ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
XRISTOFOR KOLUMB 
Xristofor Kolumb (1451, Genuya — 1506.20.5, Valyadolid) — dengizchi sayyoh. 1476—1484 yillarda Lissabonda hamda Madeyra va PortuSantu orollarida yashagan. Yerning shar shaklida ekanligi toʻgʻrisidagi taʼlimotga va XV asr olimlarining hisoblariga asoslanib, u Yevropadan Hindistonga olib boradigan, uning fikricha, eng qisqa dengiz yoʻlining loyihasini tuzdi.
1-ekspeditsiyasida (1492—1493) 90 kishi bilan “Santa-Mariya”, “Pinta”, “Ninya” kemalarida Palosdan safarga chiqdi. Kanar orollaridan gʻarbga burilib, Atlantika okeanini kesib oʻtib, 1492-yil 12 oktyabrida (bu sana Amerikaning rasmiy kashf etilgan vaqti deb hisoblanadi) Bagama arxipelagidagi San-Salvador oroliga tushadi. Kuba va Gaiti orollari sohilini kashf etdi. 1493-yil 15-martda Kastiliyaga qaytib keldi.
1493-1504 yillar oraligʻida Kolumb Amerika qitʼasiga yana 3 bor ekspeditsiya uyushtirib, qitʼadagi yangi yerlar va orollarni kashf etdi. X.Kolumb Amerigo Vespuchchi tomonidan Amerikani yangi qitʼa sifatida kashf etganiga qadar Hindistonga borganiga ishonar edi. Shuning uchun ham oʻzi kashf etgan yerlardagi tub aholini Hindular deb atagan.
Kolumbning kashfiyotlari yangi yerlarni mustamlakaga aylantirish, oʻsha yerlarning tub aholisini qul qilish va qirib tashlash bilan birgalikda kechdi. Kolumbning birinchi boʻlib Amerikani ochganligi toʻgʻrisida ilmiy adabiyotlarda bahslar mavjud. Amerika rasmiy kashf etilishidan 5 asr ilgari Beruniy Gʻarbiy yarim sharda quruqlik boʻlishi mumkin, degan fikrni yozib qoldirgan. IX asrda Grenlandiyada yashagan vikinglar ushbu materikning shimoliy qirgʻoqlarigacha yetib borishganligi, XII asrda esa musulmon sayyohlari Amerika qitʼasini bilganliklari va u yerga borganliklari haqidagi maʼlumotlar ham mavjud. Ammo Kolumb kashfiyotlaridan keyingina Amerika qitʼasi mahalliy aholi talofati hisobiga boʻlsa-da “oʻzlashtirila” boshlandi.
Bilasizmi…?
Mashhur dengizchining qayerda tugʻilganiga doir savol bugungi kunga qadar bahslarga sabab boʻlmoqda. Odatda uning tugʻilgan joyi sifatida 4 ta ispan, 2 ta portugal va 2 ta italyan shahrini koʻrsatishadi. Kolumbning Genuyada 12 yil yashagani maʼlum, ammo aynan oʻsha yerda tugʻilgani haqidagi biror dalil yoʻq.
Xristofor Kolumb yangi qitʼani ochish haqida butunlay oʻylamagan ham. U shunchaki Hindistonga olib boradigan yaqinroq yoʻlni topmoqchi boʻlgan va u yerdan Yevropaga ziravorlar keltirishni reja qilgan. 1485 yili dengizchi oʻz gʻoyasini amalga oshirishga urinadi, ammo bu niyat oradan 7 yil oʻtibgina roʻyobga chiqadi. Chunki uning homiylari dastavval gʻarbga suzib Hindistonga borish mumkinligiga ishonishmagan.
Manbalar: qomus.info, geografiya.uz
Tayyorladi: Imomov Xurshid

Report Page