⛈
Yomg'ir yoqqanda o'qiladigan duolar
Alloh taolo Qur’oni Karimda yomg‘irni zikr qilar ekan, bundan ko‘zlangan ikki maqsadni aytib o‘tadi. Oyatlarning birida shunday deyiladi:
«U O‘z rahmati (ya’ni yomg‘ir) oldidan xushxabar qilib shamollar yuborgan Zotdir» (Furqon surasi, 48-oyat).
Boshqa oyatda esa shunday deyilgan:
«Ular uni (azobni) o‘z vodiylariga qarab kelayotgan bir qora bulut holida ko‘rishgach, «Bu bizlarga yomg‘ir keltirguvchi bulutdir», – dedilar. (Hud aytdi)«Yo‘q, u o‘zlaringiz shoshtirgan narsa – bir bo‘ronki, unda alamli azob bordir» (Ahqof surasi, 24-oyat).
Ikki natija
Alloh taolo barcha mavjudotlarni to‘liq nazorat qiladi. U Zot bir zumda quvonchli voqealarni qayg‘uga, balo-ofatlarni esa xayrli ishlarga aylantirib qo‘ya oladi. U Zot bir narsani ba’zi odamlar uchun yaxshilik qilsa, xuddi shu narsa orqali boshqa odamlarga balo yuborishi ham mumkin.
Yuqorida keltirilgan ikki oyatda aynan shunday holatni kuzatamiz. Bir oyatda yomg‘ir rahmat deyilgan bo‘lsa, ikkinchisida uning alamli azob bo‘lib yaqinlashib kelayotgani aytilmoqda.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonlarida Madina ahliga qurg‘oqchilik yetdi. U zot juma kuni xutba qilayotgan edilar, bir kishi turib, «Ey Allohning Rasuli, chorva halok bo‘ldi, qo‘ylar halok bo‘ldi. Allohga duo qiling, yomg‘ir yuborsin» dedi. U zot qo‘llarini ko‘tarib, duo qildilar. Osmon shishadek tiniq, musaffo edi. Birdan shamol turib, bulut paydo bo‘ldi. Bulutlar to‘plangach, osmon meshining og‘zini ochib yubordi (sharros yomg‘ir quyib yubordi). (Masjiddan) chiqib, uylarimizga yetgunimizcha suv kechib bordik. Yomg‘ir keyingi jumagacha to‘xtamadi. Haligi odam yana u zotning huzurlariga kelib, «Ey Allohning Rasuli, uylar yiqilyapti. Allohga duo qiling, uni (yomg‘irni) to‘xtatsin», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tabassum qildilar, so‘ng: «(Allohim! Yomg‘irni) atrofimizga (yog‘dir), bizning ustimizga emas!» dedilar. Qarasam, bulutlar Madina atrofiga tarqalib, xuddi gulchambardek bo‘lib qoldi», dedi.
Yomg‘ir yoqqanda o‘qiladigan duo
Yomg‘ir rahmat yoki balo bo‘lib kelishi mumkin bo‘lgani sababli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shamol boshlansa, (yomg‘ir yaqinlashib kelayotganining alomati bo‘lgani uchun) kayfiyatlari o‘zgarib, bezovta bo‘la boshlardilar. «Nega xavotirga tushdingiz» deb so‘rashsa, ul zoti bobarakot: «Ummatimga jazo kelmadimikin deb qo‘rqaman», deya javob berardilar.
Yomg‘ir yog‘a boshlaganda ul zot quyidagi duoni o‘qir edilar:
«Allohumma, inniy as-aluka xoyrohaa va xoyro maa fiihaa, va xoyro maa ursilat bih, va a’uuzu bika min sharrihaa va sharri maa fiihaa va sharri maa ursilat bih».
Duoning ma’nosi: «Allohim, Sendan buning (shamolning) yaxshisini, undagi yaxshilikni va u bilan yuborilgan narsaning (yomg‘irning) yaxshisini so‘rayman. Sendan uning yomonidan, undagi yomonlikdan va u bilan yuborilgan narsaning yomonidan panoh so‘rayman».
Shundan so‘ng, agar yomg‘ir sokin bo‘lsa, ul zot sollallohu alayhi vasallam yengil tortib qolar edilar, yomg‘ir ostiga chiqib, ko‘kraklarini ochardilar. Shu tarzda yomg‘ir olib kelayotgan rahmatdan bahramand bo‘lardilar. Buning sababi haqida so‘ralganda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: «Bu yomg‘ir hozirgina Robbimning huzuridan (dargohidan) keldi», deb javob berardilar («Sahihi Muslim»).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yomg‘ir paytida mana bu duoni ham o‘qirdilar: «Allohumma, havaalaynaa va laa 'alaynaa».
Duoning ma’nosi: «Allohim, bu yomg‘ir atrofimizga yog‘sin, ustimizga yog‘masin» («Sahihi Buxoriy», «Sahihi Muslim»).
Momoqaldiroq gumburlasa, Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam: «Allohumma, laa taqtulna bi g‘odobik, va laa tuhliknaa bi 'azaabik, va 'aafinaa qobla zaalik» deb ham duo qilardilar.
Duoning ma’nosi: « Allohim, bizlarni g‘azabing ila o‘ldirma, azobing bilan halok qilma va bundan avval bizni avf qilgin» («Sunani Termiziy», «Musnad Ahmad» va «Adabul mufrad». Imom Hakim, Zahabiy ( Mustadrak, 2-jild, 286-sahifa) hamda Hofiz Ibn Hajar va alloma Jazariylar ( Al-Futuhat ur-Rabboniya, 4- jild, 284-sahifa) bu hadisni sahih deyishgan).
Yomg‘ir tingandan so‘ng o‘qiladigan duo
«Mutirnaa bifazli-llaahi va rohmatih».
Duoning ma’nosi: «Allohning fazli va rahmati ila yomg‘ir yog‘di» («Sahihi Buxoriy» va «Sahihi Muslim»).
Keltirib o‘tilgan ushbu duolar yomg‘ir yog‘ayotganda o‘qiladigan ko‘plab duolardan ba’zilari, xolos.
Yomg‘ir paytida o‘qilgan duo ijobat bo‘ladi
Hadislardan ma’lumki, yomg‘ir yog‘ayotgan paytda o‘qiladigan duolar ijobat bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «...yomg‘ir paytidagi duo rad qilinmaydi», dedilar.
(«Sunani Abu Dovud», 2533-hadis «Mustadrak» , Zahabiy va Shavkoniy, «Tuhfatuz-zokiriyn», 69-bet; shuningdek, imom Navaviy «Al-Azkor»).
Sunnatdan boxabar musulmonlar bu duolarni yaxshi bilishadi. Ko‘pgina muslumon mamlakatlarda yomg‘ir yog‘ib qolsa, ko‘chaga chiqib, duo qilayotgan odamlarni uchratishingiz mumkin.
Keling, biz ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofiq yomg‘irni duolar bilan qarshi olaylik.Alloh taolo barchamizga har bir ishda O‘zining habibi sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishni nasib aylasin, omin!
Manba: Islom.uz