ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
Ahmad as-Sagʻoniy (? — 990-yil )
Ahmad as-Sagʻoniyning toʻliq nomi Abu Hamid Ahmad ibn Myhammad as-Sagʻoniy al-Asturlobiy boʻlib, Oʻrta acp manbalarida «Sagʻaniyan», Fors manbalarida esa “Chagʻoniyon” deb yuritilgan joyda tugʻilgan. Oʻsha davrdagi Sagʻoniyon bugungi Surxondaryo viloyatining Denov shahri atroflarini oʻz ichiga olgan. Olimning tugʻilgan yili nomaʼlum. U yoshligida oʻz davrining eng yirik ilm markazi Bagʻdodga borib qolgan va yirik astronomlaridan biri boʻlib yetishgan. Ahmad as-Sagʻoniyning ismiga qoʻshib aytiladigan «Asturlobiy» rutbasi uni asturloblar, umuman, astronomik jihozlar yasashda va ularni qoʻllashda mohir mutaxassis boʻlganidan dalolat beradi. Alloma astronomiyadan tashqari geometriyaga oid bir necha asarlarning muallifi hamdir.
Ibn al-Qiftiyning Ahmad as-Sagʻoniy haqidagi quyidagi fikrlari diqqatga sazovordir: «Abu Hamid Ahmad ibn Muhammad as-Sagʻoniy al-Asturlobiy oʻz vaqtida geometriya va astronomiya sohalaridagi aksariyat muvaffaqiyatlarning sohibi boʻlgan fozil olimlardan edi. Bagʻdodda astrolyabiyalar va boshqa astronomik jihozlar yasashda katta yutuqlarga erishgan. U yaratgan jihozlar oʻsha vaqtdagi astronomlarga yaxshi maʼlum boʻlgan. Uning bir qancha shogirdlari katta shuhrat qozonganlar va oʻz ustozlari bilan faxrlanganlar.
Ahmad as-Sagʻoniy qadimgi jihozlarni takomillashtirishda hech kim amalga oshira olmagan natijalarga erishgan». Ibn al-Qiftiy yana shularni maʼlum qiladiki, Bagʻdod hukmdori Adud ad-Davlaning oʻgʻli Sharaf ad-Davla (951 989) Bagʻdodni boshqargan yillarida u yerda rasadxona sifatida foydalanish uchun bir uy qurdiradi va unda quyosh va sayyoralar harakatini oʻrganish boʻyicha kuzatishlar oʻtkaziladi. Kuzatishlar natijasi yakunlaganda, Ahmad as-Sagʻoniy Quyoshning ikki burj boʻyicha botishini oʻz qoʻli bilan yozgan va baʼzi tuzatishlar kiritgan.
Ahmad as-Sagʻoniyning ilmiy merosi Beruniy, Ibn Iroq, ac-Sijjiziy kabi olimlar tomonidan hurmat bilan eslanishi, uning asarlari naqadar shuhrat qozonganligidan dalolat beradi. Jumladan, Beruniy oʻzining “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarining baʼzi yillari va davrlarini aniqlash qismida as-Sagʻoniy hisoblaridan foydalanganini aytadi. Beruniy xuddi shu asarida doiralar va nuqtalardan iborat kurralarni sathga aylantirish mumkinligi haqida gapirar ekan, shunday deydi: “Abu Hamid as-Sagʻoniy konuslar boshini ikkala qutbdan koʻchirib, uni oʻqlar boʻyicha qarab, kurraning ichiga yo tashqiga qoʻygan. Shunda kurra toʻgʻri chiziqlar, doiralar as-Sagʻoniy istagan kayfiyatda, yetarli va ortiqcha parchalar tashkil etgan. Bu ajoyib sathni undan oldin hech kim ishlamagan”.
Beruniy oʻzining “Geodeziya” asarida Ahmad as-Sagʻoniy qalamiga “Astronomiya ilmining qonunlari” («Kavaniyi ilm al-haya») kitobi mansubligini koʻrsatadi va unda as-Sagʻoniy 965-yili Bagʻdodning gʻarbiy tarafidan «Birkatu Zalazal» degan joyda diametri olti qarich va aylanasi besh minutlik boʻlimlarga taqsimlangan halqa yordamida oʻlchash olib borib, toʻliq ogʻishni 23 daraja 35 minut va Bagʻdodning kenglamasini 33 daraja 21 minut topganini taʼkidlaydi.
As-Sagʻoniyning “Osmon sferasini tekislikda tasvirlash” («Kayfiyyat tastiyh al-kura») risolasi Patna va Istambuldagi kutubxonalarda saqlanadi. Baʼzi manbalarda bu acap «Kitab at-tastiyh at-tamm» nomi bilan tilga olinadi. Risola oʻn ikki bobdan iborat boʻlib, unda osmon sferasining astrolyabiya sathida tasvirlanish masalalari ustida mulohazalar yuritiladi. Alloma yuqoridagilardan tashqari “Doira ichiga joylashtirilgan toʻgʻri tarafli yetti burchakning tomonini yasash” («Risola fi ʼamal dilʼ al-musabbaʼ al-mutasaviy fi ad-daira») va “Masofalar va hajmlar haqida” («Maqala fi-l-ajram») nomli (Parij va Damashqda saqlanmoqda) asarlarning muallifi hamdir. Oksforddagi Bodlean kutubxonasida olimning «Astrolyabiya plastinkalarida yasalgan coatlar haqida» («Fi as-saʼat al-maʼmula ala safaih al-asturlab») va “Meridian chizigʻini topish” («Istixraj xatt nisf an-nahar») risolalari mavjud. Fikrimizcha, “meridian chizigʻini topish” (Bodlean kutubxonasidagi inven. raqami MS. Thurston 3(f. 94)) risolasi olim asarlari roʻyxatiga hozirga qadar kiritilmay kelinmokda. Ac-Sijizziy nomini keltirgan “Burchakning uchga boʻlinishi” («Tasliys az-zaviyya») risolasi as-Sagʻoniyning bizgacha yetib kelmagan asarlaridan hisoblanadi.
As-Sagʻoniy 990-yili Bagʻdodda vafot etgan.
Manba: ziyouz.uz

Report Page