Rahmanovfanclub


 Bahtiyor RAHMONOV:

 “Pichirlab kuylasa ham bo’ladi…”


O’zbekning to’y hashamlari, xursandchilik kunlari san’atkorlarsiz o’tmaydi. Aynan qo’shiqchilarning faoliyatini esa yakkaxon konsertlarsiz tasavvur qilish qiyin. Kecha ekran orqali o’z qo’shig’ini efirga berib, bugun tanilishga ulgurmay, ertaga konsert berayotgan ashulachilar ko’payib qoldi. Tag’in reklamasining oxirida «Fonogrammadan foydalaniladi» deb jar solganini-chi. Eng achinarlisi, ayrim nomdor san’atkorlarimizning sahnalarda, konsert dasturlarida to’lig’icha fonogrammadan foydalanishi kishini taajubga soladi. Fonogramma orqali qo’shiq ijro etar ekansan, ommani “Jonli klip” tomosha qilishga chaqirishning nima keragi bor?! Ovora bo’lmay, televizor orqali ko’rib qo’yaqolgani yaxshi emasmi?
Sahifamizning bu galgi mehmoni o’z uslubi va muhlislariga ega xonanda Bahtiyor Rahmonov. Qarshi shahridagi Muhandislik iqtisodiyot institutini tamomlagan bo’lishiga qaramay, unda qo’shiq aytishga bo’lgan muhabbat ustunlik qildi.
Bahtiyor bilan suhbatimiz aynan yuqoridagi mavzu xususida bo’ldi. Keling, uning qo’shiq va kliplaridek original qarashlari bilan o’rtoqlashamiz.


-Bugungi yakkaxon konsertlarda fonogrammada qo’shiq kuylash   odatiy holga aylanib qoldi. Lekin shunda ham, zalda bo’sh o’rindiqni topish qiyin. Qiziq, tomoshabinlar jonli qo’shiqchini ko’rishga kelisharmikin-a?

- Bo’lishi mumkin (kuladi). Bilasizmi, tomoshabinning saviyasiga ham ko’p narsa bog’liq. Haqiqiy san’atni tushunadigan, o’zini qadrlaydigan inson bu kabi “tomosha”larni tinchgina teleekran orqali tomosha qilib qo’yaqoladi. Yevropa davlatlaridagi konsert dasturlarining ko’p marta guvohi bo’lganman. Ular uchun jonli ijroda qo’shiq kuylash, tinglash oddiy hol hisoblanadi. Bizda ham ana shunday bo’lishi kerak. Shaxsan men jonli ijro tarafdoriman.

-Bugungi kunda zamonaviy qo’shiqlar o’z vazifasini bajara olyaptimi?

-Kimdir “ha” deb javob berishi mumkin, lekin men esa “Yo’q” deb javob bergan bo’lardim. Yaqinda achinarli voqeani eshitib qoldim. Bir o’smir yoshidagi qiz hammaga taniqli bo’lgan qo’shiqlar muallifining she’rlaridan ta’sirlanib, o’z joniga qasd qilmoqchi bo’libdi. Aslida, qo’shiq tinglovchiga xursandchilik va yaxshilik urug’larini sepishi kerak. Xoh u sho’x, xoh sokin qo’shiq bo’lishidan qat’iy nazar, kishi qalbida faqat ijobiy fazilatlarni uyg’ota olishi kerak, deb hisoblayman.

-Sho’x va sokin qo’shiq, qaysi biri sizning yo’nalishingizga xos?

-Agar kuy qalbimdan chuqur joy olsa, ushbu ikki yo’nalishdagi qo’shiqlarni ham tinglashni yaxshi ko’raman. O’z repertuarimda ham raqsbop qo’shiqlar bor, lekin ko’proq gitara jo’rligidagi sokin taronalarga mehrim bo’lakcha. Bilasizmi, ba’zida baqirib aytilgan ashula insonni tez toliqtiradi. Pichirlab kuylasa ham bo’ladi, muhimi, qo’shiqni qalbdan chiqarib, eshituvchiga yetkazib bera olish.

- Yaqindagina ekran yuzini ko’rgan “Eshikka suyanib jilmaygan ayol” qo’shig’ingiz allaqachon o’z muhlislarining ko’nglidan joy olib ulgurgan bo’lsa ajabmas. Uning yaralishi haqida gapirib bering.

-Qo’shiq matni Eshqobil Shukurov qalamiga mansub. U kishining she’rlaridagi tasavvur doirasining kengligi meni o’ziga tortadi. Bundan tashqari, mavhumlik darajasi ham yuqori. Aynan “Eshikka suyanib jilmaygan ayol” qo’shig’ida ayol zoti ulug’lanadi. Biz erkaklar ayol kim bo’lishidan qat’i nazar, unga doim talpinib, intilib, sog’inib, sevib yashashimizni klip orqali bildirishga harakat qilganmiz. Agar qo’shig’im sizlarga manzur bo’lgan bo’lsa, bundan behad mamnunman.

-Samimiy suhbatingiz uchun rahmat.



Shahnoza BAHROMJONOVA suhbatlashdi




Report Page