***

***



Tun. Soatning chiqqilayotgan ovozi jim-jit xonada aks-sado beradi. Deraza ortidan yaqinlashib kelayotgan mashinaning guvillagan tovushi eshitilib, kimnidir tushirib qoldirgandan so'ng yana guvillagancha olislab ketadi. Qayta sokinlik cho'madi. Bu jimlikni kalitning shiqirlab ochilgani va bir kishining og'ir qadam tovushlari buzadi. U eshikdan kirgach, chiroqni yoqish uchun qo'l cho'zadi, biroq fikridan qaytib qorong'uda paypaslagancha xonasiga yo'l oladi. Keng xonaning o'rtasida turgan karavatiga o'zini otadi. U ertadan kechgacha ishlar, har kuni yarim tunda uyiga kelar va hozirgidek chiroqni ham yoqmasdan najotdek ko'rinadigan yotog'iga shoshilardi. Mana doimgidek bir zumda ko'zlari ham yumildi:

U yolg'iz odimlab borardi. Yomg'ir yog'ayotgani uchun egniga plash va bosh kiyim kiyib olgandi. Yurib borarkan hayotining har bir oni aralashib miyasida charx ura boshladi. U qachon o'zini bilmas darajada ulg'aydi? Qachondan boshlab baxtni katta narsalardan qidira boshladi? Qachon hammadan uzoqlashib yolg'iz qoldi? Qiziquvchan, har kuni hayotida yangi bir narsa kashf qiladigan inson qani? Qachongacha shu taxlitda yashaydi? Qarshisida turgan kim o'zi? Savollar quyilib keladi. O'tmish, bugun va kelajak uni ta'qib qiladi. Orqaga yo'l yo'q, oldinda esa u bo'lishni istamagan inson turardi. Soniyalar to'xtadi, vaqt izmidan chiqdi. Zulmat sahnasida turgan bu insonning fikrlari endi tiniqla boshladi.

U hamon yurishda davom etardi. Yomg'ir ancha sekinlashib qolgan, ufq tomonda olam tun libosini kunga alishtiryotgandi.

Ko'zlarini ochdi. Go'yo bir necha yillik uyqudan turgandek edi. O'rnidan tetik turib derazani ochdi. Tunda yomg'ir yog'gandi, undan keyingi nam va toza havodan to'yib nafas oldi.

Tong otdi.




Report Page