkichlarda jadval asosida yarim yillik profilaktika ishlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.


«To‘xtalishlar kuzatilgan vaqtda abonent uskunasi (tyuner va televizor) sozlamalarini o‘zgartirish tavsiya etilmaydi», deyiladi vazirlik xabarida.


Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2020 yilning yanvar–dekabr holatiga ko‘ra, 100 ta uy xo‘jaligiga to‘g‘ri keladigan televizorlar soni 162 tani tashkil etishi ma’lum qilingandi.



👉 UZSHOK — qaynoq va shok !


Report Page