***

***

. Гулмира


Qirlarning bagʻrida chopyotgan ohu,

Qizgʻaldoqqa sirin aytayotgan yel.

Qoyaning kaftida ungan giyoh-u,

Choʻllarning duosi bilan kelgan sel.

Koʻz yumsam, koʻzlarim koʻrmoqdan tolsa,

Koʻz ochsam, vujudim siz boʻlib qolsa.


Yomgʻir chalib bergan koʻhna chanqovuz,

Raqqosa barglarning tutgan ilinji.

Koʻngilga birovlar kelganin aytib,

Boychechaklar soʻrab kelgan suyunchi.

Koʻz yumsam, koʻzlarim koʻrmoqdan tolsa,

Koʻz ochsam, vujudim siz boʻlib qolsa.


Qaldirgʻoch qanoti yoyilishidan,

Paydo boʻlgan oniy surur—sabohat.

Rayhonning yer chizib turishlaridan,

Zaminga toʻkilgan ufur—malohat.

Koʻz yumsam, koʻzlarim koʻrmoqdan tolsa,

Koʻz ochsam, vujudim siz boʻlib qolsa.


Kamalak koʻprigi tortilgan zamon,

Zaminga tushguvchi qirq ming maloyik.

Egamning uyi deb, ziyorat aylab,

Faqirning koʻngliga kelgan xaloyiq.

Koʻz yumsam, koʻzlarim koʻrmoqdan tolsa,

Koʻz ochsam, vujudim siz boʻlib qolsa.


Daraxtlar kechasi aytgan salovat,

Roviy shamollarning ajib qissasi.

Toshdan buloqlarni uygʻotib ketgan,

Qadim Termiziylar tutgan hassasi.

Buloqlar qoshiga soʻz aytib borsam,

Qaniydi, bir lahza siz boʻlib qolsam!


Gulmira Abdiraimova

Report Page