...

...

@Jizzax73 // M.Muhammad

Qirg‘iziston—Tojikiston chegarasidagi nizo — Tojikiston tomonidan harbiy hujumdir. Bu haqda Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.



“Qo‘shinning doimiy joylashuv joyidan uzoqda hujumkor og‘ir qurol-yarog‘ni qo‘llash shundan guvohlik beradiki, ushbu harbiy bostirib kirish Qirg‘izistonning suveren hududini egallab olish maqsadida oldindan rejalashtirilgan va tashkillashtirilgan”, — deya ma’lum qilishdi idorada.


Ta’kidlanishicha, Tojikiston tomonidan jangovar harakatlarda “muntazam qo‘shinlar, qurollangan yollanma jangchilar va boshqa noqonuniy qurolli guruhlar” qatnashgan.


Bundan tashqari, muassasa Tojikiston hukumatini turar joylarni va infratuzilmaning boshqa obyektlarini ommaviy yoqib yuborishda ayblab, fuqarolarga va davlatga “juda katta moddiy zarar” yetkazilganini qayd etdi.


Tojikiston Bosh prokuraturasi esa tojik-qirg‘iz chegarasidagi qirg‘izistonlik harbiylarning xatti-harakatlarini xalqaro me’yorlarga muvofiq tajovuzkorlik akti deb baholadi.


“Davlat tomonidan boshqa davlatning suvereniteti, hududiy daxlsizligi yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi qurolli kuchni qo‘llash BMT nizomi yoki boshqa xalqaro shartnomalarga muvofiq kelmaydi va tajovuzkorlik akti sifatida baholanadi. Davlat tomonidan boshqa davlatga qarshi jiddiy xususiyatga ega bo‘lgan qurolli kuchdan foydalanish harakatlarini amalga oshiruvchi qurollangan guruhlarning yuborilishi ham tajovuzkorlik harakati hisonlanadi”, — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.


Avvalroq Qirg‘iziston va Tojikiston Bosh prokuraturalari chegaradagi qurolli nizodan keyin bir-birlarining harbiylariga va fuqarolariga nisbatan jinoiy ish ochgan edi.


Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi nizo 28-aprel kuni mahalliy aholi o‘rtasidagi janjal bilan boshlangan edi. U esa tojikistonlik harbiylar bahsli hududda joylashgan “Golovnoy” suv taqsimlash punkti yaqinidagi elektr ustuniga videokuzatuv kameralarini o‘rnatganidan keyin kelib chiqqan. Qirg‘iziston chegara xizmatining axboroti bo‘yicha 29-aprelda ikki davlat harbiylari o‘rtasida otishma sodir bo‘lgan.


Avvalroq Qirg‘iziston va Tojikiston o‘z qo‘shinlarini davlat chegarasidan olib chiqib ketishni yakunlagani, shuningdek, nizo chog‘ida garovga olingan o‘n nafar Qirg‘iziston fuqarosi Tojikistonda asirlikdan ozod etilgani xabar berilgan edi.


👉 Jizzax haqida — kanalini kuzatib boring!



Report Page