***

***

. Гулмира


Yaxshiyam tushunmaymiz!

—Koʻrishni xohlasang, hamma narsa koʻzgu boʻla oladi. Hamma odamning surati-yu siyratida oʻrganadigan bir yaxshi jihat bor.

Bogʻchadan qaytarkanmiz, bola ongimga bularni quyayotgan ayamga norozi qarayman:

—Aya, hayotda hamma odam yaxshi boʻlmaydi-ku? — qarashlarimdan "Nahotki, shuniyam bilmasangiz?!" degan maʼnoni uqqan ayam hali maktabga chiqmagan bolasining aql oʻrgatishlaridan kulib yuboradi:

—Gaping toʻgʻri...Lekin sen biron odamning yomon feʼlini sezsang, aynan uni takrorlamaslik kerakligini tushunsang, shuning oʻzi oʻrganishing uchun yetarli.

***

Yaqinda uyiga ketgan uch oylik xonadoshim Husnorani eslab, bu gaplarning nechogʻlik toʻgʻriligiga amin boʻlaman. U kishim koʻch-koʻroni bilan uyiga joʻnadilar-u, bizga bir olam taassurotini tashlab ketdi.

— A-tak, san, yashashni bilmiysan, student, — baʼzida uning har kun bir xil takrorlanadigan hayotimizga baho bergilari kelib qolardi, — naprimer, mani olsak, hech qatta oʻqimovotgan boʻsamam, koʻcha toʻla oshigʻim. Sevib-sevilib, zato, oʻzim uchun yashvomman.

—Daa — u kishimning chul-chut tiliga kinoya qilib, bosh irgʻayman,—YASHAYAPSIZ!

—Kesatma! Ya govoryo tebya, Valik mansiz oʻlib qoladi! Voskresenyeda yalinishini koʻrsang, vashshe rahming kelib ketardi-de...

—Nimaga yalinadi?—kap-katta odamning bir ayolga nima deb yalinishi mumkinligini tasavvur qilolmay soʻrayman.

—Detskiysan-de! Turmush quraylik devotti-de?! "Sansiz oʻlib qovamman, Husnorichka!" — devotti! Bir koʻrsang edi, bola bechoraga rahming kelib ketardi...

Bu gaplarning haqiqatligiga uncha ishonmasam ham, uning oʻzini yer yuzida qolgan yagona ayol deb qilayotgan tasavvurlariga putur yetkazgim kelmaydi:

—Unda turmush quravering-da!

—Net...Mojit bit tegarman. Nuu... Ne seychas. Koʻrsang, "Husnor" devotti, "Sani koʻzlaring boshqacha! Choʻkib ketvomman unga! Saning gaplaring vashshe sehrli, slushat qilib, uxlab qolsam! Esli ti xochesh, ya anu zvezdalarni osmondan qopi bilan obkelovuraman!" — devotti-de...

Biz, talabani hayotni bilmasligimizdan ochilgan gap, aslida, opamizning yigitlari haqidagi taʼrif-tavsiflarini aytish-u oʻzining qanchalar qadrliligini eslatib qoʻyish uchunligini yaxshi payqayman. Shungami, "Uxlab qolibdi" desin deb koʻzimni yumib olaman.

Br necha kun oʻtib, Husnoraxon yana tepamizga kelib oladilar:

—Davay, student, san koʻp narsani bilasan-u?! Gavaresh, anu nega telefon qimovottiykin? Ili birontasini topib olganmi?

Ingliz tilidan matnning maʼnosini chiqarolmay garang boʻlib turganimda berilgan bemaʼni savoldan jahlim chiqib ketadi:

—Men qayerdan bilay? Bizga oʻqishda buni oʻrgatmasa?

—Buncha burningni jiyirding? Ya znayu, bu silarga oʻtilmiydi, nu san psixikani xarashoʻ tushunasan-u?! Odamlarni gavarit qilmasdan kimligini etarding-u?!

Bu gaplardan keyin biroz shashtimdan qaytib, oʻzimcha maslahat beraman:

—Opovsi, u bola ham tirik jon. Ish-pishi chiqqandir, kasal-pasal boʻlib qolgandir. Yo charchab uxlab qolgan...—uning bizni maslahatni pisand qilmay norozi qarayotgani uchun hazil qilgim keladi,—yo sizga vaʼda qilgan zvezdalarini olib kelgani oyga ketganlar!

—Shunaqamikin?—bunaqa paytda Husnoraxonning oʻzbekchaga tili baloday kelishishini koʻrib kulib yuboraman.

U kishim beparvo davom etadilar:

—Oʻzi-chi, koʻrsang, uni sanam yoqtirib qolasan! Oʻtgan safar koʻrishganimizda: "Husnor, sansiz yasholmayman!" — devotti-de...

Opa yana ertak boshlayotgani uchun sezdirmay quloqchinga qoʻl choʻzaman.

Ikki kunlardan keyin uning xushchaqchaq boʻlib qolganidan "Valik osmoniy muhabbatiga qaytadan ishontiribdi-da" degan gumon bilan savol berdim:

—Opovsi, odamlar osmondan yulduzlarini olib qaytdimi deyman?

—Kakoy yulduzni etvossan?

—Vaaalik deyman?!

—Uni dalshe unutdim. U ham battar boʻlsin! Kim etibdi mani yolgʻiz qoʻysin deb?

—Iya, uni sevmasmidingiz?

—Manmi? Vabshe ya ne lyublyu, a tak, u sevgan! Oʻzi qandaydir gʻalati edi! Hozir Dimik bilan sevishvommiz.

—Unisi kim boʻldi? Odam umri davomida faqat bir marta sevmaydimi? — koʻnglini karvonsaroy qilib olganiga ishora qilayotganimni sezsa-da, opa beparvo, oʻziga yoqqan mavzuni davom ettiradilar:

—Dimik-chi?! Dilmurod! Ishxonada birga ishlavommiz-u?! U "Husnor, san mani prinsessam, san mani lunam!" devotti-de...—koʻzlarimdan ishonmayotganimni sezdirib qoʻyaman shekilli, opa, darrov toʻxtab, bepisand qaraydilar, — san baribir sevgiga tushunmaysan-u, qattan ishonarding?!

—Haaa... Yaxshiyam tushunmayman!— u sevgi deb oʻylagandan koʻra umuman boshqa bir narsaning muhabbat atalishini, oʻsha tuygʻuning koʻylakday almashtiriladiganmas, neʼmatday qadrlanishini oʻylab ensam qotadi-yu, baribir u uchun hech nimani oʻzgartirolmasligimdan indamay qoʻyaman.

Gulmira Abdiraimova


Report Page