ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
ABBOS IBN FIRNAS
Abbos ibn Firnas – uchar moslamani ixtiro qilgan birinchi odam
Odamlar azaldan qushlar kabi parvoz qilishni orzu qilgan.
Dunyo tarixida birinchi boʻlib uchar moslamani kim ixtiro qilgan va uni oʻzi muvaffaqiyatli sinagan? Bu savol koʻpchilikni qiziqtirsa kerak. Bu ishni birinchi boʻlib shoir, musiqachi, muhandis, olim va ixtirochi Abbos ibn Firnas amalga oshirganligini koʻpchilik bilmasa kerak. Uning toʻliq ismi Abul-Kasim Abbas ibn Firnas at-Takurini boʻlgan.
Abbos ibn Firnas 810-yilda Ronda shahrida joylashgan Andalusiya (Al-Andalus) - Musulmon Ispaniyada tugʻilgan berberlardan edi. U saroyda xizmat qilib, Abdurahmon II va Muhammad I xalifalarning homiyligidan bahramand boʻlgan.
Abbos ibn Firnas Kordoba xalifaligining poytaxtida yashagan. Oʻsha davrda Kordobada yarim millionga yaqin odam istiqomat qilgan. “Dunyo ziynati” deb nomlangan shahar taʼlim va ilm-fan markazi boʻlgan. Aholining aksariyati savodli edi; shaharda kitobxonlar foydalanishi uchun 70 dan ortiq kutubxonalar eshigi doimo ochiq boʻlgan.
Abbos ibn Firnas turli fanlarni mukammal oʻrgangan. Uni “Andalusiyalik donishmand” deb atashgan. Avvalida, u matematikani va keyinchalik oʻsha davrda matematikaning bir boʻlagi hisoblangan musiqani oʻrgangan va musiqiy ehtiyojlar uchun metronom asbobini yaratgan.
Keyinchalik, u “Al-Magata-Magata” deb nomlangan suv soatini ixtiro qilgan. Shuningdek, Abbos qumdan shisha tayyorlash texnologiyasini ishlab chiqqan (undan oldin shisha tayyorlash sirini faqat misrliklar bilgan). Natijada, Ispaniya Misrdan shisha sotib olishni toʻxtatdi va oʻzi shisha ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. Shundan soʻng, ibn Firnas lupani ixtiro qildi. Koʻp vaqt oʻtmasdan hozirgi kunda mashhur planetariy - Quyosh tizimining modelini yaratdi. Ushbu modelda nafaqat sayyoralar aylanadi, balki osmon boʻylab bulutlar suzib yuradi, momaqaldiroq gumburlaydi va chaqmoq chaqadi.
852-yilda u patlar va matolardan soyabonga oʻxshash moslama yasadi va Kordobadagi Buyuk masjid minorasidan yerga sakradi. Uning ixtirosi yerga tushish tezligini pasaytirgan. Abbos ibn Firnasning ushbu ixtirosi parashyutga oʻxshash birinchi moslama boʻlgan.
Ammo, Andalusiyalik ixtirochi Abbos ibn Firnas eng katta shon-sharafga birinchi boʻlib uchar moslamani ixtiro qilgan va uni oʻzi muvaffaqiyatli sinagan birinchi odam sifatida erishgan. Ushbu moslamani yaratish uchun u yigirma yil harakat qildi.
875-yilda oʻz maqsadiga erishdi va uchar moslamani ishlab chiqdi. Bu havoda parvoz qila oladigan, ipak mato qoplangan qanotli ramka edi. U oʻzining ixtirosida Jabal al-Arus deb nomlangan tepalikdan parvoz qildi. Havo oqimi olimni parvoz etishiga imkon yaratdi. Minglab odamlar koʻz oʻngida u oʻn daqiqa davomida havoda parvoz qildi. Bu parvoz Kordoba aholisida oʻchmas taassurot qoldirdi. Shunday qilib, Abbos birinchi boʻlib uchar moslama ixtiro qilgan va uni oʻzi muvaffaqiyatli sinagan inson sifatida tarixda qoldi.
Abbos ibn Firnas 887-yilda vafot etdi.
Insoniyat Islomning shon-sharafini yaratgan “oltin davr” olimlarini bilishi kerak. Oʻrta asrlarda Yevropada “qorongʻulik” hukm surgan bir paytda, musulmon mamlakatlarida ilm-fanning turli sohalari jadal rivojlangan edi.
Mubolagʻasiz aytish mumkinki, oʻsha davrdagi musulmon sivilizatsiyasi jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga asos boʻlib xizmat qilgan. Biz dindoshlarimizning bunday yutuqlari bilan nafaqat faxrlanishimiz, balki oʻzimiz uchun kerakli saboq olishimiz va hech qachon esdan chiqarmasligimiz kerak.
Islom dini bir paytlar savodsiz va qoloq boʻlgan: arablar, berberlar, turklar va boshqa xalqlarni yuksaltirgan.
Oʻsha davrda musulmonlar oʻz dinlariga qattiq eʼtiqod qilganlar, chin dildan Allohga imon keltirib unga tavakkal qilganlar. Shuning uchun ham Alloh ularni qoʻllab-quvvatlagan. Biz dinimizni yodda tutib, uning koʻrsatmalarini soʻzsiz bajarib, Allohga chinakamiga eʼtiqod qilib, insoniyat kashf etgan narsalarni oʻrganishimiz va zamonaviy ilm-fanga oʻz hissamizni qoʻshishimiz uchun Alloh yoʻlida tinmay harakat qilishimiz zarur.
Belorusiyaning bosh muftiysi Ali Voronovich.
Manba: islam.by

Report Page