ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
ANDRE-MARI AMPER 
Andre-Mari Amper (1775-1836) Lion yaqinidagi otasiga qarashli, katta boʻlmagan Polemye yer-mulkida tavallud topdi. U hali maktabga bormay turib ham oʻqish va arifmetikani mustaqil oʻzlashtirib olgan ekan. U otasining kutubxonasida nimaiki topsa, bir boshdan oʻqib chiqavergan. 14 yoshida esa “Farang ensiklopediyasi”ning barcha 28 jildini oʻqib boʻlgan. Amper fizika va kimyo fanlariga alohida qiziqish bilan yondoshgan.
U 1802-yildan butun hayotini bagʻishlagan pedagogik faoliyatini boshlab yubordi.
1804-yilning oxirlarida Amper Liondan Parijga koʻchib oʻtadi va mashhur politexnika maktabida oʻqituvchi boʻlib ishlay boshlaydi. 1807-yilda Andre-Mari Amper Parij politexnika maktabining professori unvoniga ega boʻldi. Ayni shu davrda olimning ilmiy tadqiqotchilik faoliyati ham boshlanib ketdi. Amalda 1820-yilgacha Amperning barcha ilmiy izlanishlari matematika, kimyo va mexanikaga tegishli boʻlgan. Chunonchi u Avogadrodan mustaqil ravishda, turli xil gazlarning molyar hajmining teng ekanligi qonunini kashf etgan edi. Taʼbir joiz boʻlsa, biz oʻrganib qolgan Avogadro qonunini ham, Avogadro — Amper qonuni deb atasak adolatdan boʻlar edi. Shuningdek Amper, Mendeleevdan ancha avval, kimyoviy elementlarning xossalariga asoslangan tasniflanishini tuzishga kirishgan edi.
1820-yilda u toklarning ponderomotor oʻzaro taʼsirlashuvi haqidagi kashfiyoti haqida Parijdagi Fanlar Akademiyasiga maʼlumot berdi. Amper oʻz kashfiyotini “Elektrodinamik taʼsirlashuv” deb nomladi. Aniqroq aytganda, Amper oʻz kashfiyoti haqidagi ilk maʼruzasida, toklarning oʻzaro taʼsirini “Voltaik tortishish va itarilish” deb nomlagan boʻlsa-da, keyinchalik, asta-sekinlik bilan, shunchaki “elektr toklarining tortilishi va itarilishi” deb atay boshladi. 1822-yildan boshlab esa, u “Elektrodinamik” atamasini qoʻllashni boshladi.
U shunday degan edi: “Tok oqib oʻtayotgan oʻtkazgich magnitga aylanib qolmaydi, aksincha, magnit — toklar toʻplamini oʻzida namoyon qiladi “.
1820-yildan 1826-yillar orasida Amper elektrodinamika boʻyicha qator fundamental ilmiy nashrlarni chop ettiradi va Fanlar Akademiyasining har bir majlisida ushbu mavzuda maʼruzalar oʻqiydi. 1826-yilda esa, uning elektrodinamika boʻyicha yakuniy fundamental va mumtoz asari — “Mutlaqo tajriba yoʻli bilan keltirib chiqarilgan elektrodinamik hodisalar nazariyasi” nashrdan chiqdi.
Amper kashf qilgan, tok oʻtkazayotgan oʻtkazgichlarning magnit maydoni bilan oʻzaro taʼsir effekti, fan va texnikaning keyingi taraqqiyotida muhim burilish yasagan buyuk kashfiyot edi. Ushbu effekt tufayli elektr va elektr maydonining fizik xususiyatlariga asoslangan qurilma va asboblarning paydo boʻlishi va inson mehnatini misli koʻrinmagan darajada yengillashishiga sabab boʻldi. Bu borada, birgina elektrodvigatelning oʻzi texnika taraqqiyotida qanday muhim ahamiyat kasb etishini tasavvur qilish kifoya. Elektr rele, va boshqa elektr nazorat — oʻlchov asboblari haqida gapirib oʻtirish esa ortiqcha boʻlsa kerak...
Manba: www.orbita.uz

Report Page