...

...


“Svet” o‘chishidan zarar ko‘rgan tadbirkorlarga kompensatsiya to‘lanadi — Energetika vazirligi

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yili O‘zbekiston hududida sovuq ob-havo massalari odatdagidan ertaroq kirib kelgan va harorat keskin pasayib ketgandi. Mazkur holat avvaldan prognoz qilinmagani sababli nafaqat qishloq joylarda balki, poytaxt Toshkentda ham elektr ta’minotida uzilishlar yuz berib, gaz bosimi pasayib ketgandi.


Elektr ta’minotidagi uzilishlar oqibatida ayrim tadbirkorlar o‘z biznesida jiddiy zarar ko‘rdi va mazkur holatda aholi mamlakat energetika sohasi rahbariyati hamda tizimning tayyorgarligidan norozi bo‘ldi.


Bugun, 27 may kuni Energetika vazirligi tizimida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligiga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi. QALAMPIR.UZ muxbiri mazkur anjumanda bevosita ishtirok etib, Energetika vazirligi boshqarma boshlig‘i Anvar Raupovdan elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab zarar ko‘rgan tadbirkorlarga kompensatsiya to‘lash kerakmi, degan savol bilan yuzlandi.

“Hozir elektr energiyasidan foydalanish qoidalari to‘liq qayta ko‘rib chiqilyapti. Unda faqat yetkazib beruvchining emas, balki iste’molchining ham manfaatlarini ko‘zda tutish kerak. Elektr toki barqaror yetkazib berilmasa yoki tarmoqda uzilish ko‘p kuzatilsa, bunday holatlarda yetkazib beruvchi tashkilot keltirilgan zararni o‘rnatilgan tartibda qoplab berishi kerak. Buning hammasi qoidalarda va o‘zaro tuzilgan shartnomalarda nazarda tutilgan. 


Shuningdek, shartnomada resurs yetishmasligi yoki avariya holatlari yuzaga kelganda elektr tarmog‘ida uzilishlar bo‘lishi haqida ham keltirib o‘tilgan. Bu holatni “fors-major” holati sifatida ko‘rish mumkin. Ammo boshqa paytlarda yetkazib beruvchi tashkilot elektr energiyasini barqaror yetkazib berishga mas’ul”, dedi Anvar Raupov.

Report Page