...

...

@Jizzax73 // Muhammad.M

O‘zbekistonlik harbiylar AQShda o‘tkazilgan “Ilg‘or jangchi” musobaqasida to‘rtta shart bo‘yicha rekord o‘rnatdi


O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari AQShning Missisipi shtatidagi Camp Shelby harbiy o‘quv bazasida o‘tkazilayotgan “Ilg‘or jangchi” musobaqasida ishtirok etmoqda. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Daryo”ga ma’lum qildi.



Musobaqa davomida ishtirokchilar murakkab sun’iy to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish, uzoq masofaga marshni amalga oshirish, jang sharoitida yaradorga tez tibbiy yordam ko‘rsatish hamda tungi sharoitda harbiy topografiyada ishlash kabi topshiriqlarni bajargan.


O‘zbekistonlik harbiylar 10 ga yaqin to‘siqlarni o‘zida jamlagan, uzunligi 900 metr bo‘lgan yo‘lakdan o‘tish bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan.



Balandligi 8 metr bo‘lgan murakkab shakldagi yog‘och to‘siqqa chiqish va to‘rli arqondan foydalanib undan tushish, kengligi 20 metr bo‘lgan suv havzasidan arqon yordamida o‘tish, notekis va nostandart muvozanatga ega bo‘lgan turli sun’iy to‘siqlardan o‘tish kabi majmuaviy mashqlarda kichik serjant Xayrullo Olimov 9 daqiqa 20 soniya vaqt sarflab, musobaqa rekordini yangilagan.



Musobaqaning keyingi shartida ishtirokchilardan 18 kilogramm yuk bilan belgilangan vaqt oralig‘ida 20 kilometrlik masofani bosib o‘tish talab etilgan. Mazkur shartda har ikki o‘zbekistonlik harbiy xizmatchi ham raqiblaridan ildam harakatlanib, marra chizig‘ini 2 soatu 2 daqiqada bosib o‘tib, rekord natijani qayd etgan.



Shuningdek, ishtirokchilar musobaqa davomida turli rusumdagi qurollardan o‘t ochish, artilleriya olovini yo‘naltirish hamda test sinovlarida bellashgan.



Ta’kidlanishicha, musobaqa avvalida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari estafeta hamda uzoq masofaga yugurish shartlarida ham shu kungacha qayd etilgan musobaqa rekordini yangilagan.


Musobaqalarning yakuniy natijalari 24-aprel kuni e’lon qilinishi aytilmoqda.



👉 Jizzax haqida — kanalini kuzatib boring!


Report Page