📚📚📚

📚📚📚


Murod Chovushning “Hech” qissasi haqida oʻylar.

“Nima haqida oʻylasam yaxshi boʻladi?” “Hech narsa haqida”, - oʻzimga oʻzim javob berdim. Ichimdan butun oʻy-fikr, xayollarimni quvib chiqarmoqchiman, chogʻi. “Bunaqa boʻlmaydi”. Keyin metroni musiqa koshonasiga, yurib ketayotgan poyezdni kuyga, uning ichidagi yoʻlovchilarni yaxlit bir qoʻshiqqa oʻxshatdim. Ammo oʻzimni qoʻshiq deb hisoblamadim. “Men tinglovchiman””. (M.CH. “Hech”, 6-bet)

Tinglay olingani Hayot kuyini qogʻozga tushirish fikri kelgandek. (H.Q) 

“Sakson sakkizinchi qadam bosilganida sezib qoldim. Yomgʻir shitir- shitirini, sovuq shamol esishini eshitib borayotgan ekanman. Shu onda yigʻlagim keldi. Zerikayotganligim esimga tushdi. “Men buyuk zerikuvchi””. (M.CH. “Hech”, 6-7-betlar)

Odamlar nimadan zerikadi aslida? Yoki nimalardanmi? Zerikish qonuniyatini buzib oʻtmoq istalayaptimi? Nimadan zerikish? Oʻzlikdan. Anglashdan, Idrokdan...Tafakkurdan... (H.Q.)

“Keyin toʻqson bir deb, toʻqson ikkinchi qadamni hisobga qoʻshib qoʻyaman, butun eʼtiborimni oyogʻimga jalb etmoqdaman, aks holda, men yana oʻylay boshlashimga toʻgʻri keladi, zero, oʻylashni odamning oʻzi ishlab chiqarganmi yoki Tangri bir kuni, yaʼni qachonlardir bir nimadandir xursand boʻlgan holat payti cheksiz mehri joʻshib-toshib ketganidanmi, oʻylash funksiyasini “mana bu senga mendan tortiq” deb, odam “yoʻq, rahmat iltifotingiz uchun, menga bu kerakmas” desa-da, majburlab kallasiga nozikkina simchalarni - tomirlarni bir biriga ulab, u yoqdan bu yoqqa aylantirib, keyin yurak tomonga qaratib tortib qoʻygan-u, “endi bor, ishingni qil” degan mazmunda oʻzi hayo-hulab bandasi oldidan qochib ketgandek, banda to oʻylashni boshlaguncha u uzoqlarga - masalan, borliqdan tashqariga chiqib ulgurgan zahoti aql paydo boʻlib “bunday erk menga kerak emas” desa, yurak yigʻlay boshlagan zahoti qalb ixtiro qilingan, avvali zerikish ilmi yetti yot begona hisoblangan, ajab”. (M.CH. “Hech”, 9-bet)

Qalb ilmi haqida yozishlar zerikarlimi? Qalbning ilmi nimalardan iborat? Qonuniyatlari qanaqa bunday ilmning? Qalb ilmi tafakkur kuchi ila anglanadi. Tafakkur ongda shakllanadi. Ongning bemisl qudrati inson zehnini charxlaydi. Charxlangan zehn idrokka tayanch boʻla oladi. Idrok anglanganda iroda sustlashmaydi. Sust boʻlmagan iroda sabr evazigadir... Shu tariqa Qalb ilmi vujudga keladi. (H.Q.)

“Mening ichimni boʻm-boʻshlik qoplab olgan, puch yongʻoqqa oʻxshaydi. Uni nima bilan toʻldirishni bilmayman. Menda qaror yoʻq. Fikr muqim turmaydi. Hayot menda vazifasini bajarib boʻlganday. U ichimda eskirib qolganday. Har kuni bir kun takrorlanadi. Vaqt oʻtadi. Nimanidir yoʻqotayotganday boʻlaveraman. Yoʻqotayotgan narsam umrim emas, vaqt ham emas. Nima unda? Ishga boraman - uyga qaytaman. Buning ichida hayot yashaydi. Men gʻoyaning isboti uchun yashayotgandayman. Borliqning borligini isbotlash uchun yashashga mahkumdaymiz. Shuni bilaman: mening hayotim zabt etilgan, uning har bir qarichini bugun egallab olgan. Yoʻqotayotgan narsamni bilgandirsiz, u ERTA, kundan kun, yildan yil oʻtgan sayin ertamni yoʻqota boryapman”. (M.CH. “Hech”, 17-bet)

Ertangi kun qandoq boʻlishini faqat Tangri ixtiyoriga qoldirmoqdan ham biroz choʻchimoqlik? Har neni kutilgandan ham aʼlo boʻlmogʻi unutmi? Inson qismatiga qachon taslim boʻladi? Nega shunday boʻladi?

Odamlar yashash uchun taslim boʻladilar. Shunday qilinsa oson yashaladi. Taslim boʻlmoqlik beparvolik debochasi. Ammo bunday qilinsa millat oʻladi. Bunday boʻlishini istamaslik- tunu kun ibodat qilishlik ila amalga oshmasligini taʼkidlamoq ilinjida kitob bitilgandir. Biroq Bularning bari – umumiy HECH...aslida barini oʻylab koʻrmoq imkoniyati KECH... 

Bunday imkon qonda sizadi, miyada shakl topadi, aqlda charxlanadi. Shularni istamaslik haqidagi kitob bu…Yoʻq, istashlig-u, bundan qoʻrqishlik haqidagi taʼlim bu. 

Qoʻrqishdan qoʻrqmaslik ilmi bu...Qoʻrqmasdan tavba qilish, Bilishdan, eng koʻp bilishdan Achinish Hissi toʻgʻrisidagi kitob bu. Achinishning Ilmda ham aks etishining oʻzi illat boʻlgan zamon haqidagi xulosadir bu....

Idrok, chuqur idrok etib, keyin qaygʻuning ketidan sudralib yurish afsonasi bu. Bu – HECH...Koʻrilgan jabr, tariqdek ummon qalb haqidagi qoʻshiq bu. Qalb sokinlikni qoʻmsab, ayyuhannos solgan Qadr – bu. 

Odamzot umrida bir pashshachalik faqat toʻgʻriga qarab intila olmasligi haqiqati toʻgʻrisida edi bu. Vaqt shoshilib oʻtsa-da, undan qolgan baʼzi asoratlar jarohati bitilmish nola bu. Birov umr oʻtkinchi ekanligini kunda eslab, qaygʻuga botsa, boshqa biri kuniga bu qaygʻudan oʻlib tiriladi. Aynan tirila olmoqlik ilmidir bu. Tirilmoqlik chogʻida ikki yoʻldan biri tanlanishi lozim boʻlsa, iymonlisi Millatini desa, iymonsizi Millatini sotishi haqida aytilmoqchi edi. Millatining bir nuqtasi Oʻzi ekanligini, demakki oʻzini oʻzi sotayotganidan bexabarlar haqidagi Soʻz edi bu. (H.Q.) 


“Ichimda nima sindi? Ishonchmi? U har kuni sinadi. Har lahza yana tiklanib yana vazifasini oʻtayveradi”. (M.CH. “Hech”, 20-bet)


Har kuni sinuvchi ishonch qayta tiklanayotganligiga amin boʻlmaslik? Aslida ishonch ham xatarli tuygʻumikan? Kim bilsin? Ishonchning mustahkam eʼtiqod boʻla olmayotganiga nima sabab ekan degan savolning hamon ochiqligi bezovtaligi inson qalbini kemirayotgani isboti edi bu. Ishonch nahot koʻpik boʻlsa, tutmoqlik mushkul. (H.Q.)


“Hamma oʻzini aldaydiku. Aslida odamni shu qutqaradi. Aldash odamda umid uygʻotadi. Umid obraz. Odamning badiiy timsoli. Timsolda chegara yoʻq, oxiri yoʻq va koʻrinmaydi”. (M.CH. “Hech”, 20-bet)


Aldash ham falsafa, deb tan olishdan choʻchish ham toʻgʻri yashashga kuch bersa ajabmas. Kitobda shunday deb yozishdan choʻchimoqlik koʻringanga oʻxshaydi. Bu falsafa yod olinadimi? Odamlarga qanday yuqadi? Shunchalik kuchki million yillardan buyon mavjud. Nihoyat bunga koʻnikmoqlik fursati yetganmikan, degan be-, yoʻgʻ-ey bamaʼni fikr haqidagi Aldov bu. Aldovning bamaʼni fikr ekanligiga ishontirmoq istagimiz – bemaʼni... (H.Q.)


“Hamma oʻz xayoli bilan ovora. Hech kim unga qaragani yoʻq. Millatda shunday holat bor. Nega? Bir biriga sezdirmaydi. Yoki seziladigan obʼektning oʻzi yoʻqmi? Yurak boʻm boʻshmi? “ (M.CH. “Hech”, 21-bet)


Bugun kunim XAYOLga baxshida boʻldi. Mayli hali Ertam bor-ku, degan oʻy KATTA FOJEA mikin? Fojea sodir boʻlmoqda. Kimdir yigʻlasa bizlar bugun ovqat yeyapmiz. Yigʻlamoq ichki gʻalayonni sezdirmoq, toʻfondan OMON qolmoqlik yoʻli ham – koʻzning yoshidir. Nega shunday ogʻriqli nuqta ogʻriq berib azoblasada, kunlar oʻtaveradi, tonglar otaveradi, oy baxtidan sarmast kelindek yogʻdusidan oʻzi sarmast boʻlaveradi, degan minglab savollari bor obraz haqidagi noma bu. (H.Q.)


“Nuqta, masalan yomgʻir tomchisi bilan miyadagi borliqni bogʻlaydigan vosita bilish. Oʻzbek qanday biladi? Yoki qanday anglaydi?” (M.CH. “Hech”, 23-bet)

Oʻzbekning bilishi – Dengizlardek cheksiz. Anglash darajasi oʻzining tasavvur doirasidan ham mushkul. Oʻzbeklar his qilib biladilar, bilib his qiladilar. Oʻzbeklar hissiyotlari orqali nazokat ila anglaydilar, anglash birla his qila oladilar. Ularda tafakkur doirasi – qadr-qimmat shaʼni ila oʻlchanadi. Oʻzbek ana shunday biladi, deyilmoqchi edi asarda. 


Koʻp oʻyladim. Oʻylaganim: “Hech” nima haqda oʻzi? Borliqdan yoʻqlik tomon yoʻnalish haqidami yoki aksi - yoʻqlikdan borliq tomon yoʻl haqidami? (H.Q.)


“Ichimda bir mavjudot bor, tasavvurimda u gap oxirida qoʻyiladigan kichkina nuqtaga oʻxshaydi, tinmay harakat qiladi. Meni gap tuzishga undayveradi. Meni fikrlasin deydi, balki u oʻzining mavjudligini saqlab qolish uchun kurashar...” (M.CH. “Hech”, 36-bet)


Hayot Xayoldagina tirik bir tushuncha. Xuddi koʻp yashab, tushunganimiz bir nimalardan odamlarni ogoh qilmoq istagida boʻlishligu, yozilgani shu kitobcha boʻlganga oʻxshaydi. Anglangani Umrning bir daqiqalik tushligiyu, huda oʻtgan umrga achinish lozimligini eslatilayotganday. Hikoyada keltirilgan chol kampirlar, ularning oʻtgan umrlariga beparvogina nazar solishi obrazni tashvishga soladigandek. Turmush muammolari oʻtkinchiligini ifodalash fikri tugʻilib, nima boʻlganda ham Yashash ham Buyuk, ham insoniyat nima qilganda ham anglab boʻlmas ham neʼmat, ham ozgina, tariqdekkina, balki undan salgina koʻproq kulfat ekanini ochiqroq aytishga jazm qilingandek...

Illatlarni ijobiy fazilat deb koʻradigan odamlarning qandayligini koʻrsatib qoʻyishga urinish... edi balki bu kitob... (H.Q.)

Hafiza Qoʻchqorova



Report Page