....
.....Ravish so`z turkumi
(dostonlar tilida)
Ravishlar biron so`z bilan grammatik aloqaga kirishganda, o`z shaklini o`zgartirmaydi, hech qanday affiks olmaydi. Shakl jihatdan o`zgarmaslik ravishning xususiyatlaridan biridir.
Dostonlar tilidagi ravishlar ish-harakatning belgisini bildirib, holat, o`rin, payt, maqsad, miqdor-daraja ma`nolarini ifodalaydi. Bu quyidagilar:
davomli, yo`l bo`yi bajarilgan harakat ma`nosi: Yo`l-yo`lakay yo`lga gulmix to`ktirsang // Avaylab uzadi o`zbakning oti (A.123).
harakat uzunasiga qarab emas, balki eniga qarab, eni bo`ylab bajarilishi ma`nosi: Bek Ravshanning ko`nglini ochib, qushday uchib, mast ot yosh yigitni ko`ndalang-ko`ndalanglab olib borayotir (Rav.10). Ko`ndalang-ko`ndalanglab (R.i=1) so`zi esa, fikrni ta`kidlab, kuchaytirib ifodalagan.
harakat galma-gal bajarilishi ma`nosi: Qirq parizod bir-bir alyor aytib, kosa suzib bera berdi, bular birin-ketin mast bo`lib yotib qoldi (Oy.11).
«shunchaki», «juda ham sekin» ma`nosi: Sizlar asta-asta keta beringlar, - deb o`ta berdi (Alp.89). o`z yurtiga borib davron surmaymi // Mastonmisan, jo`n o`tirsang bo`lmaymi? (Alp.47). Ostidagi zap mast otlar // Goh yo`llarda olib qochib (Alp.213). Zap (A.i=2), jo`n (A.i=1; R.i=2) so`zlari qipchoq shevalarida qo`llanilib, zap «nihoyatda», «juda ham», jo`n «to`g`ri», «shunchaki» ma`nolarini anglatadi.
Alpomish qo`ltoyning kiyimlarini kiyib, yelkasiga janda-jundani qo`yib, kebanakni ustidan yelbagay kiyib, sirtidan belini bo`g`ib... (Alp.333). Yelbagay (A.i=1) so`zi qipchoq shevalarida ham ishlatilib, kiyimini kiymasdan yelkasiga solib yurish ma`nosini anglatadi.
5) ish-harakatning bajarilish o`rni ma`nosi: Lashkari tog`ning narigi oshuvida qo`nib yotgan emish (Oy.12).Tag`in kelib qalmoq bilan // Shahar ichra aralashdi (Alp.292). Naryoq beti chuqur zindon ko`ribdi toyib tushgan yeri belgili turibdi (Alp.258). Bir yoqdan ot qo`ydi qalmoq // Bunda ajab urush bo`lmoq (Alp.180). Ketgan yog`in menga aytgin, norimni (O.44). Ahmadbek bir yog`dan og`iz ochdirib, kirib chiqadigan qilib qo`ydi (Oych.241).
Yog` so`zi «tomon», «taraf» ma`nosini bildirgan. Masalan: Bu jahonda kimim bor, // Endi qayon ketayin (Oych.58). Qayon so`zi da soddalanish hodisasi yuz bergan bo`lib, qaysi yon «qaysi tomon», «qaysi taraf» ma`nolarini ifodalagan.
6) ish-harakatning yuzaga kelish payti ma`nosi: Bog`onag`i so`zimni aytmang turama (Alp.120). o`ylab tursa mening ko`nglim boyag`i (Alp.384). Men bildim, yangitda so`rab turaman (Alp.272). Nayaki tortgan odamday go`ng-garang bo`lib, qulog`iga gap kirmay, ikki ko`zi qizarib ne pillalarda uyiga keldi (Rav.37). Bir pilla uh deb dalaga chiqdi (Rav.37). Shaharga u zamon yaqinlab yetdi (Rus.416). Yangi kep ko`rgansan qalmoq elini (Alp.133). hozir borishimiz bejoy bo`ladi (Alp.135). Oqshom yotdi, boz tong otdi,// Erta-mertan xabar qildi (Rus.419).
Hozir (A.i=44; R.i=8), boyag`i (A.i=1), bog`onag`i (A.i=6), yangi (A.i=21; R.i=2), yangitda (A.i=2) so`zlari sinonimik qatorni tashkil qilib, hozir «kitobiylik, ommaboplik» ifoda ma`nosida, bog`onag`i, boyag`i, yangi, yangitda «dostonlar tiliga xoslik» ma`nosida ko`proq qo`llanishi kuzatiladi. Bundan tashqari, ularning ma`nosida ham qisman farq mavjud. Hozir nutq so`zlanib turgan paytning o`zida, yangi nutq so`zlanib turgan paytdan sal oldin, boyag`i, bog`onag`i so`z borayotgan paytdan birmuncha oldin kabi ma`nolarni bildiradi. Yangi, yangitdadan ham, boya, boyag`i, bog`onag`idan ham qandaydir daqiqalar orasida farq qiladi. Yangi hozirni, yangitda o`tmishni ifodalaydi.
7) ish-harakatning miqdoriy sifati, darajasi ma`nosi: Bu gapni Alpomish aytdi, karvonlarga picha botib ketdi (Alp.313). haybati salmog`i uning ancha bor (Alp.363). Yaxshi yor boqadi yorga // Xo`p talashib nomus-orga (Oy.50). Xo`p so`zi «nihoyat darajada», «rosa» ma`nolarini anglatadi.
8) «faqat», «nuqul» ma`nosi: Shunday qarasa, ikki yuzcha satta bo`z bola, katta xodaning ichiga bir katta choponni boylab, moyga botirib, mash`al qilib yoqib kelayotibdi (Rav.37). Kamlikni ko`rmagan satta boybachcha (Alp.14).
9) «juda», «rosa» ma`nosi: «Jayrag`irga bir balo bo`ldi deb // Shapaqdan o`tmadi, toza o`ldi deb (Alp.147). Alpomish bu xonga xarba qilmadi // qayta boshdan yana choxga tayladi (Alp.304). Oqshom yotdi, boz tong otdi (Rus.419). Tag`i bir gap bor (Rus.408). Yana (A.i=52;R.i=5), tag`i (A.i=29) (tag`in (A.i=3;R.i=6)), boz (A.i=2;R.i=3) sinonimik qator hosil qilib, yana «kitobiylik, ommaboplik», «zamonaviylik» ifoda ma`nosida qo`llansa, tag`i (tag`in) «so`zlashuv nutqiga xoslik», «yangilik», boz «dostonlar tiliga xoslik», «eskirganlik» ma`nosida ko`p qo`llanadi. Mendayin oyimning xolin bilganga,// Meni izlab osha eldan kelganga (Alp.121). Osha so`zi bu o`rinda «uzoq», «begona» kabi ma`nolarni anglatib, ravish vazifasini o`tamoqda. Bundan tashqari, «rosa», «juda» ma`nolarini anglatadi. Sen bilmaysan, qullar osha zo`rabor // Hammasi ham bo`lib ketdi hukmdor (Alp.333). Xurshidoy taq o`n besh kun yo`l tortdi (Xur.212).
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
Karimov I.A. O`zbekiston buyuk kelajak sari. -Toshkent: «O`zbekiston», 1998. 524 b.
Karimov I.A. Halollik va fidoyilik faoliyatimizning asosiy mezoni bo`lsin. -Toshkent: O`zbekiston, 1994.
Abdullayev A. Ko`makchilar yordamida so`z birikmalarida ifodalangan sintaktik munosabatlar // O`zDo` asarlari, Yangi seriya № 91. –Samarqand, 1958. -167 – 186 b.
Abdullayev A. O`zbek tilida ekspressivlik ifodalashning sintaktik usuli. -Toshkent: Fan, 1987. - 86 b.
Abdullayev F. O`zbek tilining o`g`uz lahjasi. -Toshkent, 1978. 102
www.ziyonet.uz