ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
MIRZO ULUGʻBEK (1394-YIL-1449-YIL)
Ulugʻbek 1394-yilning mart oyida Eronning gʻarbidagi Sultoniya shahrida, bobosi Temurning harbiy yurishi paytida tugʻildi. U Shohrux Mirzoning toʻngʻich oʻgʻli boʻlib, unga Muhammad Taragʻay ismi berilgan, lekin bolaligidayoq u Ulugʻbek deb atala boshlab, bu ism keyinchalik uning asosiy ismi boʻlib qoldi.
Ulugʻbekning bolalik yillari bobosi Temurning harbiy yurishlarida oʻtdi. 1405-yil Xitoyga qilinayotgan yurish boshida Temur vafot etgach, ikki yil davomida uning avlodlari oʻrtasida taxt uchun kurash davom etdi va bu kurashda Temurning kenja oʻgʻli Shohruxning qoʻli baland keldi. Lekin Shohrux oʻziga poytaxt qilib Hirotni tanlab, Movarounnahr poytaxti Samarqandni esa oʻgʻli Ulugʻbekka topshirdi. Shunday boʻlsa ham Shohrux Eron va Turonning yagona xoqoni deb hisoblanardi.
Shohrux toʻngʻich oʻgʻli Ulugʻbekni 1411-yili Movarounnahr va Turkistonning hokimi etib tayinlaydi. Ulugʻbek 17 yoshida hokim boʻlib, bobosidan farqli oʻlaroq harbiy yurishlar bilan qiziqmas, koʻproq ilm-fanga moyil edi. Afsuski, Ulugʻbekning boshlangʻich maʼlumoti va murabbiy hamda ustozlari haqida aniq maʼlumot saqlanmagan. Ulugʻbek bolalik yillarida buvisi Saroymulk xonim tarbiyasida boʻlgan. Albatta biz bu ayol oʻzining sevimli nabirasiga oʻquv-yozuvni oʻrgatgani hamda tarixiy mavzudagi hikoya va ertaklarni soʻylab berganligini taxmin qilishimiz mumkin. 1405-1411-yillarda amir Shoh Malik yosh mirzoning otabegi boʻlgan, u Ulugʻbekka asosan harbiy va siyosiy tarbiya bera olishi mumkin edi.
Ulugʻbekning ustozlaridan biri munajjim Mavlono Ahmad boʻlganligini taxmin qilish mumkin, chunki bu kishi Temurning saroyidagi eng yirik olimlardan boʻlib, sayyoralarning kelajak ikki yuz yillik taqvimlari jadvallarini tuza olgan. Lekin Ulugʻbekning oʻzi keyinchalik asosiy asari boʻlmish “Zij”ida faqat Qozizoda Rumiyni “ustozim” deb ataydi. Ulugʻbek umrining ilk davridanoq Mavlono Ahmad va Qozizoda Rumiy kabi astronom va matematiklar taʼsirida ulgʻayadi. Shu sababli uning hayotida aniq fanlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Ulugʻbek yigirma yoshlarida oʻz davrining yirik olimlaridan boʻlib, uning hokimligi davridagi muhim yangiliklar butun oʻrta asr madaniyati tarixida ulkan ahamiyat kasb etdi.
Ulugʻbekning ilmga qiziqqanligi va mamlakatning ravnaqini koʻzlaganligi tufayli yangi uslubdagi bilim yurti - maktab va madrasalar barpo qilishga qaror qilib, deyarli bir vaqtning oʻzida Samarqand, Buxoro va Gʻijduvonda uchta madrasa barpo etadi.
Samarqanddagi madrasa qurilishi 1417-yili boshlanib, uch yilda nihoyasiga yetkaziladi. Tez orada Ulugʻbek madrasaga mudarris va olimlarni toʻplay boshlaydi va shu tariqa uning Samarqanddagi astronomik maktabi shakllanadi. Bu maktabning asosiy mudarrislari ilmiy ishlariga qulay sharoit va panoh izlab Temur davridayoq Samarqandga kelgan Taftazoniy, Mavlono Ahmad va Qozizoda Rumiy kabi olimlar edi. Qozizodaning maslahati bilan Ulugʻbek Xurosonning Koshon shahridan Gʻiyosiddin Jamshid Koshiyni chaqirtiradi. Samarqandga Movarounnahrning turli shaharlaridan va Xurosondan toʻplangan olimlarning soni, 1417-yilga kelib 100 dan ortib ketadi. Ular orasida adiblar, muarrixlar, xattotlar, rassomlar, meʼmorlar bor edi. Lekin astronomiya va matematika sohasidagi olimlar sharafliroq va obroʻliroq edi. Ular orasida Qozizoda bilan Koshiy eng salobatli va nufuzli edilar.
1420-yili Samarqand madrasasining tantanali ochilishi boʻladi. Zayniddin Vosifiy «Badoiʼ ul-vaqoiʼ» kitobida aytishicha, birinchi mudarris etib mavlono Shamsuddin Muhammad Xavafiy tayinlanadi. Madrasada asosiy maʼruzalarni Qozizoda, Ulugʻbek, Koshiy va keyinroq Ali Qushchi oʻqiydilar.
Ulugʻbek barpo etgan Samarqand madrasasi va ilmiy toʻgaragi Sharq madaniyati va fani tarixida ulkan ahamiyat kasb etdi, mamlakat ravnaqiga, shuningdek, koʻp xalqlarning madaniy rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatdi. Bu yerda koʻplab buyuk siymolar shakllandi. Ulugʻbek atrofida toʻplangan Samarqand olimlari katta ahamiyat bergan eng muhim ilmiy yoʻnalishlardan biri astronomiya fani edi. Islomdagi eng avvalgi astronomik asarlar “Zij” deb atalib, ular asosan jadvallardan iborat boʻlgan. Ulugʻbekdan avval yozilgan eng mukammal “zij”lar Beruniyning «Qonuni Masʼudiy»si va Nasriddin Tusiyning 1256-yili yozib, Xulashxonga taqdim etgan “Ziji Elxoniy” asari edi. XV asr boshlarida yozilib, Shohruxga atalgan Jamshid Koshiyning «Ziji Xoqoniy» asari asosan xitoy va moʻgʻul anʼanalariga asoslangan boʻlib, islom mamlakatlari uchun deyarli ahamiyatga ega emas va ilmiy jihatdan ham ancha sayoz edi. Movarounnahrda esa moʻgʻul istilosidan keyin birorta “zij” yozilmagan edi. Ana shu sabablarga koʻra Ulugʻbek eng avvalo astronomik izlanishlarni yoʻlga qoʻyishi, buning uchun rasadxona barpo etishi kerak edi. Bu haqda Abu Tohirxoʻja bunday xabar qiladi: «Madrasaga asos solinganidan toʻrt yil keyin Mirzo Ulugʻbek Qozizoda Rumiy, Mavlono Gʻiyosiddin Jamshid va Mavlono Muiniddin Koshoniylar bilan maslahatlashib, Koʻhak tepaligida Obi Rahmat arigʻining boʻyida rasadxona binosini qurdiradi. Uning atrofida esa baland hujralar barpo etadi».
Rasadxona qurilishi 1424-yildan 1429-yilgacha davom etadi. Rasadxona bitishi bilan astronomik kuzatishlar boshlanib ketadi. Rasadxona bilan madrasaning birgalikdagi faoliyati Ulugʻbek ilmiy maktabida astronomiya va matematikani oʻrta asrlar davrida eng yuqori pogʻonaga koʻtarish imkonini berdi.
Davlat ishlari bilan bogʻliq boʻlgan yurish-koʻchishlar, rasadxonadagi kuzatishlar va madrasadagi darslar, undan tashqari ilmiy ishlarga umumiy rahbarlik qilish ham Ulugʻbekning koʻp vaqtini olardi. Shuning uchun boʻlsa kerak, bevosita Ulugʻbekning qalamiga mansubligi maʼlum boʻlgan ilmiy asarlar soni jihatdan koʻp emas - ular toʻrtta.
Ulugʻbek ilmiy merosining eng asosiysi, maʼlum va mashhuri uning “Zij”i boʻlib, bu asar “Ziji Ulugʻbek”, «Ziji jadidi Guragoniy» deb ham ataladi. “Zij”dan tashqari uning qalamiga mansub matematik asari “Bir daraja sinusini aniqlash haqida risola”, astronomiyaga oid «Risolayi Ulugʻbek» (yagona nusxasi Hindistonda, Aligarh universiteti kutubxonasida saqlanadi) va tarixga doir «Tarixi arbaʼ ulus» (“Toʻrt ulus tarixi”) asaridir.
Ulugʻbek “Zij”i oʻz tarkibiga koʻra VIII- IX asrlarda boshlangan astronomik anʼanani davom ettirsa ham ilmiy darajasi ularga nisbatan beqiyos balanddir. Bu asar ikki qismdan: keng muqaddima va 1018 yulduzning oʻrni va holati aniqlab berilgan jadvallardan iborat boʻlib, muqaddimaning oʻzi mustaqil toʻrt qismni tashkil qiladi. Muqaddimaning boshida Qurʼondan yulduzlar va sayyoralarga taalluqli oyatlar keltiriladi. Ulugʻbek bu bilan astronomik kuzatishlarning zarurligini gʻoyaviy asoslamoqchi boʻladi. Muqaddimaning keyingi qismida Ulugʻbek ushbu soʻzlarni bitgan: «Soʻng, parvardigor bandalarining faqiru haqiri, ulardan Allohga eng intiluvchisi Ulugʻbek ibni Shohrux ibni Temur Koʻragon bunday deydi…” Bu soʻzlardan koʻrinadiki, “Zij”ning muallifi Ulugʻbekning oʻzi boʻlgan. Biroq bu ishda unga yordam berganlarni Ulugʻbek quyidagi soʻzlar bilan odilona taqdirlaydi: «Ishning boshlanishi olimlar allomasi, kamolot va hikmat bayrogʻini oʻrnatgan, tahlil va tahqiq maslakida boʻlgan Qozizoda Rumiy deb shuhrat qozonmish janobi hazrat Mavlono Saloh al-milla vad-din Musoning, unga rahmat va gʻafronlar boʻlsun, va hazrat Mavlonoi Aʼzam, olamdagi hukamolarning iftixori, qadimga bilimlarda mukammal, masalalar mushkilotlarini hal etuvchi Mavlono Gʻiyos al-mil-la vad-din Jamshid, Alloh taolo uning qabrini salqin qilsun, ikkisining qoʻllashi va yordamida boʻldi…
Ahvol boshida hazrat Mavlono marhum Gʻiyosiddin Jamshid: «Ajibu doʻi Alloh» chaqirigʻini eshitib, toat bilan ijobat etdi va bu jahon dorulgʻururdan u jahon dorulsururga rixlat etdi. Ish asnosida, hali bu muhim asar bajarilib tugatilmasidan, hazrat ustoz Qozizoda, Alloh taolo uni rahmat qilsin, parvardigor rahmatiga payvasta boʻldi.
Biroq farzandi arjumand Ali ibni Muhammad Qushchi bolalik yillaridan fanlar sohasida ildamlab boradi va uning tarmoqlari bilan mashgʻul. Umid va ishonch komilki, uning shuhrati inshoolloh, yaqin zamon va tez onlarda jahon atroflari va mamlakatlarga tarqaladi. Va bu muhim kitob tamomila yozilib boʻldi. Yulduzlarning sifatlaridan kuzatilgan barcha narsalar imtihon qilinib, bu kitobga kiritilib sobit etildi».
Bu keltirilgan parchadan koʻrinadiki, Qozizoda Ulugʻbekning ustozi boʻlgan va “Zij”ning ancha qismi uning ishtirokida yozilgan. Bundan yana shu narsa koʻrinadiki, Ulugʻbek Samarqanddagi yana bir yirik olim Jamshid Koshiyni ustoz demaydi, balki uning yoshi Rumiydan katta boʻlgani uchun Mavlonoyi Aʼzam deyish bilan cheklanadi. Haqiqatan ham, u kishi Samarqandga 1416-yili, yaʼni Ulugʻbek 22 yashar navqiron yigit va olim sifatida tanilganda keladi va u rasadxonadagi kuzatishlar boshlanishi bilanoq vafot etadi. Biroq fan tarixidan shu narsa maʼlumki, Koshiy “Zij”ning nazariy qiyemini arab tiliga tarjima etgan va hozir bu tarjimaning nusxalari mavjud. Demak, bundan koʻrinadiki, Ulugʻbek avval “Zij”ning nazariy qismini yozgan, soʻng jadval qismi uzoq kuzatishlar natijasida tuzilgan. Koshiy esa nazariy qism yozilishi bilan uni arab tiliga agʻdargan va jadvallar ustida ishlar boshlanishida vafot etgan.
Yana bir diqqatga sazovor narsa, bu Ulugʻbek Ali Qushchini “farzandi arjumand” deyishidir. Aslida Ali Qushchi uning farzandi emas, shogirdi boʻlib, ilm sohasida ustoziga Abdullatif va Abdulazizlardan, yaʼni oʻz farzandlaridan ham sodiq va vafodor edi. Shuning uchun ham Ulugʻbek unga oʻz oʻgʻlidek qarar edi va uning yordami bilan “Zij”ni “farzandi arjumand Ali ibn Muhammad Qushchi… ittifoqligida” poyoniga yetkazdi.
Endi “Zij”ning mazmuni haqida toʻxtalaylik. Asarning birinchi — “Taʼrix, yaʼni xronologiyaning maʼrifati” deb nomlangan maqolasi (kitobi) yetti bobdan iborat boʻlib, u eralar va kalendar masalalariga bagʻishlangan. Bu boblarda islomda qoʻllaniladigan asosiy era - hijriy erasi, suryoniy-yunoniy erasi, «jaloliy» erasi, xitoy va uygʻur erasi, forsiy-qadimiy erasi va bu eralarda keltirilgan sanalarni biridan biriga moslashtirib koʻchirish hamda bu eralardagi mashhur kunlar haqida bahs yuritiladi. Bundan tashqari ushbu maqolada turkiy muchal yillari haqida ham mufassal bayon etiladi.
Ikkinchi - «Vaqtlar va unga taalluqlik narsalar» deb nomlangan maqola 22 bobdan iborat. U asosan matematika va sferik astronomiya masalalariga bagʻishlangan. Ikkinchi va uchinchi boblarda oʻrta asrlar uchun eng aniq boʻlgan sinuslar va tangenslar jadvallari keltiriladi. Maqolaning toʻrtinchi bobida Ulugʻbek ekliptikaning (falak ul-burj) osmon ekvatoriga (muʼaddal un-nahor) ogʻish burchagining miqsorini keltiradi. Bu haqda u bunday deydi: “Bizning kuzatishimizcha, eng katta ogʻish (yaʼni ekliptikaning osmon ekvatoriga ogʻishi) burchagini yigirma uch daraja oʻttiz daqiqa oʻn yetti soniya topdik”. Ulugʻbek topgan bu miqdor oʻrta asrlar davri uchun ancha aniq edi. Shuni ham aytish kerakki, bu burchakning miqsori barcha davr astronomlari uchun katta ahamiyatga ega edi, chunki yoritgichlar va yashash joylarining aniq koordinatlarini topish shu burchak miqdoriga bogʻliq edi.
“Zij”ning uchinchi maqolasi 13 bobdan iborat boʻlib, faqat astronomiya masalalariga bagʻishlangan. Bunda Quyosh, Oy va besh sayyoraning harakatlari haqida bahs yuritiladi. Asarda keltirilgan jadvallarning aksariyati shu maqolaga taalluqlidir. Bu jadvallar orasida eng ahamiyatga ega boʻlgani 13-bobda keltirilgan va «Turgʻun yulduzlarning uzunlama va kenglama boʻyicha holatlarini aniqlash» deb atalgan yulduzlar jadvalidir.
Ulugʻbekning yulduzlar jadvali oʻrta asrlar davridagi eng nodir va mukammal jadval boʻlgan. Ulugʻbek rasadxonasida yulduzlar globusi yasalgan.
“Zij”ning oxirgi - “Yulduzlarning doimiy harakati” deb nomlangan toʻrtinchi maqolasi ikki bobdan iboratdir.
Ulugʻbek “Zij”i oʻrta asrlardagi eng mukammal astronomik asar boʻlib, tezda zamondoshlarining diqqatini oʻziga jalb etdi. Eng avval bu asar Samarqandda Ulugʻbek atrofida toʻplangan olimlar ijodiga taʼsir koʻrsatdi. “Zij”ni oʻrganish shuni koʻrsatadiki, u asosan amaliy qoʻllanishga moʻljallangan boʻlib, nazariy masalalarni bayon etishni Ulugʻbek oldiga maqsad qilib qoʻymagan. Shuning uchun boʻlsa kerak, “Zij”ni birinchi boʻlib Samarqand olimlarining oʻzi, xususan Ali Qushchi sharhlaydi. Undan keyingi sharhlarni Miram Chalabiy va Husayn Birjandiylar yozadi.
1449-yili Ulugʻbekning fojiali halokatidan soʻng Samarqand olimlari asta-sekin Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlari boʻylab tarqalib ketadilar. Ular oʻzlari borgan yerlarga Samarqand olimlarining yutuqlarini va “Zij”ning nusxalarini ham yetkazadilar. Xususan Ali Qushchi 1473-yili Istambulga borib, u yerda rasadxona quradi. Shu tariqa Ulugʻbek “Zij”i Turkiyada tarqaladi va Turkiya orqali Ovroʻpo mamlakatlariga ham yetib boradi.
Hozirgi kundagi maʼlumotlarga koʻra “Zij”ning yuzga yaqin forsiy nusxasi va 15 dan ortiq arabiy nusxasi mavjud. Oʻrta asrlarda yozilgan hech bir astronomik yoki matematik asar bunchalik ommaviy va keng maʼlum boʻlmagan. “Zij” musulmon mamlakatlarining deyarli barchasida oʻrganilgan va sharhlangan. Uni sharhlagan olimlardan quyidagilarning nomlarini eslatish mumkin: Shamsiddin Muhammad ibni Abul Fath as-Soʻfiy al-Misriy (vaf. tax. 1495), Abulqodir ibni Roʻyoniy Lahijiy (vaf. 1519), Miram Chalabiy (vaf. 1525), Abdulali Birjandiy (vaf. 1525), Gʻiyosiddin Sheroziy (vaf. 1542).
Ulugʻbek “Zij”i ayniqsa Hindiston olimlariga kuchli taʼsir koʻrsatdi. Samarqand olimlarining ilmiy anʼanalarini Hindistonga Boburning oʻzi yetkazgan degan maʼlumot bor. Boburning vorislari oʻtmishdagi shohlarga oʻxshab atroflariga olimlarni toʻplaydilar va ularning ilmiy izlanishlariga sharoit yaratadilar. Hind olimlari koʻp tarafdan Samarqand olimlariga taqlid qiladilar. Masalan, Shoh Jahon avval zamonida Lahor va Dehlida ishlagan Farididdin Masʼud al-Dehlaviy (vaf. 1629) “Ziji Shoh Jahoniy” nomli asar yozadi: undagi maqola va boblarning soni xuddi Ulugʻbek “Zij”idagidek va jadvallarning ham koʻp qismi Ulugʻbekdan olingan. Yirik hind olimi Savoy Jay Sing (1686- 1743) ham oʻzining «Ziji Muhammadshohiy» asarini Ulugʻbek “Zij”ining katta taʼsiri ostida yozgan.
“Zij”ning Gʻarbiy Ovroʻpo faniga ham taʼsiri katta boʻldi. Umuman olganda Gʻarbiy Ovroʻpo Temur va uning farzandlarini, ayniqsa Ulugʻbekni XV asrdanoq bilardi. Ali Qushchining Istambuldagi faoliyati tufayli Ulugʻbekning olimligi haqidagi xabar ham Ovroʻpoga tarqaladi.
1638-yili Istambulga ingliz olimi va sharqshunosi, Oksford universitetining professori Jon Grivs (1602- 1652) keladi. Qaytishida u oʻzi bilan Ulugʻbek “Zij”ining bir nusxasini Angliyaga olib ketadi. 1648-yili avval “Zij”dagi 98 yudduzning jadvalini chop etadi. Oʻsha yilning oʻzida Grivs “Zij”dagi geografik jadvalni ham nashr etadi. 1650-yili esa u “Zij”ning birinchi maqolasining lotincha tarjimasini nashr etadi. Grivs 1652-yili mazkur oxirgi ikki ishni qayta nashr etadi.
Yana bir ingliz olimi va sharqshunosi Tomas Hayd (1636- 1703) “Zij”dagi turgʻun yulduzlar jadvalini 1665-yili forscha va lotinchada nashr etadi. Shunisi diqqatga sazovorki, Hayd Grivsning ishlaridan butunlay bexabar edi. Demak, “Zij”ning nusxalari qandaydir yoʻllar bilan unga ham yetib kelgan.
Haydning nashridan 15 yil keyin polyak olimi Yan Geveliy (1611-1687) “Zij”ning ayrim jadvallarini nashr etadi. Bundan keyin XVIII va XIX asrlarda qator Ovroʻpo olimlari “Zij”ning ayrim qismlarini nashr etadilar. Fransuz sharqshunosi L. A. Sediyo (1808-1876) “Zij”ning toʻrttala maqolasi oldidagi soʻzboshilari va muqaddimasining fransuzcha tarjimasini 1847-1853-yillarda) nashr etadi. Va nihoyat, XX asr boshlarida amerikalik olim E. B. Nobl “Zij”ning Angliya kutubxonalarida saqlanadigan 28 qoʻlyozmasi asosida yulduzlar jadvalining inglizcha tarjimasini nashr etadi (Vashington, 1917).
Shunday boʻlishiga qaramay Ulugʻbek “Zij”i umuman olganda toʻliq ravishda oʻrganilmagan va biror zamonaviy tilga toʻla tarjima etilmagan.
1994-yili Ulugʻbek tavalludining 600-yilligi munosabati bilan «Ziji jadidi Guragoniy»ning birinchi bor toʻligʻicha rus tiliga tarjimasi bosib chiqarildi. Shu yili yana Ulugʻbekning «Tarixi arbaʼ ulus» asari ham oʻzbek tilida Toshkentda nashr etildi.
Manba: ziyouz.uz

Report Page