...

...

@Jizzax73 // M.Muhammad

Qirg‘izistonning Botken viloyati Laylak tumani Internatsional qishloq kengashi rahbari Tojikiston fuqarolari tomonidan garovga olindi. Bu haqda Botken viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Damira Yusupova “Interfaks”ga ma’lum qildi.


Yusupovaning so‘zlariga ko‘ra, qirg‘iz-tojik chegarasida vaziyat keskinligicha qolmoqda. Laylak tumanida Tojikiston harbiy xizmatchilariga tegishli harbiy texnika paydo bo‘lgan, ular “Internatsional qishlog‘idagi qirg‘izistonliklarning uylariga bostirib kirgan”.


“Laylak tumani IIB tomonidan tinchlikka qarshi jinoyat moddasi bo‘yicha ish ochildi”, — deya qo‘shimcha qildi Yusupova.


Shuningdek, Botken viloyati rahbarining o‘rinbosari Ma’rufxon Tulayev 30-aprel kuni Tojikiston xavfsizlik kuchlari Botken viloyatining Qizil-Bel qishlog‘iga hujum qilganini aytdi. “Taxminan, 20 daqiqa oldin Tojikiston xavfsizlik kuchlari qirg‘iz qishlog‘iga granatomyotlardan o‘q uzdi. Hozir biz vaziyatga aniqlik kiritmoqdamiz”, — dedi Tulayev.


Uning qo‘shimcha qilishicha, Botken viloyatidagi chegara hududidan 20 mingdan ortiq Qirg‘iziston fuqarosi evakuatsiya qilingan. “Laylak tumanining chegaradosh qishloqlaridan 13,5 ming kishi evakuatsiya qilingan, yana 7 093 kishi Botken viloyatidan Botken shahriga ko‘chirilgan. Evakuatsiya qilinganlarga mahalliy fuqaro mudofaasi xizmatlari yordam bermoqda, shu bilan birga gumanitar yordam yuboriladi”, — dedi Tulayev.


Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegaradagi qurolli to‘qnashuvlar paytida uch qirg‘iz chegarachisi halok bo‘lgani haqida xabar berdi. Shuningdek, 22 nafar harbiy xizmatchi turli darajadagi tan jarohati olgan. Ikki harbiy xizmatchining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.


Asia-Plus agentligi xabar berishicha, tojik-qirg‘iz chegarasidagi mojaro paytida oldingi chiziqda bo‘lgan Tojikistonning Isfara shahar hokimi o‘q yeb jarohat olganidan so‘ng operatsiya qilindi.


“29-aprel kuni yelkasidan o‘q yeb jarohati olgan Isfara shahar hokimi Bahovuddin Bahodirzoda jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi. Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Hozirda shahar hokimi kasalxonada, qachon chiqarilishi hali noma’lum. Uning ahvoli barqaror deb baholanmoqda”, — deyiladi agentlik xabarida.


Xabarga ko‘ra, 30-aprel kuni ertalab So‘g‘d rahbari Rajabboy Ahmadzoda Isfara shahar markaziy kasalxonasiga tashrif buyurib, kechagi to‘qnashuvlar paytida jabrlanganlarning ahvolini so‘radi, ammo yaradorlarning aniq raqamni aytmadi. Ta’kidlanishicha, yaradorlar sonini aniqlash bo‘yicha statistika mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi maxsus tuzilgan shtab tomonidan yuritiladi.


Hozircha Tojikiston hukumati chegaradagi qurolli to‘qnashuv paytida halok bo‘lganlar va jarohat olganlar to‘g‘risida rasmiy ma’lumot bermagan.


Asia-Plus manbalariga tayanib xabar berishicha, So‘g‘dning Isfara shahri va Bobojon G‘ofurov tumanida 30-aprel kuni ertalab to‘qnashuvlar paytida 90 dan ortiq Tojikiston fuqarolari jarohat olgan, 10 ga yaqini o‘ldirilgan.


Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, mojaroda jabrlangan qirg‘izistonliklar soni 134 kishiga yetdi, 13 kishi vafot etdi.


Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi nizo 28-aprel kuni mahalliy aholi o‘rtasidagi janjal bilan boshlangan edi. U esa tojikistonlik harbiylar bahsli hududda joylashgan “Golovnoy” suv taqsimlash punkti yaqinidagi elektr ustuniga videokuzatuv kameralarini o‘rnatganidan keyin kelib chiqqan.Qirg‘iziston chegara xizmatining axboroti bo‘yicha 29-aprelda ikki davlat harbiylari o‘rtasida otishma sodir bo‘lgan. Idora tojik tomonining minomyot hisob-kitob pozitsiyalarini egallashni tashkillashtirayotganini qayd etgan.


30-aprel kuni ertalab, Qirg‘iziston prezidenti Tojikiston bilan chegaradagi vaziyat barqarorlashganini ma’lum qilingandi.



👉 Jizzax haqida — kanalini kuzatib boring!



Report Page