ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
NIKOLAY KOPERNIK
Nikolay Kopernik 1473-yilning 19-fevralida Polshaning Toruni shahrida tavallud topdi. Uning otasi savdogar boʻlib, bu shaharga Germaniyadan koʻchim kelishgan edi. Nikolay Kopernik oilada toʻrtinchi farzand boʻlgan. Oʻn yoshgacha Nikolay Kopernik farovon hayot kechirdi. Uning otasi oʻlat epidemiyasidan vafot etganidan soʻng Boloniyaga koʻchib oʻtadi.
Aynan Boloniyada Kopernik astronomiyaga boʻlgan qiziqishlarini oʻzining ilmiy faoliyatiga asos boʻladigan darajada shakllantirdi. 1497 yil 9 mart oqshomida astronom Domeniko Mari Novara bilan birgalikda Nikolay Kopernik oʻzining eng dastlabki ilmiy astronomik kuzatishlarini olib bordi. Bu kuzatishdan keyin Kopernik Oyning kvadraturada joylashgan vaqtidagi yerdan uzoqlik masofasi, yangi oy, yoki toʻlin oy vaqtidagilar bilan bir xil ekan. Universitetda oʻrgatilgan Ptolomey taʼlimoti faktlari bilan bunday nomuvofiqlik Nikolay Kopernikni chuqur ilmiy mulohazalar qilib koʻrishga undadi.
1500-yilda Nikolay Kopernik qisqa muddatda Polshaga qaytadi. Lekin u tezlik bilan yana Italiyaga yoʻl olib, Paduya universitetining tibbiyot boʻlimiga oʻqishga kiradi. Bir vaqtning oʻzida u Ferrara universitetida ilohiyot fanlari doktori unvoniga sazovor boʻladi.
Nikolay Kopernik har tomonlama maʼlumotli va oʻqimishli kishi sifatida 1503 yilda vataniga qaytdi. Oʻzining Italiyada boshlagan astronomik kuzatishlarini Lidzbarkda cheklangan miqyosda davom ettirgan Kopernik, Fromborkda ularni jadal va keng ravishda davom ettirdi. Lekin, bu hududning shimolga xos katta kenglikda joylashganligi, Visla qoʻltigʻi tez-tez tufayli yuzaga keluvchi tumanlik hamda osmonning muttasil bulutli boʻlishi Kopernikning tadqiqotlariga jiddiy xalal berardi.
Kopernik kuzatuvlar olib borgan vaqtda hali teleskop kashf qilinmagan edi. Hattoki teleskopgacha boʻlgan eng ilgʻor va aniq astronomik kuzatuv usullari hisoblangan Tixo Bragening uskunalari ham Kopernikda boʻlmagan. Uning kuzatuvlari uchun qoʻllagan asboblaridan biri “Trikvertum” nomli parallaks oʻlchovchi uskuna boʻlsa, ikkinchisi ekliptikaning ogʻish burchagini aniqlash uchun qoʻllagan “Goroskopiy” nomli uskuna boʻlib, quyosh soatlari, hamda kvadratning bir turi boʻlgan.
Yaqqol qiyinchiliklarga qaramasdan, taxminan 1516-yilda yozilgan “Kichik izoh” risolasida, Nikolay Kopernik oʻzining taʼlimotini, toʻgʻrirogʻi hali gipoteza koʻrinishida boʻlgan olamshumul gʻoyalarini bayonini keltirdi. Bu asarda u, gʻoyalar uchun matematik isbotlashlar keltirishga urinib oʻtirmadi, chunki, Kopernikning rejasi boʻyicha, taʼlimotning toʻliq bayoni va uning matematik isbotlashlari kattaroq va mukammalroq asarda batafsil yozilishi kerak boʻlgan.
XVI asrning 20-yillarda olim oʻzining eng samarali astronomik izlanishlarini amalga oshirgan. 1523 yildagi sayyoralar qarama qarshiligi, yaʼni, sayyoraning osmon sferasida quyoshga nisbatan qarama qarshi joylashishi vaqtida Kopernik muhim kashfiyotni ochishga muvaffaq boʻldi. Kopernik, sayyoralar orbitasining fazodagi holati qoʻzgʻalmas ekanligi haqidagi fikrni inkor qilib, uni 1300 yildan beri kuzatilayotgan va “Almagest” asarida Ptolomey taʼkidlab ketgan maʼlumot apsidning — toʻgʻri chiziq boʻlib, uning fazodagi holatini aslo oʻzgartirmasligi haqidagi taʼlimotning aksini isbotlash orqali izohlab berdi. Kopernikning aniqlashiga koʻra, sayyoraning apsid chizigʻining vaziyati oʻzgarib turardi.
Lekin, Nikolay Kopernikning hayotidagi eng asosiy ilmiy gʻoyalari 1530 — yillarda paydo boʻldi. Bu paytga kelib u “Osmon sferalarining aylanishi” nomli ilmiy asarini yozish ustida edi. oʻsha vaqtlarda deyarli bir yarim ming yildan buyon ilmiy jamoatchilik ongida mustahkam oʻrnashib qolgan tushuncha — olam tuzilishning Geosentrik taʼlimoti barcha oʻquv yurtlarida va diniy muassasalarda asosiy va eng toʻgʻri taʼlimot sifatida qaralar edi. Qadimgi yunon olimlari Klavdiy va Ptolomeylar asos solgan mazkur taʼlimotga binoan, Olam markazida Yer sayyorasi qoʻzgʻalmasdan turar, boshqa sayyoralar, va hattoki Quyosh ham yer atrofida aylanishar edi. Mazkur taʼlimot astronomiya boʻyicha koʻplab hodisalarni tushuntirish imkonini berar edi, xususan, sayyoralarning osmon gumbazi boʻylab egri chiziqli harakatini, oy va quyoshning kundalik chiqib, yana botishi kabi tabiat hodisalari, Ptolomey va Klavdiylarning geosentrik nazariyasiga koʻra izohlanar edi. Bu taʼlimot shuningdek katolik cherkovi tomonidan ham maʼqullangan boʻlib, din nuqtayi nazaridan ham eng toʻgʻri deb qaralgan.
Kopernikka qadar ham, qadimgi yunon olimi Aristarx Yerning Quyosh atrofida aylanishini taʼkidlagan boʻlib, lekin u ilmiy jamoatchilik oldida oʻz gʻoyalarini isbotlashga muvaffaq boʻla olmagan edi.
Osmon jismlarining harakatini kuzatib borib, Kopernik Ptolomey nazariyasi notoʻgʻri ekanligi haqida xulosa chiqardi. 30 yillik mashaqqatli mehnat va muttasil kuzatuvlar, hamda murakkab matematik hisoblashlardan soʻng, Nikolay Kopernik Yer ham oddiy sayyoralardan biri ekanligini, va barcha sayyoralar, shu jumladan, Yer ham Quyosh atrofida aylanishini ilmiy isbotlab berdi. Toʻgʻri, u hali yulduzlar qoʻzgʻalmas va harakatsiz ravishda osmon sferasining eng chetki sirtida va Yerdan juda uzoq masofalarda joylashgan deb hisoblashda davom etardi. Lekin u oʻz zamonasi uchun olamshumul gʻoyani oʻrtaga tashlagan edi.
Yer va boshqa sayyoralar — Quyoshning yoʻldoshlari ekanligini va uning atrofida aylanishini aniqlab, Kopernik, Quyoshning osmon sferasi boʻylab harakatini va baʼzi sayyoralarning ajablanarli va tushunarsiz harakatlanishi sabablarini, hamda, osmon holatining oʻzgarishi hodisalarini ilmiy izohlab berdi. Kopernik, sayyoralar harakatini Yerdagi jismlar harakati kabi mantiqdan kelib chiqib tushuntirib boʻlmasligini taʼkidlab, oʻzimiz ham yer bilan birga harakatda boʻlganimizda va sayyoralarning ham harakatda ekanligiga eʼtibor berish zarurligini taʼkidlaydi. Kopernikning fikridan iqtibos:
Masalan, biz qayiqda daryo boʻylab suzayotganimizda, bizga qayiq va oʻzimiz harakatsiz turgandek, daryo qirgʻoqlari esa teskari tomonga harakatlanayotgandek tuyuladi. Xuddi shunga oʻxshab, yerdagi kuzatuvchiga ham Yer harakatsizdek va Quyosh uni atrofida aylanayotgandek tuyiladi. Lekin aslida Yer Quyosh atrofida aylanadi va bir yilda oʻz orbitasi boʻylab toʻliq bir marta aylanib chiqadi
Nikolay Kopernik astronomik tadqiqotlardan tashqari tibbiy bilimlarni ham puxta egallagan boʻlib, 30 yillarga kelib u mahoratli hakim sifatida ham dong taratgan edi. U Paduyada olgan tibbiy bilimlarini, keyinchalik ham mustaqil rivojlantirib borib, koʻplab zamondosh mashhur insonlarni — Prussiyaning Gertsoglik va Qirollik amaldorlarini, cherkovning koʻzga koʻringan namoyondalarini, xususan Tideman Gize, Aleksandr Skuletti kabilarni xavfli va yuqumli kasalliklardan davolashga muvaffaq boʻldi. Shuningdek, Kopernikning oddiy fuqaroga ham koʻrsatgan doimiy tibbiy yordami haqida polyak xalqida koʻplab ijobiy xotiralar saqlanib qolgan. U oʻz davolash tamoyillarida, dori vositalarining taʼsir qilish mexanizmlarini aniqlashga va bemorlarning umumiy ruhiy ahvolini doimiy kuzatib borishga asoslangan, ijodiy yondashuvga tayanar edi.Umrining soʻngida qadar ham olim oʻz ilmiy faoliyatini susaytirgani yoʻq. 1542 yilda uning “Ham tekislikdagi ham fazodagi uchburchakning burchaklari va tomonlari” haqidagi asari va unga ilova tarzidagi sinuslar va kosinuslar jadvali, Vittenbergdagi nashriyotlarning birida chop etildi. Afsuski olim, oʻzining eng katta ilmiy ishi — “Osmon sferalarining aylanishi haqida” asarining chop etilishi va tarqalishini koʻra olmadi. Uning doʻstlari mazkur asarning Nyurnberg nashriyotlarining birida chop etilgan dastlabki nusxasini keltirib koʻrsatishganida olim bir necha daqiqa avval vafot etib boʻlgan edi. Bu voqea 1543 yilning 24 may kuni sodir boʻldi...
Katolik cherkovi korchalonlari ularning diniy taʼlimotlari uchun Kopernik asarlari qanchalik jiddiy zarba berishini anglab yetishgunicha bu buyuk risolalar Yevropa uygʻonish davri olimlari orasida erkin va juda tez tarqalib ulgurdi. Ularda ilgari surilgan olamshumul gʻoyalar tez orada oʻz ixlosmandlarini topdi va Kopernikning izdoshlar paydo boʻldi. Kopernikning olam markazida Quyosh turishi va boshqa sayyoralar, shu jumladan Yer ham uning atrofida aylanishi haqidagi “Geliosentrik” taʼlimoti, fanda oʻziga xos yangi davrni boshlab berdi. Butun boshli yangi ilmiy yoʻnalish shakllandi. Ammo bunday gʻoyalar oʻsha davr Yevropa odamlari hayotida juda katta oʻrin tutgan nasroniy dini va ayniqsa katolik cherkovining kundalik uqtirishlariga, gʻoyaviy — mafkuraviy tamoyillariga butunlay teskari boʻlib, diniy nuqtayi nazardan Kopernik taʼlimoti va uning asarlari “bidʼat” deb eʼlon qilindi. Kopernik kitoblari cherkov tomonidan taʼqiqlangan “Indeks”ga kiritilib, tarqatish va oʻqish uchun jiddiy ravishda man etildi. Faqat 1835-yilga kelibgina Rim papasi, olimning ilmiy gʻoyalarini cherkov tomonidan tan olinganligidan dalolat beruvchi “Nikolay Kopernikni oqlash va uning asarlarini maʼqullanmagan kitoblar “indeksi”dan chiqarish” hukmni eʼlon qildi.
Tayyorladi: Imomov Xurshid

Report Page