...

...

@Jizzax73 // M.Muhammad

Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akram Rahmonqulov va uning 10 nafar jinoiy sheriklari qamoqqa olingani ma’lum qilindi


Jizzax viloyati hokimining Mirziyoyev tomonidan “siyosatga xiyonat qilgan” deb topilgan sobiq o‘rinbosari Akram Rahmonqulovga nisbatan 2021-yilning yanvarida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Oliy Majlis Senatining 23-aprel kuni o‘tkazilgan 14-yalpi majlisida nutq so‘zlagan bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevning ma’lum qilishicha, Rahmonqulov 2018-yilda viloyat hokimi o‘rinbosari etib tayinlangach, uyushgan guruh tuzib, milliardlab budjet mablag‘larini talon-toroj qilib kelgan.



Shu maqsadda viloyatda qurilish sohasi rahbarligiga hamda viloyat tender komissiyasiga tanish-bilishlarini qo‘yib, ular orqali o‘zining g‘arazli maqsadlariga sharoit yaratgan.


“Xususan, 2018—2020-yillarda Rahmonqulov jami 494 milliard so‘mlik 82 ta obyektda qurilish-ta’mirlash ishlarini o‘zining rahnamoligidagi 9 ta pudrat tashkilotiga topshirib, qurilish ishlari hajmini sun’iy ravishda oshirilgan narxlarda rasmiylashtirish, qo‘shib yozish orqali qariyb 20 milliard so‘mlik budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan. Bu hozirgacha tergovda aniqlangani”, — degan u.


Bosh prokurorning qayd etishicha, tergovda Rahmonqulovga tegishli korxonalarda 12 milliard so‘m, Jizzax shahridagi “Eski shahar” buyum bozorida qurilgan 172 ta savdo do‘koni, ko‘p qavatli uylarda 14 ta xonadon, 43 ta avtomashina, 37 ta boshqa ko‘chmas mulklar borligi aniqlanib, zararni undirish uchun xatlangan.


Hozirda Rahmonqulov va uning 10 nafar jinoiy sheriklari qamoqqa olingan, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Eslatib o‘tamiz, Jizzax viloyatida qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish komissiyasi raisi Akram Rahmonqulovga, shuningdek, komissiya va boshqa tashkilotlar, xususiy korxonalar mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


Shavkat Mirziyoyev 15-yanvar Akram Rahmonqulovni davlat siyosatiga xiyonat qilganlikda ayblab, viloyat hokimi o‘rinbosarining butun to‘dasiga qonuniy jazo ko‘rish kerakligini ta’kidlagandi.


Shundan so‘ng Akram Rahmonqulov lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga 2020-yilning noyabr oyidan buyon Qurilish vazirligi Pudrat va maxsus montaj ishlari bozorini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelgan Bahrom Nazarov tayinlangandi.



 

👉 Jizzax haqida — kanalini kuzatib boring!


Report Page