...

...

@UzShok // M.Muhammad

Buxoroda suvga cho‘kib ketgan maktab o‘quvchisining jasadi bir kundan keyin topildi (foto)


Buxoro viloyatining Olot tumanida maktab o‘quvchisi darsdan so‘ng uyidan chiqib, cho‘milishga borgan va suvga cho‘kib ketgan. Marhumning jasadi bir kundan keyin topilgan. Bu haqda «Daryo»ga o‘z muxbiri tomonidan xabar berilgan.


Ma’lum bo‘lishicha, 2021 yilning 9 iyun kuni tumandagi 25-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi S.N. soat 11:40 da joriy imtihonni topshirib, uyiga qaytgan. So‘ngra, taxminan, 12:00 da uyidan chiqib, «Xalifa» mahallasida yashovchi tengdoshining uyida tushlik qilgan. Tushlikdan so‘ng to‘rt nafar maktabdoshi bilan Qorako‘l tumanidan oqib o‘tuvchi Katta Amu-Buxoro kanalida cho‘milgan.


«Chuqurligi, taxminan, to‘rt-besh metr bo‘lgan kanal to‘lqini 15 yoshli S.N.ni oqizib ketgan. Uning yonida bo‘lgan tengdoshlari S.N.ni qutqarishga uringan. Biroq harakatlari zoye ketgach, qo‘rqib voqea joyidan qochib ketgan», — deydi «Daryo» muxbiri bilan suhbatlashgan manba.


Tahririyatga taqdim etilgan surat va ma’lumot yuzasidan surishtiruv olib borgan «Daryo» muxbiri Olot tuman IIB mas’ul xodimi, podpolkovnik Hayot Shodiyev bilan telefon orqali bog‘langan. Biroq IIB vakili ushbu voqeadan bexabarligini ma’lum qilgan.


Tumandagi 25-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Ulug‘bek Qoryog‘diyevga ko‘ra, maktabda voqea sodir bo‘lishidan bir necha kun oldin o‘quvchilar o‘rtasida maktab jamoatchiligi, Yoshlar ishlari agentligi vakillari va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining tuman bo‘limi xodimlari bilan taqiqlangan suv havzalarida cho‘milmaslik bo‘yicha targ‘ibot tadbiri o‘tkazilgan. O‘quvchilarning ota-onalaridan kafolat xatlari olinib, har bir o‘quvchining qo‘liga taqiqlangan suv havzalarida cho‘milmaslikni targ‘ib qiluvchi targ‘ibot bukletlari berilgan.




«Afsuski, shuncha sa’y-harakatlarga qaramay, ko‘ngilsiz holat sodir bo‘ldi. 9 iyun kuni sodir bo‘lgan bu holatdan, chamasi, bir soatdan keyin xabar topdik. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi g‘avvos-qutqaruvchilari, baliqchilar jalb etilgandi. Kanal suvi hajmi juda yuqoriligi sababli bolani tirik qutqarib qolish imkoni bo‘lmagan. Qidiruv 10 iyun tongiga qadar davom etgan va shu kuni bolaning jasadi topilgan», — deydi Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Akmal Rasulov.

Report Page