ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
YAMAOKA KOTARO HAJ AMALINI BAJARGAN BIRINCHI YAPON.
Islom dinining ustuni boʻlmish, haj amalini bajargan birinchi yapon Yamaoka Kotaroni faoliyatini bayon etishdan avval, uning ustozi Abdurashid Ibragimov haqida toʻxtalib oʻtish joiz.
1852-yilda Chor Rossiyaning Tobolsk viloyatining Tara shahrida tugʻilgan tatar millatiga mansub boʻlgan Abdurashid Ibragimov hayoti davomida islomni keng yoyishda faol ishtirok etgan din arboblaridan hisoblanadi.
Abdurashid Ibragimov Sibir, Moʻgʻuliston, Xitoy, Koreya, Hindistonning turli shaharlariga tashrif buyurgan, bir muncha vaqt Turkiyada yashagandan soʻng, Yaponiyaga koʻchib kelgan. Abdurashid Ibragimov Yaponiyaga islom dinining tarqalishiga katta taʼsir koʻrsatgan. Yamaoka Kotaro ham Abdurashid Ibragimovning daʼvati bilan islom dinini qabul qilgan.
Ular quyidagi tarzda uchrashganlar. Abdurashid Hazrat Bombeyda boʻlgan vaqtida, Yamaoka Kotarodan telegramma oladi. Telegrammada Yamaoka Hazrat bilan uchrashishni iltimos qiladi. Yamaoka bilan uchrashish uchun Abdurashid Ibragimov akasi Iso Baxining uyiga boradi.
U yerda Yamaoka Kotaro yugurib kelib Hazratni quchoqlab:- “Men Yamaokaman, sizni oʻz ustozim deb bilaman, Allohga shukur, men sizni koʻrish sharafiga muyassar boʻldim. Bundan buyon men sizning shogirdingizman ”, -deydi. Hazrat undan bunday uzoq safarga chiqishga majbur qilgan sabablar haqida soʻraganda. Yamaoka aniq javob bermay, u shunday deydi: -“Buni sababini sizga keyinroq aytaman. Mening birinchi istagim chin musulmon boʻlish. Sizdan iltimos qilaman, kechiktirmasdan, menga Islom dini asoslarini oʻrgating”. Hazrat Yamaokadan iymon keltirishni soʻraydi. Yapon:- “La ilaha illalohu Muhammadur rasululloh” - deb kalima keltiradi. Shundan soʻng Abdurashid Hazrat yangi shogirdiga Umar ismini beradi.
Abdurashid Ibragimov va Umar bir necha muddat Bombeyda yashashgandan soʻng paroxodga oʻtirib, Makkaga tashrif buyurdilar va 1909-yil Islomning ustunlaridan biri – Haj amalini bajaradilar.
Makkadan keyin ular Madinaga borganlarida, ziyoratchilarning yigʻilishlaridan birida Umarga soʻz beriladi. Abdurashid Hazrat buni quyidagicha taʼriflaydi: “Umar Makka va Madinada samimiy kutib olingani uchun minnatdorchilik bildirdi. Soʻng Tokioda faoliyat olib borayotgan Gi-Kay jamiyati (A. Ibrohimov tomonidan yaratilgan islomiy jamiyat) haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, Sharq musulmonlarini birlashtirish zarurligi toʻgʻrisida gapirdi. Soʻzini oxirida musulmon boʻlgani uchun Allohga hamd aytib uch marta:- «La ilaha illalohu Muhammadur rasululloh” - deb, minbardan tushdi. Bu hodisa koʻplab odamlarning yigʻlashiga sabab boʻldi. Hatto qoʻshni uylardan kelgan ayollar ham yigʻlashdi.
Madinada bir hafta boʻlganidan keyin, Umar Istanbulga borish istagini bildirdi. Aburashid Hazrat Umar bilan xayrlashuvni quyidagicha taʼriflaydi:- “Umar Afandini qiyinchiliklarga bardosh berishi meni hayratga solgan. U bilan xayrlashish uchun koʻp sonli odamlar keldi. Biz u bilan koʻzlarimizga yosh olib xayrlashdik. Umar oʻzining soʻnggi soʻzida:- «Men Allohning paygʻambari Rasululloh sallolohu alayhi vassalamni ziyoratiga sazovor boʻlgan birinchi yaponiyalik boʻlganimdan faxrlanaman”, -dedi. Shundan soʻng, poyezd yoʻlga chiqdi».
Keyinchalik, Umar Yaponiyaga keldi. Bu yerda u umrini oxirigacha Islom dinining vakili sifatida faoliyat olib bordi va yapon jamiyatini Islomga daʼvat etuvchi koʻplab kitoblar yozdi. 1959-yil sakson yoshida vafot etdi.

Report Page