ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
ABU ISO AT-TERMIZIY
Uning toʻliq ismi Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn az-Zahhoq Abu Iso as-Sullamiy az-Zariyr al-Bugʻiy at-Termiziy boʻlib, hijriy 209 (milodiy 824) yili Termiz yaqinidagi Bugʻ (hozirgi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududida joylashgan) qishlogʻida oʻrta hol bir oilada tavallud topgan. Markaziy Osiyolik mashhur tarixchi Abu Saad Abdulkarim as-Samʼoniy (1113-1167) at-Termiziy Bugʻ qishlogʻida vafot etganligi uchun al-Bugʻiy taxallusi bilan ham atalganini, olimning koʻp yigʻlaganidan umrining oxirlarida koʻzi ojiz boʻlib qolganligidan az-Zariyr (koʻzi ojiz) taxallusini olganligini ham qayd qiladi.
Lekin el orasida at-Termiziy nomi bilan mashhur boʻlishiga sabab uning butun hayoti va faoliyati (yoshligidan boshlab) Termiz shahri bilan chambarchas bogʻliq boʻlganligidan, shuningdek, olim tugʻilgan Bugʻ qishlogʻi Termiz shahriga yaqin boʻlib, maʼmuriy-idoraviy jihatdan unga mansub qishloqlardan ekanligidan deb izohlash mumkin.
At-Termiziyning oilasi va ota-onasi haqida manbalarda aniq maʼlumotlar keltirilmagan. Tarixchilar uning “Bobom asli marvlik edi, u kishi Lays ibn Sayyor zamonida yashagan, soʻng u yerdan Termizga koʻchib kelgan”, — degan fikrini keltirish bilan chegaralanadilar. Shuningdek, at-Termiziyning koʻzi ojizligi xususida ham yozma manbalarda turli-tuman maʼlumotlar keltirilgan. Baʼzi mualliflar uni tugʻma koʻzi ojiz boʻlgan desa, koʻpchilik mualliflar olimning keyinchalik, umrining oxirlarida koʻzi ojiz boʻlib qolganligini yozadilar.
At-Termiziy yoshligidan oʻta tirishqoq, idrokli va zakovatli boʻlganligi bois oʻz tengdoshlari ichida ajralib turgan. Ilmga oʻta qiziqishi tufayli oʻsha davrning koʻpgina ilmlarini, ayniqsa, hadis ilmini chuqur egallagan. Termiz, Samarqand, Marv va Markaziy Osiyoning boshqa yirik shaharlarida istiqomat qilgan mashhur ulamo va muhaddislar asarlarini qunt bilan oʻrgangan, qoʻshni Balx va Hayraton shaharlaridagi ilm ahllari bilan ilmiy aloqalar oʻrnatilishiga munosib hissa qoʻshgan olimlardan biridir. Yoshligidan ilm-fanga tashna at-Termiziy 850 yildan, yaʼni yigirma olti yoshidan boshlab uzoq yurtlarga, qator xorijiy mamlakatlar va shaharlarga safar qiladi. Jumladan, u Hijozda — Makka va Madina, Iroq, Xurosonning qator shaharlarida koʻplab muhaddis, ulamolar bilan muloqotda boʻlib, ulardan taʼlim oladi, qizgʻin ilmiy munozara va bahslarda ishtirok etadi. Tarixchi Shamsuddin az-Zahabiyning taʼkidlashicha, at-Termiziy Misr va Shomni shaxsan ziyorat qilmagan, shu boisdan ham bu mamlakatlar ulamolaridan bilvosita hadislar rivoyat qilgan. Uzoq yillar davom etgan safarlari chogʻida at-Termiziy nafaqat hadis ilmidan, balki ilm al-qiroat, al-bayon, fiqh, tarix kabi fanning boshqa sohalari hamda koʻplab ustozlardan saboq oladi.
Shu bilan bir qatorda at-Termiziy paygʻambar alayhissalom hadislarini toʻplashga alohida eʼtibor bilan qaraydi. Bu borada u har qanday qiyinchiliklarga bardosh beradi. U oʻzi oʻqigan yoki biror roviydan eshitgan hadisini alohida qogʻozlarga qayd etib borar, ularning asli va isnodini izchillik bilan aniqlab toʻgʻriligiga toʻliq ishonch hosil qilsagina maxsus qogʻozlarga qayd etardi. Hadislarning toʻgʻriligiga shubha boʻlganda ularni alohida ajratib yozardi. Shu tariqa hadislar sahiyh (toʻgʻri, ishonchli), hasan (yaxshi, maʼqul), zaiyf (boʻsh, ishonchsiz), gʻariyb (gʻalati) kabi xillarga ajratilgan.
Hadis ilmini egallashda va takomillashtirishda imom at-Termiziy oʻz davrining mashhur muhaddislaridan tahsil oldi. Uning ustozlaridan Imom al-Buxoriy, Imom Muslim ibn al-Hajjoj, Abu Dovud, Qutayba ibn Saʼid, Ishoq ibn Muso, Mahmud ibn Gʻiylon, Said ibn Abdurrahmon, Muhammad ibn Bashshor, Ali ibn Hajar al-Marvaziy, Ahmad ibn Muniyʼ, Muhammad ibn al-Musanno, Sufyon ibn Vaqiyʼ va qator taniqli muhaddislarni koʻrsatish mumkin.
Imom at-Termiziy oʻz davrining yetuk muhaddisi sifatida koʻpgina shogirdlarga ustozlik ham qilgan. Uning shogirdlaridan Maqhul ibn al-Fazl, Muhammad ibn Mahmud Anbar, Abu ibn Muhammad an-Nasafyun, Hammod ibn Shokir, Xaysam ibn Kulayb ash-Shoshiy, Ahmad ibn Yusuf an-Nasafiy, Abul-Abbos Muhammad ibn Mahbub a
l-Mahbubiy kabi yetuk olimlarni koʻrsatish mumkin. Yuqorida koʻrib oʻtganimizdek, at-Termiziyning ustoz va shogirdlari orasida turli mamlakat va elat vakillari borligi sezilib turibdi. Shu nuqtai nazardan qaralganda, uzoq oʻtmishda ham ilm-fanning taraqqiyoti va maʼrifat urugʻlarini tarqatish borasida turli oʻlkalarning vakillari yakdil boʻlib faoliyat koʻrsatib samarali hamkorlik qilganliklari, umumbashariy qadriyatlar ravnaqi yoʻlida haqiqiy baynalmilallik ruhi mavjud boʻlganligi hozirgi davrimiz uchun ham ibratli bir holdir.
At-Termiziy zehnining oʻtkirligi hamda quvvai-hofizasi kuchliligi xususida tarixiy manbalarda koʻplab misollar, rivoyatlar keltiriladi. Jumladan, arab tarixchisi Shamsuddin az-Zahabiyning (1274-1347) “Tazkirat ul-huffoz” (“Hofizlar haqida tazkira”) nomli asarida quyidagi hikoya keltiriladi: Abu Iso Muhammad at-Termiziy Makkaga hajga borayotganida yoʻlda mashhur muhaddislar bilan muloqotda boʻladi va ularning biridan hadislardan saboq berishini iltimos qiladi. U olim: “Boʻlmasa qogʻoz-qalam ol”, degan. Aksiga olib shu payt at-Termiziy qalam topa olmagan va olim roʻparasida oʻtirib eshitgan hadislarini yozib olayotgandek qogʻoz ustida qoʻlini harakat qildiravergan. Olim esa turli-tuman hadislardan yetmishga yaqinini hikoya qilgan. Shu orada olim qogʻozga qarab unda hech qanday yozuv yoʻqligini koʻrgan va at-Termiziyning bu ishidan jahli chiqqan. At-Termiziy shunda bamaylixotir “Siz aytgan hadislaringizni yoddan aytib beraymi?”, — deganu hozirgina olimdan eshitgan hadislarning hammasini birin-ketin takror aytib bergan. At-Termiziyning xotirasi kuchliligidan oʻsha olim hayratga tushib qoyil qolganligini bildirgan.
Bu xususda yana bir hikoya at-Termiziyning soʻziga asoslanib keltiriladi: Makkaga ketayotganimda bir shayx toʻplagan hadislardan ikki qismini yozib olgan edim. Tasodifan oʻsha shayx bilan uchrashib qoldim. Yozib olingan hadislar mazmunan ularga oʻxshash-u, biroq boshqa hadislar ekan. Salom-alikdan soʻng hadislarni aynan uning oʻz ogʻzidan eshitishni iltimos qildim. U rozi boʻlib, hadislarni hikoya qila boshladi. Keyin menga qarab qoʻlimdagi oq qogʻozni toza, yaʼni hech narsa yozilmagan holda koʻrgach: “Bu qiligʻing uchun mendan uyalmaysanmi?”, — dedi. Men maʼzurona holda bor haqiqatni aytib: “Siz hikoyat qilgan hadislarning hammasini yoddan bilaman”, dedim va uni birin-ketin soʻzma-soʻz aytib berdim. Shayx esa soʻzlarimga ishonqiramasdan “Nima, mening huzurimga kelishdan oldin ularni maxsus yodlagan edingmi?”, — dedi. “Yoʻq”, deb javob qilib: “Agar soʻzlarimga ishonmasangiz, boshqa hadislardan ayting”, dedim. Shunda u oʻzining gʻaroyib hadislaridan qirqtasini hikoya qildi. Men unga ularni ham boshdan oxir birma-bir aytib berdim. Shunda u: “Senga oʻxshaganini hech qachon koʻrmagan edim”, — dedi.
At-Termiziy koʻplab xorijiy mamlakatlarga qilgan safar chogʻida hadislarni toʻplab, kitoblar taʼlif qilishga ham kirishgan. Safardan qaytgach, olimu fuzalolar bilan ilmiy munozaralarda qatnashadi, koʻplab shogirdlarga ustozlik qiladi. Ayniqsa, mashhur muhaddis alloma al-Buxoriy bilan koʻplab ilmiy bahslar yuritib undan istifoda qiladiki, bu haqda at-Termiziy oʻzining “Al-Ilal” kitobida ham yozadi. At-Termiziyning koʻpchilik tasniflari, jumladan, uning mashhur asari “Al-Jomiʼ” ham oʻz vataniga qaytganidan keyin yaratilgan. Imom at-Termiziy 892 yilda Termiz yaqinidagi Bugʻ qishlogʻida vafot etgan va shu joyda dafn qilingan.
Oʻz ijodiy faoliyati davrida at-Termiziy oʻndan ortiq asarlar yaratdi. Uning madaniy merosida, shubhasiz, “Al-Jomiʼ” asari katta ahamiyatga egadir. Bu asar “Al-Jomiʼ as-sahiyh” (“Ishonchli toʻplam”), “Al-Jomiʼ al-kabiyr” (“Katta toʻplam”), “Sahiyh at-Termiziy”, “Sunan at-Termiziy” (“Termiziy sunnatlari”) nomlari bilan ham yuritiladi.
Muallifning yirik asarlaridan yana biri “Ash-shamoil an-nabaviyya” (“Paygʻambarning alohida fazilatlari”)dir. Bu asar “Ash-shamoil muhammadiyya”, “Ash-shamoil fi shamoil an-nabiy sallollohu alayhi vassallam” nomlari bilan ham ataladi. Ushbu asar Saudiya Arabistonida istiqomat qilgan vatandoshimiz Said Mahmud Taroziy (u 1992 yili vafot etgan) tomonidan oʻzbekchaga oʻgirilgan (arab alifbosida va kirillchada Toshkentda bir necha bor nashr qilingan). “Kitob at-taʼrix”, “Kitob al-ilal as-sagʻiyr va al-ilal al-kabiyr”, “Kitob uz-zuhd” (“Taqvo haqida kitob”), “Kitob al-asmo val-kuna” (“Roviylarning ismi va laqablari haqida kitob”), “Al-ilal fil-hadiys” (“Hadislardagi illatlar yoki ogʻishlar haqida”), “Risola fil-xilof val-jadal” (“Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola”), “Asmo us-sahoba” (“Paygʻambar sahobalarining ismlari”) shular jumlasidandir.
Manbalar: Ubaydulla Uvatovning “Ikki buyuk donishmand” (“Sharq” NMAK, Toshkent, 2005) kitobidan olindi.


Report Page