...

...

oyimtilla000

Sevgi - bu sevilish emas


Sevmoq – bu osmonga uchmoq demakdir,

Har gal qayta yerga qulamoq uchun.

Sevgi – bu urishdan tongan yurakdir,

Sevish – bu afyundir, sevilish – afsun.


Sevgi – juda oddiy tushuncha.


Ammo, odamlar, nimagadir, uni doim murakkablashtirib ko‘rsatishga, undan muammo yasashga harakat qiladilar.

Bilasizmi, nimaga sevgi atrofida buncha ko‘p tashvish mujassam? Chunki muhabbat – eng shartsiz bo‘lishi kerak bo‘lgan tuyg‘u, lekin biz unga doim shart yuklaymiz. Aslida sevgi shoirlar uni ta’riflagandek azobli, zolim, hijronli, olovli, otashin va yana qandaydir og‘riqli emas. Odamlar bu tuyg‘u bilan taqdirlanishganda uni tobelik munosabatiga aylantirishga urinib, undan o‘zlari anduh yasab oladilar.

Sevgi – ikki qalb muomalaga kirishgan holat. Qalbingiz uncha-munchaga o‘z sarhadlarini boshqa qalbga ochib bermaydi. Ammo u o‘z hamrohini topib, unga ochilsa – unda tamoman hech bir cheklanish va himoyasiz ochiladi. Chindan sevgan odam mutlaqo ojiz bo‘lib qolishi ana shundan – o‘zini qo‘rqmasdan boshqa qalb egasiga ishonib topshiradi.

Sevgi – aqlning hukmidan tashqari tuyg‘u. Aql qiziqish, ishtiyoq, masrurlik kabi hissiyotlarni uyg‘otishi mumkin – biroq uning ishq ustidan hokimiyati yo‘q. Sevgi aqlni yengib, odamni uning izmidan olib chiqib ketishga qodir bo‘lgan kuch. Shuning uchun ham aql unga qarshi astoydil kurashadi.

Biz ana shu talvasaga tushib qolgan aqlning gapiga kirib, o‘z sevgimizni azobga to‘ldirib tashlaymiz. U bizni rashk qilishga, javob sevgi talab qilishga, arazlashga va boshqa achinarli xatti-harakatlarga undaydi.

Sevgining ko‘zi ham ko‘r emas. Sevgi boshqa odamning xato va kamchiliklarini hammadan ham yaqqol ko‘rib, anglab turadi. Ammo u boshqa odamning qalbini sevadi – uning aqliga tegishli bo‘lgan nuqsonlarga esa e’tibor bermaydi. Chunki sevgi inson qadri uning xatolardan holi qalbida mujassam ekanini biladi.

Agar siz sevgan odamingiz kamchiliklarini ko‘ra bilmayotgan bo‘lsangiz – demak, siz sevmaysiz. Siz boshqa odamni ilohiylashtirasiz, xolos. Bu esa sof holdagi tobelik munosabati. Agar sevgilingizni iloh darajasiga ko‘tarib qo‘ysangiz – siz endi unga tobesiz degani emasmi?

Har kim umrida bir bora bo‘lsa ham kimnidir sevadi. Buni u tan oladimi, anglab yetadimi yo‘qmi – har holda sevgi har kimga beriladi. Ishqimiz tushgan odam bilan birga bo‘lishga intilish – tabiiy holat. U bilan yonma-yon ko‘ngil xotirjamligiga erishamiz. Ammo har doim ham bu maqsadga to‘g‘ri yo‘ldan bormaymiz. Sevgini tobelik munosabatiga aylantirishga intilishimiz biz va sevgan odamimizga jabr yetkazishi mumkin.

Boshqa odamni sizni sevishga majburlay olmaysiz. Majburlash yo‘li bilan nafratga erishishingiz mumkin, xolos. Buni, anglashimcha, hamma biladi. Siz sevgan odamingizga unga erkinlik beribgina erishishingiz mumkin. Sevgan odamingizga erishishning eng asosiy siri o‘sha odamni shartsiz sevishdir.

Majburlash samarasiz yo‘l ekanini bilsak ham, ko‘pchiligimiz aynan shu usuldan foydalanamiz. Majburlash deganda aynan jismoniy kuch ishlatishni emas, psixologik ta’sirni ham nazarda tutyapman. Misol uchun, “Men sizni sevaman va sizning sevgingizga umidvorman” deyish majburlash. Chunki bunda odam sizga nisbatan o‘zini burchli his etadi. Agar u sizni qattiq hurmat qilsa, u ko‘nglingizni og‘ritmaslik uchun sizga yumshoq munosabatda bo‘lishga, sevgingizni hurmat qilishga harakat qiladi. Vaholanki, burch hisi erkinlik emas. Siz o‘z sevganingizdan umidvor bo‘lib, unga burch yukini yuklaysiz. Axir, o‘zingizga kimdir sizdan qattiq umidvor ekanini aytsa, yelkangizga mas’uliyat tushganini sezmasmidingiz?

Siz sevgingizni shunday izhor etingki, u sevgilingizda faqat surur uyg‘otsin. “Men sizni sevaman – shunchaki, hech narsaga da’vo qilmasdan sevaman” kabi izhor shartsizdir. Bunday izhorni eshitgan odam uni kimdir hech narsaga qaramasdan, evaziga hech narsa talab qilmasdan, hech narsaga umid bog‘lamasdan shunchaki sevishidan boshi osmonga yetadi. Uni shunchalar hurmat qilgan, shunchalik samimiy sevgan odamning bu gaplari qalbining tubiga yetib boradi. Va siz uning uchun eng yaqin qalbdoshga aylanasiz. Ana shu holdagina javob sevgiga muyassar bo‘lishingiz ehtimoli juda yuqori.

Agar siz sevgan odamingizni sovg‘alar bilan zabt etmoqchi bo‘lsangiz – demak, siz uning qalbini emas, aqlini mo‘ljalga olgansiz. Moddiy manfaatga aql aldanadi – ko‘ngilga bu nayranglar o‘tmaydi. Ko‘ngil uni eshitishlarini, uning istaklarini ham inobatga olishlarini va unga biror kimni sevishga imkon berishlarini istaydi. Ha-ha, mana sizga yana bir sir: qalb unga kimnidir sevishga imkon berishlarini istaydi. Ko‘nglimiz mudom kimgadir mehr berish ilinji bilan yashaydi – u mehr bilan nafas oladi, olamga mehr bilan qarab, unda sevish uchun o‘zga qalb axtaradi.

Shunday ekan, birovning sevgisiga erishish uchun uning qalbiga yo‘l toping. Buning uchun unda sevgi uyg‘otishga intilish emas – sevish kerak. Unutmang – sevgi bu sevilish emas. Sizning qalbingiz ham sevishni istagani uchungina sevadi – sevilishni istagani uchun emas.

Ammo bu yo‘lda sizga ikki katta kuch to‘sqinlik qiladi: avvalo, bu sizning aqlingiz. Unga tobe bo‘lmaslik haqida biz ko‘p gaplashdik.

Ikkinchi g‘ov – bu sevgan odamingizning aqli. Axir, u ham o‘z shaxsiyati ustidan hukmini saqlab qolishga intiladi. Siz sovg‘alarni sevgan odamingizning aqlini aldab o‘tish uchun ishlatishingiz mumkin. Lekin shu bilan aqlni chalg‘itib qo‘yib, sevganingizning qalbiga quloq soling. U sizga ishonib, o‘z sarhadlarini ochib bergandan so‘ng esa – aqlning zulmi tugaydi.

Qalb eshiklarini bir-birlariga ochib, o‘zlarini chin sevgi ixtiyoriga topshirgan hamrohlarga men hech bir maslahat bermayman – ular shundoq ham eng to‘g‘ri ishni qilishyapti. Ammo o‘zini sevishganlar deb atagan hamma juftlik o‘rtasida ham shartsiz sevgi mavjud emas. Shunday ekan, o‘z muhabbatingizni shartlar, talablar va cheklovlar kishanidan ozod qilish faqat o‘zingizga havola. Buni uddalasangiz, haqiqiy sevgi qanday sururli ekanidan hayron qolasiz.

Ishqiy munosabatlarda aqlning gapiga aldanib qolish holati juda achinarli. Ba’zida biz aql va’dalariga ishonib, ko‘nglimiz istamagan odam bilan munosabatga kirishamiz. Bunday munosabat o‘ta qiynoqli va qisqa umrli bo‘ladi.

Yakuni tayin bo‘lgan munosabatlarni to‘xtatish – juda nozik masala. Bunda boshqa odamning ko‘ngliga zarar yetkazib qo‘ymaslik juda muhim. Sizga o‘z qalbini to‘liq ishongan odamga kamida yaxshi do‘st bo‘lsangiz arziydi. Chunki sizga ko‘nglini bergan odam sizdan yomonlik kutmaydi va sizga ham faqat yaxshilikni ravo ko‘radi. Bunday do‘stlar juda kam bo‘ladi. Agar u odam siz bilan faqat aqliga ergashib munosabatda bo‘layotgan bo‘lsa – u bilan xayrlashib, siz uning qalbiga sira ozor yetkazmaysiz.

Umuman olganda, ishqiy munosabatlar – qoidalarga solinadigan, maslahat beriladigan, ibrat aytiladigan soha emas. Bundagi har bir qaror odamning o‘z qalbidan chiqishi va boshqa hech narsaga asoslanmasligi lozim.

Siz – o‘ziga xos shaxssiz, sevgingiz ham shunga yarasha o‘ziga xos. Shunday ekan, ko‘nglingiz aytgan yo‘lda seving va seviling – bunda sizga hech bir kitob ham, maslahatgo‘y ham kerak emas.


Muallif: J. Juraev.

"O'zlik sari 7 qadam". 

@while1931

Report Page