ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
ALEKSANDR POPOV
Gʻarbning tarixchilari radioning ixtirochisi sifatida italyan muhandisi Guglyelmo Markonini (1874-1937) eʼtirof etishadi. Boshqa tarixchilar esa radioni ilk bor rus fizika olim Aleksandr Popov ixtiro qilgan. Oʻz kashfiyotini u ilk marotaba namoyish qilganida 1895- yilning 7-mayi edi.
Aleksandr Popov 1859-yilning 16-martida Chor Rossiyasi, Perm guberniyasining, Turinskiye Rudniki shahrida tugʻilgan. Yoshligidan u mazkur davr uchun yangi istiqbolli soha boʻlgan — elektr va magnetizm bilan jiddiyroq qiziqadi va shugʻullanadi. 1873-yildan boshlab esa u Perm ilohiyot seminariyasida oʻqiy boshlaydi. 4 yil ichida barcha umumtaʼlim sinflarini tamomlab, Sankt-Peterburg universitetining fizika-matematika fakultetiga oʻqishga topshiradi. 1882-yilda, Popov universitetni namunali tamomlagach, Boltiq dengizi floti joylashgan Kronshtaddagi Minalashtirish zobitlari oliy maktabiga elektrotexnika va matematika oʻqituvchisi boʻlib ishga kiradi. Aynan shu yerda Popov elektromagnit signallar bilan tajribalar oʻtkaza boshladi.
1887-yildayoq olmon olimi Genrix Gers (1857-1894) tabiatda elektromagnit toʻlqinlarning mavjudligini ilmiy isbotlab bergan edi. Gerts oʻz tasdiqlarida ikkita asbobdan: elektromagnit toʻlqinlari manbasidan va ularni qabul qiluvchi registratordan foydalangandi. Gerts asboblari orasidagi aloqa faqat oʻta qisqa (masalan xona oʻlchamlarida) masofalardagina amalga oshardi. Genrix Gersning bu tajribalari haqida Popov 1 yildan keyin, yaʼni 1889-yili xabar topdi. Elektromagnit aloqa, yaʼni simsiz, xabar uzatish moslamasi Popovni jiddiy qiziqtirib qoʻydi va u oʻzining konstruksiyasini loyihalashga kirishdi.
Popov yasagan eng birinchi modeldagi radio qabul qilgich apparati “Momaqaldiroqni qayd etuvchi” deb nomlangan edi. Uni Popov birinchi marta 1895-yilning 7-may kuni rus imperial fizika-kimyo jamiyatida namoyish qildi. oʻshandan buyon, 7 may xalqaro radio kuni sifatida eʼtirof etilgan. Maʼlum diapazondagi tebranish toʻlqinlariga ega elektromagnit toʻlqinlari esa, radiotoʻlqinlar deb atala boshladi.
Tez orada Popov, oʻz ixtirosini yanada takomillashtirdi. U radiotoʻlqinlar orqali Morze alifbosi — nuqta va tireni uzatish va uni telegrafdagi kabi qogʻozga tushirib olish imkoniga ega boʻlgan yangicha apparatni yasadi. Dastlabki tajribani Peterburg universitetida amalga oshirdi. Uzatuvchi apparatni kimyo laboratoriyasiga, qabul qilgichni esa, fizika xonasiga joylashtirdi. Oraliq masofa — 250 metr. Jahon tarixidagi eng birinchi radiogramma oʻshnda uzatildi va qabul qilindi. Uning matni faqat ikki soʻzdan iborat boʻlib, unda “Genrix Gerts” deb yozilgan edi. Shu tarzda Aleksandr Popov, elektromagnit toʻlqinlar kashfiyotchisi boʻlgan olmon olimiga yuksak hurmat bajo keltirgan.
1897-yilga kelib esa, Popovning radiogramma boʻyicha tajribalari masofasi ancha uzaydi. U birinchi marta ochiq dengizda, kreyser bortida turib, qirgʻoq — Kronshtadtga radiogramma yubordi. Masofa 5- kilometrni tashkil qilardi.
Popovning ixtirosiga munosabat yakdil boʻlmagan. Tanqidchilar orasida bu ixtironi “kelajagi mavhum narsa” yoki, “amaliy ahamiyati yoʻq buyum” deganlar ham boʻlgan ekan... Biroq Popov oʻz kashfiyotining qoʻllanishi mumkin boʻlgan sohalarni, masalan, dengizchilikdaki navigatsiya ishlarini oʻrinli misol qilib keltirdi. Popovning ixtirosi, amalda katta manfaat keltirgan, 1899-yildagi “General-admiral Apraksin” zirhli kreyserining Fin koʻrfazidagi oqyatoshlarga urilib, falokatga duchor boʻlganida, uning ahamiyatini hamma tushinib yetdi. Fin koʻrfazi muzlab, “General-admiral Apraksin” pachoqlanib ketish xavfi ostida qolganda, uning bortidan yuborilgan qutqaruv radiosignallari, uning taqdirini hal qildi. Yordamga “Yermak” muzyorar kemasi yetib keldi va koʻp sonli dengizchilar hamda, strategik ahamiyatga ega kreyser hayoti saqlanib qolindi. 1900-yilda esa, Finlyandiyalik baliqchilarning kichikroq kemasiga oʻrnatilgan radiouzatkichdan olingan qutqaruv signallari tufayli, ularning Fin koʻrfazida halokatga uchragan kema koordinatalarini aniq topib borildi va 50 nafar baliqchilar oʻlimdan qutqarilib, omon-eson qirgʻoqqa eltildi.
Bu voqeadan soʻng Popovning ixtirosining qadri oshib ketdi. 1901-yilda, uning oʻziga ham Peterburgdagi imperator Aleksandr III Elektrotexnika institutining professori unvoni berildi. 1905-yilga kelib Popov mazkur institutning direktori etib tayinlandi. Ammo, uning mazkur lavozimlardagi faoliyati uzoqqa choʻzilmadi. Olim va ixtirochi Alkesandr Popov, 1906- yilning 13-yanvarida, miyaga qon quyilishi tufayli, 46 yoshida vafot etdi.
Tayyorladi: Imomov Xurshid

Report Page