...

...

Maktublar turkumidan



Valdirash yoxud Quddus Asadga ochiq xat


Eh, Quddus, Quddus! Mening 6 yillik do'stim, ukam, qondosh-jigarim...

Bilasanmi, biz Farrux aka bilan o'zimizcha yaqinlarga, qalamdoshlarga maktublar turkumi yozishni (xuddi oldingi shoir-yozuvchilar kabi, ularga havasak) niyat qilib qo'ygandik. To'g'risini aytsam, xayolimda o'sha paytda senga ham nimadir yozish yo'q edi. Hozir ham kimlarga yozishimni bilmayman, balki, boshqa yozmasman. Ammo birinchi shunday nomani senga yozib turibman (bilsang bilarsan). Bu xatmi, xotirami, shunchaki, valdirashmi, bilmayman. Bu aniq adabiy maktub emas. Bilganim, senga nimadir yozishni xohladim, xolos.

Qarindosh

Esingdami, garchi uzoqroq qarindosh bo'lsak-da, bundan qariyb 6 yil oldin tanishgandik telefon orqali. O'sha yili sen 19, men 20 yoshda edik. Tasodifni qaraki, ikkalamiz bir oliygohga o'qishga topshirgan ekanmiz. Hali ham yodimda, "Rashid aka, —aka derding meni o'sha paytlar — men Quddusbekman, beshkapalik... Qarindosh ekanmiz, amakingizni ko'rib, tanishib qoldik, bir joyga o'qishga kiribmiz, nomeringizni berdi, birga turamiz endi nasib bo'lsa..." degan eding o'shanda. Keyin o'qish boshlanguncha xabarlashib turdik, bitta kvartraga joylashdik. Ha, darvoqe, ilk suhbatimizda siz she'r yozarkansiz, men ham yozib turaman, deb qistirib ham o'tgan eding. O'shanda menga yoqmagan sening ham shoir ekaning. Bitta dushman orttirganday his qilganman. Hozir bularni kulib-kulib yozyapman. Mendan yaxshi yozarmikan, u zo'r bo'lsa-ya, deb o'ylardim... Yo'q, keyin qarasam, ikkovmizam bir go'r ekanmiz). Ko'p-ko'p shoirlarni ko'rdik, she'rlar o'qidik, eshitdik. Biz o'zimizga emas, katta yozgichlarga, katta minbarlarga "hasad" qilishimiz kerakligini angladik, shekilli, harqalay, bir-birimizni yutug'imizdan xursand bo'ladigan kunlarga yetdik. Ungacha bo'lgan davrlarni eslagim keldi.


Kursdosh

Hayot tasodif tug'ishdan charchamaydi. Qaraki, 80 nafar kursdoshlar orasida faqat biz nimadir yozarkanmiz va aynan ikkalamiz guruhlarga ajratilganda bir guruhga tushganmiz. Sen xursand bo'luvding o'shanda, menga esa unchalik qizig'i bo'lmagan, rostini aytsam. Bitta kvartrada turishimiz, yuz-qo'limni yuvmayoq seni ko'rishim, bitta universitetda o'qishimiz yetmaganday, kamiga yana bir guruhda o'qiydigan bo'ldik. Sening haddan ortiq darajada faolliging g'ashimga tegardi. Ilk dars kunidayoq mustaqillik soatida "o'zim yozgan she'rimni o'qib bermoqchiman" deganingda jinim suymagandi, o'zini ko'rsatishni boshladi, deb qo'yganman, ichim qora bo'lganakan-da jichcha (kulgim kelyapti yana).

Meni asabimga tegadigan yana bir "xislating" boridi sening — hozir ham bor, endi asabiylashtirmay qo'ygan lekin — savollaring! Shu darajada ko'p savol berasanki... Ipidan-ignasigacha bilging kelaveradi bir narsani. Bir gap aytib qo'ysam adashib, to butun tafsilotlarini bilmaganingcha qo'ymaysan. Lekin shu odating ham yaxshi. Befarq emasdaysan...

4 yil

4 yil birga o'qidik. Har ikki kunning birida urishib, gap talashib o'tdi shu yillar. Lekin bir-birimizga shaxsiyatga tegadigan, beparda va qo'pol gaplar gapirmaganmiz —buni aniq eslayman. Urishganimizning ertasi kuni yana hech narsa ko'rmaganday apoq-chapoq bo'lib ketardik. Hali shu pallagacha 3 kungacha senga gapirmay yurganimni bilmayman.


Universitetda fakultetimiz tadbirlari sen va mensiz o'tmasdi. Sahna ko'rinishlariga tayyorgarlik ko'rganimiz, sahnada ssenariydan butunlay chiqib ketib, meni tentagimni chiqarishlaring, rejada yo'q gaplarni qo'shib ketishing bir kulgimni keltirsa, bir jahlimni chiqarardi. Bugun hammasini ochiq aytyapman, hammaning ko'z o'ngida, ishonaver, orqangdan ba'zida seni yomonlagan paytlarim ham ko'p bo'lgan. Qanchalik sersavol bo'lganing barobarida shunchalik sodda eding-da, sendan ko'p narsani yashirganman, balki, teskarisidir, sen barini bilib, o'zingni bilmaganday tutgandirsan. "Nechvo", bular ortda qolib ketgan.

Yakun

Hozir eng maza qilib gaplashadigan odamim agar 3 ta bo'lsa, bittasi sensan. Sen bilan hazillashsam, butun tanam bilan rohat qilib kulaman. Orzularingni, ota-onang haqidagi niyatlaringni eshitib, ich-ichimdan ularga yetishishingni xohlayman.

Shoirliging haqida gapirsam, sen ham, men ham zo'r shoir emasmiz (hozircha), xafa bo'lma, lekin sen zo'r odamsan — bu ham hozircha). Sendagi soddalik ancha-muncha she'rdan ustun men uchun. Menga qolsa, ikkisidan biri bo'ladigan bo'lsang ham, shu odamligingcha qolganing yaxshiroq edi. Zo'r shoirlarni, shedevr yozadiganlarni, hamma havas qiladiganlarni ham ko'ryapmiz. Shaxs bo'lishdan osonroq bularning hammasi. Ba'zida ukalik mehringni qadrlamaganim, o'rningni adashtirib qo'yganimdan pushaymonman.

To'g'ri aytganding, garchi hazil bo'lsa ham: o'lsam, olisdagi do'stlardan ko'ra sen birinchi yetib kelasan. Qaltirab-qaltirab, bir hovuch tuproq tortsang ham xursand bo'laman, u pallada seniyam madoring ketib, qarib-qartayib, orqamdan borishga tayyorlanib yurgan bo'lasan, o'sha yerdayam seni turqingni ko'rsam kerak, InshaOlloh! Do'stlar uyog'dayam qo'shni bo'larkan-ku!


Shu paytgacha sendan sira uzr so'ramagan ekanman, oramizdan yaxshi-yomon, mayda-chuyda gaplar o'tgandir, ammo hozir ham uzr so'ramoqchi emasman, chunki jigarlar bir-biridan xafa bo'lmaydi, do'stlar uzrsiz ham bir-birini kechiradi. Qayda bo'lsak, omon bo'laylik, oshna! Gapiraman desam, gap tugamaydi. Sen yaxshi odam bo'lishing kerak, bo'lishimiz kerak, to'g'rirog'i.

Darvoqe, sening ertaga tug'ilgan kuning. Aynan buni shu sana munosabati deb qabul qilma. Ertaga seni tabriklarga ko'mishadi, bir-biriga o'xshash tilaklarning hech biri esingda qolmaydi, bilaman, shuning uchun buni bir kun oldin, alohida e'tibor bilan o'qishingni xohlab yozyapman. O'rtamizdagi qadrdonlik, xayrixohlik, jondoshlik yo'qolmasin! Sen yaxshi do'stsan, Quddus!

Tug'ilgan kuning muborak bo'lsin, oshnam!

Report Page