...

...

@Jizzax73 // M . Muhammad

Oq uy Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalarning natijalariga baho berdi


AQSh tomonidan Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalarning oqibatlari hozircha prezident Jo Bayden ma’muriyati kutgan natijalarga “juda yaqin”, dedi AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisining o‘rinbosari Dalip Singh Reuters agentligiga bergan intervyusida.


“Bizning maqsadimiz munosib ravishda harakat qilish va shunga muvofiq yondashish, shuningdek, Rossiya o‘z xatti-harakatlarini davom ettirib, eskalatsiyani kuchaytirgan taqdirda, biz bundan ham ko‘proq zarar yetkazish imkoniyatiga ega ekanimizga ishora berish edi”, — dedi u.


Singhning so‘zlariga ko‘ra, hozircha natijalar AQShning rejalashtirganlariga “juda yaqin” turibdi.


“Sanksiyalar shunchaki strategiyani rivojlantirishga yordam beradigan vosita va diplomatik jarayon uchun dastak yaratish hisoblanadi”, — dedi Singh. “Rossiya misolida esa ushbu jarayonning maqsadi yanada barqaror va taxmin qilsa bo‘ladigan munosabatlar o‘rnatishdir”, — deb qo‘shimcha qildi u.


O‘tgan haftada Bayden Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi. Amerika banklari va boshqa moliya institutlariga birlamchi bozorda Markaziy bank, Milliy boylik jamg‘armasi yoki Rossiya Moliya vazirligi tomonidan 2021-yil 14-iyundan keyin rubl va boshqa valyutalarda chiqarilgan obligatsiyalarni sotib olish va ularga kredit berish taqiqlandi.


O‘z o‘rnida, Kreml AQShning yangi sanksiyalari sababli iqtisodiyot uchun hech qanday tahdid ko‘rmayotganini ta’kidladi. “Faqat shuni takrorlashim mumkinki, makromuvozanat to‘liq ta’minlangan, bizning tartibga soluvchilarimiz ishonchli va muvaffaqiyatli harakat qilmoqda”, — dedi prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Bungacha u bir necha bor Vashingtonning “sanksiyalar tarafkashligi” Moskva uchun “qabul qilib bo‘lmas”ligini ta’kidlagan edi.


Shuningdek, AQSh o‘nta rossiyalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qildi. Vashington ma’lumotlariga ko‘ra, ular orasida razvedka xizmati xodimlari ham bor. AQSh hukumati prezidentlik saylovlarida qilingan xakerlik hujumlariga, “Qrimni bosib olish” va u yerda inson huquqlarining buzilishiga aloqador deb hisoblagan bir qator jismoniy shaxslar va tashkilotlarga ham sanksiyalar kiritgan edi.


Avvalroq AQSh muxolifatchi Aleksey Navalniyning qamoqqa olinishi munosabati bilan ham Rossiyaga sanksiyalar kiritgan edi. Jazoni ijro etish federal xizmati rahbari Aleksandr Kalashnikov, Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov, bosh prokuror Igor Krasnov, prezident ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko va ichki siyosat bo‘yicha prezident ma’muriyati devonining rahbari Andrey Yaringa nisbatan cheklov choralari qo‘llanildi.


AQSh yangi sanksiyalarni qo‘llaganidan keyin Rossiya darhol javob choralari ko‘rilishini e’lon qildi. Moskva AQSh ma’muriyatining olti nafar amaldagi va ikki nafar sobiq yuqori lavozimli amaldorlariga mamlakatga kirishni taqiqlab qo‘ydi. Ular orasida bosh prokuror Merrik Garland, ichki siyosat masalalarida AQSh prezidentining maslahatchisi Syuzan Rays, FQB direktori Kristofer Rey, Milliy razvedka boshqarmasi rahbari Evril Xeyns kabi amaldorlar bor. Ular Rossiyani 21-maygacha tark etishi kerak.


Bundan tashqari, Moskva AQSh elchisi Jon Sallivanga “maslahatlashish uchun” Vashingtonga jo‘nab ketishni maslahat berganidan keyin elchi ham vataniga qaytib keldi. Davlat departamentining xabar berishicha, Sallivan bir necha hafta AQShda bo‘ladi. Elchining so‘zlariga ko‘ra, u Putin va Baydenning ehtimoliy uchrashuvidan oldin Moskvaga qaytishni rejalashtirmoqda



👉 Jizzax haqida — kanalini kuzatib boring!


Report Page