...

...

@UzShok


Zangiotadagi kasalxona to‘ldi. 2 ming kishiga mo‘ljallangan joyda 2,5 mingdan ortiq bemor davolanmoqda


Zangiotadagi koronavirusga chalingani gumon qilingan bemorlarni davolashga mo‘ljallangan yuqumli kasalliklar shifoxonasi bemorlar bilan to‘ldi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali orqali ma’lum qilindi.


“Kasalxonamiz 2 ming koykaga mo‘ljallangan. Ammo ayni vaqtida 2550 nafar bemor davolanmoqda. Koronavirusga chalinganlar soni, ayniqsa, homilador ayollar va bolalar orasida keskin oshib ketdi. Bloklarda bemorlar soni ortib ketgani sabab bolalarni kattalar uchun mo‘ljallangan palatalarga joylashtirishga majbur bo‘lyapmiz. Vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, vaksinatsiyasiz muammoni bartaraf etib bo‘lmaydi”, — deydi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori o‘rinbosari Olimjon Isoqov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi vaqtlarda har kuni 350 ga yaqin inson kasalxonaga yotqizilmoqda. Bo‘sh koyka-o‘rinlar qolmagani sabab kasalxonaga bemorlarni qabul qilish to‘xtatilgan. Reanimatsiyada yotgan bemorlarning barchasi vaksinatsiyadan o‘tmagan.

Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida mavjud 2 mingta koyka-o‘rinda faqat 300 tasi hozircha bo‘sh (2-iyul holatiga ko‘ra). Ammo shifokorlarning aytishicha, kasallar sonining bu kabi ortishi sabab bir—ikki kunda ular ham to‘ladi.

Avvalroq iyun oyi oxirida Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov “ayni paytda 2016 ta o‘ringa ega bo‘lgan shifoxonada 1,4 mingdan ortiq bemor belgilangan standartlar bo‘yicha davolanayotgani”ni ma’lum qilgan edi. O‘sha vaqtda 232 o‘rinli reanimatsiya bo‘limlarida 29 ta bo‘sh joy borligi ta’kidlangan edi.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat og‘irlashgani munosabati bilan 28-iyundan 12-iyulgacha kuchaytirilgan karantin tadbirlari ko‘rilishi e’lon qilingan edi (amalda ushbu tadbirlarning asosan yemakxonalar faoliyatini 20:00 dan keyin to‘xtatish qismi bajarildi, xolos). 2-iyuldan Toshkentda vaqtinchalik kovid-markazlar faoliyati qayta tiklana boshlandi.

Report Page